محتوى المنشور
Ishq va dard Insonni yo kuchli ishq yoxud kuchli dard shoir qiladi. Dastavval “telba qiladi” deb yozmoqchi edim, oʻylab qarasam, shoirlik ham telbalikning bir koʻrinishi ekan. Har ikki shoxni hissiyot daraxti ushlab turadi. Hissiyot sabab shoirning koʻngil bogʻida “ijod” kurtaklari yozilib, “she’r” mevalari hosil boʻladi. Shoirlarning kuchli va zaif tomoni — hissiyotdir. Nimalarnidir kimlardandir kuchliroq his qilish ba’zan unga muhabbat, ba’zida esa ogʻriq beradi. Biroq buni shoir hal qilmaydi. Taqdir atalmish peshonasiga nelar bitilgan boʻlsa, qismatiga koʻnib, hislarini oqqa toʻkadi. Hislarning qiymati qadrsizlanib borayotgan bu davrda his qila olish ham ulkan ne’matdir. Biroq shoir his etgandagina emas, his ettira olgandagina oʻz vazifasini ado etgan hisoblanadi. Shoir jismida yashamaydi. U qalblardan qalblarga, tillardan tillarga, insonlardan insonlar koʻchib hayot kechiradi. She’rlari unutilgan kuni — shoirning ham oʻlgan kunidir!