محتوى المنشور
Sham Agar sham yonmasa, u ham uzoq muddat yashashi mumkin. Lekin bu uzoq hayot oʻzining va oʻzgalarning butun umr zulmatda yashashlari evaziga boʻladi. Shu sababli, baribir bir kuni yoʻqlikka mahkum boʻlishini bilgan sham oʻz hayotini tikib boʻlsa-da, yonib, atrofga nur va ziyo ulashib yashashni tanlaydi. Biroq bir masala bor. Shamning yonishi uning qoʻynidagi ipga bogʻliq. Oʻz ipiga. Uzoq yashashni istagan ip zulmatni tanlaydi va shamni oʻchirishga harakat qiladi. Zulmat qancha uzoq boʻlsa, ip ham shuncha uzoq yashaydi. Oʻzini oʻylagan ipni esa na oʻzining, na shamning va na oʻzganing zulmat hayoti qiziqtiradi. Anglamaydiki, sham yonsa ham, yonmasa ham ip-da bir kun hechlikka yoʻgʻriladi. Shunda uning oʻtkazgan hayoti haqida soʻralishi bor. Modomiki, qadar uni bir shamning bagʻriga joylagan ekan, unda ipning vazifasi ham shamni yoqishdir, oʻchirish emas. Oʻz hayotini oʻylab, xalq hayotini zulmatda qoldirishga tayyor iplarga Robbim insof bersin. Xalqning ham koʻzlarini ochsinki, sham umrini koʻrlarning hayotini yoritish uchun sarf etmasin.