Postituse sisu
Oʻtgan hafta ijtimoiy tarmoqlarda oʻquvchini kaltaklagani uchun jinoyat ishi ochilgan oʻqituvchi voqeasi katta muhokamalarga sabab boʻldi. Ayrimlar oʻqituvchi har qanday vaziyatda ham oʻquvchiga qoʻl koʻtarmasligi kerak edi, deyishdi, ayrimlar boʻlgan voqeada oʻquvchining oʻzi ham aybdor, u ham jazo olishi kerak edi, deyishdi. Keyinroq boʻlgan voqeaning nisbatan toʻliqroq videosi ham chiqdi - undan oʻquvchilarning dars paytida oʻzlarini tutishini koʻrib, voqeaning taʼlim maskanida boʻlayotganiga ishonish qiyin. Bu voqeda bir qancha faktorlar bor, nazarimda. Birinchidan, pedagog Shokir Tursun oʻqimaydigan, maktab tartib-qoidalarini namoyishkorona buzadigan oʻquvchilarga nisbatan hech qanday jazo / ta'sir mexanizmi ishlamasligini aytmoqda. Oʻquvchini sinfdan sinfga qoldirish mexanizmi mavjud emas yoki boʻlsa ham ishlamaydi (ishlatilmaydi). Pedagog mojaroni maktab rahbariyati darajasida hal qilaman, desa, kaltak aylanib oʻzining boshiga sinadi: "eplay olmayapsan", "oʻqita olmayapsan" va hokazo. Pedagog hech boʻlmaganda oʻqimaydigan oʻquvchiga "2" baho ham qoʻya olmaydi - maktab rahbariyati oʻziga muammo yaratmaslik uchun oʻsha bolaning bahosini qoʻydirib beradi. Yaʼni, oʻqituvchi qoʻlida oʻquvchiga nisbatan hech qanday taʼsir chorasi yoʻq va oʻquvchilar buni yaxshi bilishadi - ayrimlari bundan yaxshi foydalanishadi ham. Ha, pedagog qoidani buzdi, lekin muammoning sabablariga yetmasdan turib bunday jinoyat ishlari ochish uning kelgusi karyerasidagi juda koʻp eshiklarni yopadi va yoshlarga "davlat maktabiga ishga bormanglar" degan signal beradi. Ikkinchidan, bizda ta'lim tizimining vazifasi nima, maqsadi nima, degan savolga aniq javobimiz boʻlmaguncha bunday holatlar qaytarilaveradi. Bir ilmiy tadqiqot doirasida oʻtgan hafta tajribali pedagog, psixolog, maktab rahbaridan intervyu oldim. Intervyuda suhbatdosh davomatni ta'minlashga Milliy gvardiya aralashgan holatlarni eslar ekan, shunday fikr bildirdi: borgan sari bolalarni jismonan maktabda ushlab turish qiyin bolaveradi, toki biz ularning "nima uchun?" degan savoliga aniq javob bera olmagunimizcha. "Hozirgi avlodga ma'no kerak, ma'no bolmasa ularni ushlab tura olmaysiz", dedi u. Agar ta'limning vazifasi bolaga ma'lumot berish, desak, hozirgi axborot va sun'iy intellekt davrida bolani axborot uchun maktabda ushlab tura olmaysiz - u axborotni oʻqituvchisiz ham, maktabsiz topa oladi. Demak, umumiy oʻrta ta'lim tizimi oʻzining aniq falsafasini belgilab olmas ekan, bolaning, ota-otaning, jamiyatning "nima uchun? bu menga / bizga nega kerak? bu menga / bizga nima beradi?" degan savoliga tushunarli javobini taqdim eta olmas ekan, oʻquvchi zerikadi va zerikkanidan har xil "xurmacha" qiliqlar chiqaraveradi. Bizda esa ta'lim falsafasi u yoqda tursin, necha yildan beri aniq bir ta'lim dasturi ham yoʻq. Shu voqea bilan bogʻliq yana bir mulohaza. Siyosatshunos Hamid Sodiq shunday yozadi: "Bugungi qamoqxonalar va maktablarning o‘xshash tomoni shundaki, bu ikkita tashkilotning kontingenti bir xil printsip bilan jamlanadi. Bittasi jamiyat "taklif" qilgan qoliplardan chiqqani uchun ikkinchisi o‘sha qoliplarga "majburiy" moslash uchun. Bugungi maktablarning bilim berish funktsiyasidan ko‘ra "nazorat qilish" funksiyasi ko‘payib ketgan. Bunday sharoitda bola o‘zini mahbusday tutadi, chunki hamma joy kameralar bilan to‘la, o‘qituvchi esa bilim emas "tarbiya" berish bilan shug‘ullanadi. Modern dunyo taklif qilgan ta’lim tizimi butunlay o‘zining asoslarini yo‘qotib bo‘ldi." Bu ham yuqoridagi - ta'lim falsafasi haqidagi fikrga borib taqaladi. Maktabning jamiyatdagi vazifasi nima - bolani "qoliplash"mi, muayyan qoidalar va qadriyatlarni keyingi avlodlarga uzatishmi, ozod va fikrlaydigan shaxsni tarbiyalashmi yoki boshqami - buni ta'lim falsafasi belgilaydi. Oʻsha falsafa bolmasa - maktab bolani "ushlab otiradigan" joyga aylanadi. "Qamoqxona" masalasiga kelsak - maktab katta jamiyatning kichik aksi. Katta jamiyatning oʻzi "qamoqxona" boʻlsa, uning kichik aksi ham "qamoqxona" boʻlmay iloji yoʻq. Va modernizmning bunga hech qanday aloqasi (aybi) yoʻq, menimcha.