TGINSIGHT CHAT
Ikhtiyor Rakhman
@ikhtiyorrakhman
BooksHayot saboqlari, Kitob tavsiyasi, Shaxsiy hikoyalar, ...
Dènye pòs
Paj 1 sou 6 · 67 pòs
Pibliye Apr 17
Bir filmni ko‘rib, qiziq bir xulosaga keldim. Quvonchli sabablar uchun ko‘pincha borolmaslikka bahona topiladi. Ammo fojeali holatlar oldida bunday bahonalar yo‘qoladi, oxirgi yo‘lga kuzatishga esa hamma vaqt topadi. Va bu juda achinarli. @IkhtiyorRakhman
Pibliye Apr 14
Mehnat ta’tilimda 2 yil avval Hindistonga qilgan safarimdan videolarni jamlab, nihoyat montaj qilib chiqdim. Sayohat davomida Jaloliddin Rumiyning bir gapi xayolimdan ketmadi: “What you seek is seeking you”. Ya’ni, “Sen izlayotgan narsa aslida seni ham izlayapti”. Bu fikr safarimga boshqacha nigoh berdi. Ko‘pchilik Hindistonni tor, shovqinli, sanitariya muammolari bilan bog‘laydi. Men esa ataylab boshqa tomonni izladim. Go‘zallikni, insoniylikni, rang-barang hayotni ko‘rishga harakat qildim. Va topdim. Bu video aynan o‘sha nigoh natijasi. Stereotiplardan uzoq, boshqacha Hindiston haqida. Unda iliqlik, samimiyat va ilhom bor. Har bir kadr ortida kichik hikoya yashiringan. Agar siz ham dunyoni boshqacha ko‘z bilan ko‘rishni istasangiz, bu video siz uchun. https://youtu.be/Y0hsuM0TorY @IkhtiyorRakhman
Pibliye Apr 6
Bugundan bir hafta mehnat ta’tili (annual leave) oldim. Oxirgi marta hech bir sababsiz, shunchaki uzoq muddatga ta’tilga chiqqanimni eslay olmayman. Negaki, menga ishim yoqadi. BMT Taraqqiyot Dasturining O’zbekistondagi vakolatxonasida ishlayotganimga salkam 2 yil bo’ldi va shu vaqt ichida ta’til haqida jiddiy o’ylab ko’rmagan ekanman. Odam hobbisi bilan shug’ullansa, ishdan charchamasligini shaxsan o’zim his qildim. “The only way to do great work is to love what you do.” (Buyuk ish qilishning yagona yo‘li - qilayotgan ishingni sevishdir.) - Steve Jobs Shu gapda katta haqiqat bor. Ba’zida ish ham shunchaki majburiyat emas, balki insonni to’ldiradigan, energiya beradigan mashg’ulotga aylanadi. P.S. Jyul Vernni qayta qayta oʻqiyapman. @IkhtiyorRakhman
Pibliye Mar 31
Aleksandr Vertinskiyning «Uzoq yo‘l bilan» asarini o‘qir ekanman, juda qiziqarli bir parchaga (36-bet) kelib qoldim: Avvallari odamlar shoshilmay yashashardi. Ayollar tinch sharoitda turmush qurishar, farzandli bo‘lishardi, kasal bo‘lishganda esa jiddiy yotardi. Oylar davomida yotoqda qolib, asta-sekin sog‘ayishardi va deyarli uy-ro‘zg‘ordan boshqa ish bilan shug‘ullanishmasdi. Shifokorlarsiz, zerikarli tahlillarsiz, hech qanday anketa va hujjatlarsiz. Bizning enagamiz kasal bo‘lib qolsa, “Senga nima bo‘ldi?” degan savolga doim bir xil javob berardi: “Ko‘kragimda nimadir yonayotgandek”. Holbuki kasalliklari turli-tuman edi. O‘lish ham xotirjam kechardi. Ba’zan to‘qson besh yoshga kirgan bir chol birdan o‘layotganini “his qilib” qolardi. Aslida esa allaqachon vaqti yetgandek - bolalari ulg‘aygan, nevaralari katta bo‘lgan, yer-mulkni bo‘lish vaqti kelgan, u esa hali ham yashab yurardi. Shunda qarindoshlar har tomondan yig‘ilishardi. Tepasoda turishardi. Uf tortishardi. Kutishardi. Chol esa pokiza ko‘ylakda, ikonalar ostidagi supada bir kun, ikki kun, uch kun yotardi… lekin o‘lmasdi. Ruhoniyni chaqirishardi, uni muqaddas marosimlardan o‘tkazishardi… baribir o‘lmasdi. To‘rtinchi kuni, oladiy pishirishardi, xolodets tayyorlashardi - xuddi uning xotirasiga osh berish uchun - ikki chelakcha aroq ham olib kelishardi… u esa baribir o‘lmasdi. Oltinchi kuni qo‘liga sham tutqazishardi. Hamma holdan toyardi. Sabr tugardi. Lekin u hanuz o‘lmasdi. Yettinchi kuni shamni yoqishardi. Chol ularga uzoq va jiddiy qarab turardi, so‘ng shamni o‘chirib, “o‘lim to‘shagi”dan turardi-da, shunday derdi: “Yo‘q! Bu ish bo‘lmaydi!” va hovliga chiqib, o‘tin yorishga kirishardi. @IkhtiyorRakhman
Pibliye Mar 30
Men 70 yoshdan oshgan, hozir esa 80 ga yaqinlashib qolgan do‘stimdan o‘zida qanday o‘zgarishlarni sezayotganini so‘radim. U menga shunday javob berdi: 1. Men nafaqat ota-onamni, opa-ukalarimni, turmush o‘rtog‘imni, farzandlarimni va do‘stlarimni, balki o‘zimni ham sevishni o‘rgandim. 2. Men “Atlas” emasligimni angladim. Dunyo mening yelkamda turishi shart emas. 3. Endi bozorda sotuvchilar bilan tortishmayman. Bir-ikki ortiqcha tanga mening hayotimni o‘zgartirmaydi, lekin kimningdir qizini o‘qitish uchun yig‘ayotgan puliga yordam bo‘lishi mumkin. 4. Ofitsiantlarga yaxshi choychaqa qoldiraman. Ozgina pul ham ularga tabassum hadya qilishi mumkin, axir ular mendan ko‘ra ko‘proq mehnat qilishadi. 5. Endi yoshi katta odamlarga “siz bu hikoyani aytgansiz” demayman. Bu ular uchun xotiralar yo‘lidan yana bir bor o‘tish, eng yaxshi damlarini qayta his qilish imkoniyati. 6. Hatto kimdir adashayotganini aniq bilsam ham, ularni tuzatishga urinmayman. Endi hammadan mukammallik kutish yukini o‘z zimamga olmayman. Ideal bo‘lmasa ham, dunyo baribir go‘zal. 7. Samimiy va bemalol kompliment qilishni o‘rgandim. Bu nafaqat uni qabul qilgan odamni, balki meni ham xursand qiladi. Kichik maslahat: komplimentga shunchaki “rahmat” deb javob bering. 8. Kiyimdagi mayda kamchiliklarga e’tibor bermaslikni o‘rgandim. Shaxsiyat tashqi ko‘rinishdan muhimroq. 9. Meni qadrlamaydigan odamlardan uzoq yuraman. Balki ular mening qadrimni tushunmas, lekin men o‘zim bilaman. 10. Kimdir “poygada” aldab oldinga o‘tishga harakat qilsa ham, xotirjam qolaman. Men kalamush emasman va bunday dunyoga tegishli emasman. 11. O‘z his-tuyg‘ularimdan uyalmaslikni o‘rganayapman. Aynan ular meni inson qiladi. 12. Tushundimki, munosabatlarni buzishdan ko‘ra egoni qurbon qilish osonroq. Ego meni yolg‘iz qoldiradi, munosabatlar esa aksincha. 13. Bugungi kunni oxirgidek yashashni o‘rgandim. Axir ertaga bizni nima kutayotganini kim biladi? 14. Menga quvonch beradigan ishlarni qilaman. O‘z baxtim uchun mas’uliyatni o‘zim olaman. Baxt bu tanlov. Qaror qilsangiz, har doim baxtli bo‘lishingiz mumkin. Muallifi noma’lum, internetdan olingan. @IkhtiyorRakhman
Pibliye Mar 29
Bugungi dunyo tobora tezlashib, bir paytning o‘zida notinchlashib borayotgandek. Yangiliklarda urush haqidagi xabarlar shu qadar ko‘payib ketdiki, odamni karaxt qilib qo‘yadi. Har kuni bir xil manzara: nizolar, to‘qnashuvlar, manfaatlar kurashi. Savol tug‘iladi – aslida bu janglar kim uchun? Tarixga qarasak, fikrlar o‘zgarmagan. Faqat zamon o‘zgargan. “Urush bir haftadan ko‘proq davom etsa – demak kimdir undan yaxshi pul topyapti.” Genri Ford “Urush – bu biznes: unda ba’zilar qon bilan to‘laydi, boshqalar foyda oladi.” Yujin Debs “Tinchlik o‘lim zavodlari egalarigagina foyda bermaydi.” Jan Jores “Urush – oddiy odamlar bir-birini, hatto ularning ismlarini ham bilmaydiganlarning manfaatlari uchun o‘ldiradigan holatdir.” Govard Zinn Shu gaplarni o‘qib, bir narsani anglaysan: urushlar ko‘pincha oddiy insonlarning tanlovi emas. Lekin tinchlik – bu bizning tanlovimiz bo‘lishi mumkin. Bugun eng katta jasorat – bu nafratga berilmaslik. Eng katta g‘alaba – bu insoniyligimizni saqlab qolish. Eng katta umid esa – hali ham yaxshilikka ishona olish. @IkhtiyorRakhman
Pibliye Mar 28
Odamlar kun bo‘yi soat 17:00 ni kutadi, butun hafta juma kunini, butun qish yozni, va butun umr baxtni. Ammo ertangi kun ortidan quvish bugungi kunning quvonchini so‘ndirmasin. @IkhtiyorRakhman
Pibliye Mar 26
Bir onlayn uchrashuvda tanishim qisqa nutq qilib, hammamiz har kuni sun’iy intellektdan foydalanayotganimizni aytib o‘tdi va hatto meni ham misol sifatida keltirdi. Albatta, bunga e’tiroz bildirdim. Chunki rostini aytsam, men deyarli sun’iy intellektdan foydalanmayman. Bu yaxshi ham emas, yomon ham emas. Har kim texnologiyalarga o‘z tempida yaqinlashadi. Balki kelajakda men ham SIning faol foydalanuvchisiga aylanishim mumkin. Lekin hozircha men uchun muhimroq savol boshqa. Qulaylik va samaradorlik ortidan quvib, biz qanchalik shaxsiy hududimizni ochib berishga tayyormiz? Texnologiyani inkor etish emas, uni ongli ravishda tanlash muhim deb o‘ylayman. Ha, u email yozib beradi, uzun hisobotlarni qisqartirib beradi, dasturlashda yordam beradi, jadval va rejalaringizni boshqaradi hamda savollarga bir zumda javob topadi. Ammo bu qulayliklarning ortida ko‘pchilik e’tibor bermaydigan haqiqiy narx ham bor. Haqiqatan foydali bo‘lishi uchun SI ko‘pincha kontekstga kirish imkoniyatiga muhtoj bo‘ladi. Bu sizning hujjatlaringiz, xabarlaringiz, internetdagi odatlaringiz va raqamli muhitning boshqa qismlarini ham o‘z ichiga olishi mumkin. Ko‘proq intellekt odatda ko‘proq ko‘rinish va kuzatuv degani. Bu esa ko‘pchilik endigina o‘ylay boshlayotgan muhim savolni keltirib chiqaradi. Foydali yordam bilan haddan tashqari ko‘p ma’lumotlarimizga kirib borish o‘rtasidagi chegara qayerda bo‘lishi kerak? SI juda tez rivojlanmoqda va muhokamalar imkoniyatlardan mas’uliyat tomon siljimoqda. SIning kelajagi faqat bu tizimlar qanchalik kuchli bo‘lishiga bog‘liq emas. U ma’lumotlarimiz qanday boshqarilishiga va oxir-oqibat ularga kim kirish huquqiga ega bo‘lishiga ham bog‘liq. Demak, asosiy savol shu. Biz SI yordamchimizga qanchalik darajada ma’lumotlarimizga kirish huquqini berishga tayyormiz? @IkhtiyorRakhman
Pibliye Mar 24
So‘nggi paytlarda bir narsani ko‘p kuzatyapman va shu sabab bu haqida yozgim keldi. Atrofimizda ba’zan ma’lum bir sohada chuqur bilimga ega bo‘lmagan, lekin o‘ziga juda ishongan odamlarni uchratamiz. Shu bilan birga, haqiqiy bilim va tajribaga ega mutaxassislar esa aksincha, o‘zini ko‘proq savol ostiga qo‘yadi, yana o‘rganishga harakat qiladi. Psixologiyada bu holat Danning–Kryuger effekti deb atalar ekan. Ya’ni kompetensiyasi past odamlar ko‘pincha xato qarorlar qabul qiladi, lekin bilim yetishmagani sabab o‘z xatolarini anglay olmaydi. Natijada ularda o‘ziga nisbatan haddan tashqari ishonch paydo bo‘ladi. Eng qizig‘i, bu psixologik paradoks ko‘pchiligimizga tanish: kamroq bilgan odam o‘zini ekspert deb his qiladi, ko‘proq bilgan odam esa yanada ehtiyotkor va shubhali bo‘ladi. Bu g‘oya yangi emas. Charlz Darvin ham “Ko‘pincha ishonchni bilim emas, jaholat tug‘diradi” degan. Bertran Rassel esa zamonasida o‘ziga haddan tashqari ishonganlar va ko‘p o‘ylaydigan, tushunadiganlar o‘rtasidagi farq haqida yozgan. Menimcha, bu effektni bilish o‘zimizni ham kuzatishimizga yordam beradi. Ba’zida ko‘proq ishonch emas, ko‘proq savol berish rivojlanishga olib keladi. @IkhtiyorRakhman
Pibliye Mar 14
Qarish muqarrar. Katta bo‘lish ixtiyoriy Universitetdagi maʼruzalarning birida professor bizni yangi talaba bilan tanishtirdi. Shu payt kimningdir yelkamga yengil teginganini his qildim. Qarasam, kichkina, ozg‘in kampirning menga kulib turganini ko‘rdim, uning qarashi beixtiyor mening ham yuzimni yoritib yubordi. “Salom, mening ismim Rouz, men 87 yoshdaman”, dedi u. - Yoningga o‘tirsam bo‘ladimi? Tabassum qilib, unga joy berish uchun surildim. “Albatta, o‘tiring. Bunday pari yoshingizda sizni universitetga nima olib kelganini bilsam maylimi?”. Men hazillashmoqchi bo‘ldim. — Men bir boyvuchcha er topib, bir etak bola dunyoga keltirmoqchiman, — dedi kampir menga ko‘z qisib. — Rouz rostdan, nima uchun o‘qishga qaror qildingiz? Keksa ayol menga yoqib qoldi. Rouzning universitetda paydo bo‘lish sabablari bilan qiziqdim. “Men butun umr oliy maʼlumotga ega bo‘lishni orzu qilganman. Shu orzularim sabab sizlar bilanman”, deb javob berdi Rouz. Maʼruzalardan so‘ng biz talabalar qahvaxonasiga bordik va birga tushlik qildik. O‘sha kundan boshlab biz uch oy birga tushlik qildik. Rouz talabalarning deyarli barcha tadbirlariga o‘zgacha ruh berdi. Hamma u bilan juda yaxshi chiqishib ketdi. Semestr oxirida biz uni bitiruv kechasida nutq so‘zlash uchun taklif qildik. Sahnaga chiqayotib, Rouzning qo‘lidagi qayd varaqlari tushib ketdi. Rouz xijolat bo‘lib, ularni olmoqchi bo‘ldi, lekin hammasini yig‘ib ololmadi. “Kechirasiz, men qattiq hayajondaman. Erim uchun pivo ichishni tashlagandim, lekin endi viski meni tezroq mast qilyapti”, deb hazillashdi u. “Endi avvalroq tayyorlab olgan qaydlarimni yig‘ib o‘tirmayman, shuning uchun sizga o‘z nutqimni og‘zaki qilaman”. Kulgi tinmay, tomog‘ini qirib Rouz so‘z boshladi: Biz o‘yinchoq o‘ynashni katta bo‘lganimiz uchun to‘xtatmaymiz. Biz o‘ynashni to‘xtatganimiz uchun o‘samiz. Sizning muvaffaqiyatingiz, yoshligingiz va baxtingiz bir nechta qismlarga bo‘linadi. Siz har kuni tabassum qilishingiz va hayotda qiziq narsalarni topishingiz kerak. Sizga orzu kerak. Agar orzu qilishni to‘xtatsangiz, o‘lasiz. Atrofimizda o‘lganlar juda ko‘p va ular buni bilishmaydi! Qarish va o‘sish o‘rtasida katta farq bor. Agar siz 19 yoshda bo‘lsangiz va bir yil divanda yotsangiz va hech narsa qilmasangiz, siz 20 ga to‘lasiz. Agar men divanda bir yil yotsam va hech narsa qilmasam, men 88 ga to‘laman. Qarish qiyin emas. Qarishimiz uchun isteʼdod yoki kuch kerak emas. Kuch o‘zgarishlarda o‘zingiz uchun yangi imkoniyatlarni kashf etishdir. Hech narsadan afsuslanmang! Keksa odamlar odatda qilgan ishidan afsuslanmaydilar, qilishga ulgurmagan ishiga aza tutadilar. Ko‘p pushaymon bo‘lganlargina o‘limdan qo‘rqishadi. “Hurmat bilan, Rouz” iborasi bilan so‘zini tugatgandan so‘ng, kampir o‘z joyiga qaytdi. Hammamiz jim qoldik, eshitganimizni hazm qildik. Oradan bir yil o‘tib, Rouz uzoq vaqtdan beri orzu qilgan oliy maʼlumotga ega bo‘ldi. U bir hafta o‘tgach, uyqusida jimgina vafot etdi. Ikki mingdan ortiq talaba uning dafn marosimiga bu kichkina nurli ayol ularga kim bo‘lishni va kim bo‘lishni xohlashini o‘rgatganini xotirlash uchun keldi. Esingizda bo‘lsin: Qarish muqarrar. Katta bo‘lish ixtiyoriy. @IkhtiyorRakhman
Pibliye Mar 13
Bir yigit Yaponiyaga 2 oyga xizmat safari bilan ketdi. U yapon tilini bilmasdi, lekin ingliz tilini yaxshi bilardi. Mahalliy taomlar yigitning milliy taomlaridan keskin farq qilgani va pulni tejash uchun aqlli nayrang o‘ylab topdi. Shunday qilib u do‘stidan uyga pitsa buyurtma qilish mumkin bo‘lgan telefon raqamni oldi. Yapon tilidagi iborani esa yodlab oldi: “Mikado prospekti 1313 manziliga anchausli bitta pitsa, iltimos!” Taxminan bir oy davomida yigit yaxshigina pul tejadi, pitsadan esa lazzatlandi. Ammo bir kuni u yodlab olgan iborani aytganidan keyin, ingliz tilida qiyidagi javobni eshitdi: - Janob, siz bizning doimiy mijozimizsiz va biz sizni hurmat qilamiz. Lekin agar siz pitsani juda yaxshi ko‘rsangiz, nega buyurtmani pitseriya orqali qilmaysiz? - Nima bugun pitsa eltib berolmaysizmi? - Albatta eltib bera olamiz, aslida biz buni oxirgi bir oy davomida qilyapmiz. Ammo muammo shundaki, bizning pitsamiz shahardagi eng yaxshisi emas. Biz aslida pitseriya emas, mebel fabrikasimiz! Yaponiyaliklarning xushmuomalaligi, sabr-toqati va asab tizimining barqarorligi har qanday hurmatga loyiqdir. @IkhtiyorRakhman
Pibliye Mar 7
Juda badavlat bir kishi o‘g‘lini qishloqqa sayohatga olib chiqdi. Uning yagona maqsadi - bolasiga pulsiz yashash nimani anglatishini ko‘rsatish edi. Ular bir necha kunni juda kambag‘al bir oila yashaydigan fermada o‘tkazishdi. Uyga qaytgach, ota o‘g‘lidan so‘radi: — Sayohat senga yoqdimi? — Ha, ota, juda yoqdi, — deb javob berdi bola. — Odamlar qanchalik kambag‘al yashashi mumkinligini ko‘rdingmi? — dedi ota. — Ha, albatta. — Xo‘sh, bu safardan qanday xulosa chiqarding? — yana so‘radi ota. Shunda o‘g‘li javob berdi: — Men shuni ko‘rdimki, bizda bittagina it bor, ularda esa to‘rtta. Bizda bog‘ning o‘rtasigacha yetadigan hovuz bor, ularda esa oxiri ko‘rinmaydigan soy bor ekan. Bizning bog‘imizni chetdan keltirilgan chiroqlar yoritadi, ularda esa tunlari osmondagi yulduzlar porlaydi. Bizda hovligacha yetadigan ayvon bor, ularda esa ufqqacha cho‘zilgan kengliklar bor. Biz kichkina yerda yashaymiz, ularda esa oxiri ko‘rinmaydigan dalalar bor. Biz ovqatni sotib olamiz, ular esa uni o‘zlari yetishtiradi. Biz uyimizni himoya qilish uchun devor bilan to‘sganmiz, ularda esa atrofini do‘stlar o‘rab turadi. Ota hayratdan jim bo‘lib qoldi. Shunda bola yana qo‘shib qo‘ydi: — Endi tushundim: aslida qanchalik kambag‘al ekanimizni. @IkhtiyorRakhman