Isi
BAXT HAQIDA BALLADA Men baxtni ko‘rganman. Ko‘rganman. Aniq. O‘rdada nogahon kelgan ro‘baro‘. Qish kuni. Paltoga olgan o‘ranib, Besas bir hayratda qotganman: “Voy-bo‘!..” Yo‘lkalar chetida baland chinorlar Qator tizilishgan. Beharakat. Jim. Dong qotgan bekatlar, qorlar, shiorlar... Ammo baxt ekanin bilmagan – hech kim. Baxt juda chiroyli edi! Chiroyli! Chiroyli! – sovuqda yuzin yashnashi. Hatto qor poyida g‘irchillar edi Tanini ezsa ham o‘tkir poshnasi. Yuzi tegrasida ro‘moli – tuman, Bir uchi kiftiga tashlangan edi. Lollikdan boshqa hol bo‘lgan edi man – Uni ko‘rib bu ish boshlangan edi. Men baxtni ko‘rganman. Ko‘rganman. Aniq. Hatto ko‘zlarimiz uchrashgan bir zum. O‘rtada bo‘lgan yo‘q salom-u alik, Faqat lablariga qo‘ngan tabassum. Shu tarz o‘tib ketgan yonimdan. Tashxis: Jonim chiqmaslikka u dam yaragan. O‘grilib qarasam ortimga ilkis, Ishoning-ishonmang, baxt ham qaragan! Shundan buyon menga bu dunyo bir pul! Nomard g‘alvalari berolmas ozor. Yuragim erta-kech she’r bilan mashg‘ul – Baxtni uchratganman! Nima g‘amim bor! Yonib kirib kelsam (yurishim – sarbast!) – Fasod davralarga – g‘iybat tinadi, Axir menga hech kim kelolmaydi bas – Baxtga duch kelganim barcha biladi. Mardligim bilishar (do‘st-u yov ogoh!): Nechun “yur” deb baxtni qistamaganman, Baxtni etmaganman ne uchun hamroh?.. Bebaxt bo‘lishini istamaganman. ©Usmon AZIM “Bir parcha osmon” kitobidan Telegram | Facebook | Instagram