Inhalt
Zerikish qo'limizdan kelmay qolgan Bugun 1 yashar og'limning bir qilgan ishiga ko'zim tushdi. U chiroqni o'chirib yoqib o'ynayotgan edi va har o'chirib yoqqanda ko'zlari hursandchilikdan yorishib maza qilayotgan edi. Shunchalik oddiy narsadan hursandchilik topib maza qilyapti. Bizchi? Bizda vaqtimizni maza qilib o'tkazish uchun deyarli hamma narsa bor. Texnologiyalar bor, telefon bor, YouTube bor, kitoblar bor, ijtimoiy aloqalar bor, o'yinlar bor. Hamma narsa bor. Lekin negadir ular bizga yetarlicha yoki oldingichalik hursandchilik bermaydi. Kitob o'qiyotib telefonga qaraymiz, telefonga qarayotib televizorga qaraymiz, kino ko'rayotib ishni o'ylaymiz, ishlayotib o'yinni o'ylaymiz. Bizni hech narsa yetarlicha qiziqtirmaydi. Yetarlicha hursand qilmaydi. Nega? Miyalarimiz gormonal darajada buzilib ketgan. Miyamizga kerakli bo'lgan dopamin gormonini topish yo'llari o'ta osonlashib ketgan. Ozgina bo'sh vaqtimiz bo'lishi bilan unga dopamin-hujum qilish biz uchun odat bo'lib qolgan. "Menga dopamin kerak" deyishi bilan biz unga "Mana senga Telegram, mana senga YouTube, mana senga Instagram, mana senga TikTok, mana senga o'yin, mana senga kino, hohlaganingcha va bir zumda" deb javob beradigan bo'lganmiz. Natijada, miyalarimiz erkalanib ketgan. Bir zumda va katta miqdorda dopamin bera olmaydigan ishlar uchun miyamiz yalqovlashib qolgan. U uzoq vaqt kitob o'qish bo'ladimi, maqsadlarimiz ustida ishlash bo'ladimi va hokazo. Natijada, miyamizning "qorni to'q" doimo. Hech nima qilishni hohlamaymiz. Lekin nimadir qilish kerak. Oila boqish uchun. O'z potensiallarimizga erishish uchun. O'lim to'shagida afsuslanmaslik uchun. Lekin qila olaymiz. Kayfiyat yo'q. Miyamiz bizni undamayapti. Chunki qorni dopaminga to'q. Lekin nimadir qilish kerak. Oila boqish uchun, o'z potensiallarimizni... Endless downward spiral. Cheksiz tsikl. Bu haqida oldin ham ko'p yozganman. Bu kanaldagi birinchi postim ham aynan shu haqida bo'lgan. Lekin bu haqida o'ylashdan to'xtay olmayman. Chunki o'zimda ham shu muammo bor va o'ylaymanki bu "kasallik" odamzodga keyingi dekadalarda juda qimmatga tushadi. Lekin bir yaxshi xabar ham bor. Agar siz o'z miyangizni dopamin-hujumlardan himoya qila olsangiz, hayotda boshqalardan oldinga o'tib ketish oldingiga nisbatan ancha osonroq bo'lib qolgan. Chunki ko'pchilik buni hali anglab ham yetgani yo'q. O'ziga o'zi dopamin-hujum qilayotganini tushungani yo'q. @jakhonrakhmonov