محتوى المنشور
Kitobdan: Roviylar derlarki, bir shaharning meshkobchisi taqvodor donishmandga arz qilibdi: “Oʻgʻlingiz har kuni bigiz bilan meshlarimni teshyapti. Sizday ulugʻ odamning farzandiga shu ish munosibmi?” Donishmand mulzam boʻlib, uzr soʻrabdi, meshlarning haqqini toʻlabdi-da, xotinini chaqirib voqeani bayon qilibdi. Soʻng “Biz bolamizga bunday tarbiya bermagan edik. Luqmasiga harom aralashib qolmadimi ekan?” – deb soʻrabdi. Xotini picha oʻylagach: “Ey xojam, siz nima topib kelgan boʻlsangiz, biz oʻshanigina yeymiz. Bizdan gumoningiz nooʻrindir”, – debdi. Donishmand esa: “Men uyga harom luqma keltirganimni eslay olmayapman. Tongga qadar yana oʻylaylik”, – debdi. Tongda xotini aybdor odamning siniq ovozi bilan debdi: “Ey muhtaram xojam, bir voqeani bexos yodladim: shu bolaga homilador ekanimda mehmonga borib edim. Dasturxon noz-neʼmatga toʻla edi. Undagi poʻrtaxol (apelsin) ishtahamni qitiqlab, nafsimni oʻzimga hukmron qilib qoʻydi. Eshitib edimki, homiladorlik chogʻida ayol yegisi kelgan narsadan tatib koʻra olmasa, bolasi nogiron boʻlib tugʻilmogʻi mumkin ekan. Mezbon nechundir “oling, yeng” demadi. Nafsim esa tinchimadi. Oqibat, mezbon chiqib ketgach, poʻrtaxolni qoʻlimga olib, toʻgʻnagʻich ignasi bilan asta teshdim-da, bir tomchi sharbatini simirdim. Soʻrab olinmagani uchun balki shu luqma harom boʻlgandir?” Xotinining iqrorini eshitgan taqvodor donishmand: “Ha, barakalla! Anglab yetibsiz. Siz oʻn yil avval rizoliksiz qoʻlga olgan kichkina poʻrtaxol bugun katta meshga, toʻgʻnagʻichingizning kichkina ignasi esa endi oʻgʻlingiz qoʻlidagi bigizga aylanibdi. Tezda oʻsha xonadonga boring-u voqeani bayon qilib, oʻsha bir tomchi sharbat uchun rozilik oling”, – degan ekan.