Post content
Ilmiy ishonchsizlik bo'yicha O'zbekiston dunyoda top-10talikda 2025-yilda O'zbekiston ilmiy maqolalari ishonchsiz deb topilib, ilmiy bazalardan chiqarilgan ("qaytarib olingan") davlatlar orasida top 10talikka kirgan. (Retraction - ilmiy manbalarda chop etilgan maqolaning "qaytarib olinishi", ishonchsiz, ilm talablariga mos kelmaydi, deb e'tirof etilishi). Hindistonlik tadqiqotchi Achal Agrawal PostPub Retraction Dashbord - qaytarib olingan ilmiy maqolalar portali ma'lumotlariga asoslanib e'lon qilgan tahlilidan shunday xulosa kelib chiqadi. O'zbekistonlik Bobir Muratovga ko'ra esa, biz nafaqat qaytarib olingan maqolalar soni bo'yicha top-10talikka kiramiz, balki foiz hisobida (ya'ni, e'lon qilingan maqolalar va qaytarib olingan maqolalar nisbati) olsak, dunyoda 1-o'rindamiz. Ya'ni, O'zbekiston - ilm-fan borasida dunyoda eng ishonchsiz davlat, degan xulosa qilish mumkin. O'zbekiston uchun ilmiy maqolalarining ishonchsiz deb e'tirof etilishi, qaytarib olinishi "pik" (eng ko'p sodir bo'lgan) davri 2015 va 2023-yillarga to'g'ri kelganini ko'rish mumkin. 2015-yilda har 1000tadan 11tasi, 2023-yilda har 1000tadan 9ta maqola "qaytarib" olingan. Maqolalarning "qaytarib" olinishi sabablari turlicha bo'lishi mumkin. Masalan, 2023-yilda asosiy sabab "research" (ya'ni tadqiqotning ilmiy talablarga javob bermasligi, masalan, ma'lumotlar yoki ularning tahlilida xatolik, yoki ilmiy xulosalar ishonchsizligi) bo'lgan. 2024-yilda esa asosiy sabab "integrity" (ilmiy halollik qoidalariga amal qilinmaganligi) bo'lgan. OTMlar kesimida tahlil qilinsa, eng ko'p "qaytarib olingan" maqolalar Buxoro davlat universiteti hissasiga to'g'ri kelgan va ularning hammasi tadqiqotning ilmiy talablarga javob bermasligi sababli "qaytarib" olingan. Keyingi o'rinda - Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, bu universitet nomidan chop etilgan maqolalar aksariyati ilmiy halollik talablariga mos kelmagani uchun ishonchsiz deb e'tirof etilgan. Va ishonchsiz (sifatsiz) maqolalar chop ettirish bo'yicha top-3talikka "milliy tadqiqot instituti" deb e'tirof etilgan Toshkent irrigatsiya instituti kirgan. Mana bu postimda O'zbekistonda ilmiy kadrlar tayyorlash bilan bog'liq muammolar haqida yozgan edim. Tadqiqotchilarga ilmiy ish nimaligi, uning qanday amalga oshirilishi, talablari haqidda o'rgatmasdan, ko'p hollarda xalqaro ilmiy bazalarni o'qish imkonini bermasdan maqolalar talab qilaverishi, OTMlar sifat emas, chop qilingan maqolalar soni ketidan quvishi mana shunday "sharafli" reytingda birinchilikni olganimiz sabablaridan biri bo'lsa kerak.