TGTGInsighttelegram intelligenceLIVE / telegram public index
← BMB PFC
BMB PFC avatar

TGINSIGHT POST

Post #14537

@bmbpfc

BMB PFC

Tampilan438Jumlah tampilan
Diterbitake19 Des19-12-2025, 14:15
Isi

Isi kiriman

AJOYIB KAMBЕK! O‘ZBEKISTON JAHONNING 7-JAMOASINI MAG‘LUB ETDI! Futzal ishqibozlari katta qiziqish bilan kutgan O‘zbekiston – Rossiya terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv hamyurtlarimizning ajoyib kambeki va irodali g‘alabasi bilan yakunlandi. Birinchi taymdan so‘ng 0:2 hisobida ortda qolayotgan yigitlarimiz ikkinchi taymda xarakter ko‘rsatib, raqib darvozasiga javobsiz uchta gol kiritishdi. Uchrashuv teng kurashlar ostida boshlandi. Dastlabki o‘n daqiqa ichida O‘zbekiston terma jamoasi ikki bor gol urish imkoniyatini yaratdi, ammo undan foydalana olmadi. Rossiya terma jamoasining esa ilk xavfli hujumi gol bilan yakunlandi — Anton Sokolov hisobni ochdi. Bu gol futbolchilarimiz ruhiyatiga ma’lum darajada ta’sir qildi. 14-daqiqada esa jarima maydoni ichida Grigoriy Valeyev e’tibordan chetda qoldi va hisob 0:2 ko‘rinishiga keldi. Ikkinchi taymning ilk soniyalaridanoq tanaffus paytida murabbiylar shtabi futbolchilar bilan to‘g‘ri ishlagani yaqqol sezildi. Tashabbusni to‘liq qo‘lga olgan O‘zbekiston terma jamoasi mehmonlarni o‘z jarima maydoniga qamab qo‘ydi. Uzoq vaqt gol ura olmaslik ham yigitlarimizning ishtiyoqini so‘ndirmadi. Aksincha, ular yanada katta g‘ayrat bilan g‘alaba yo‘lini qidirishda davom etishdi. 33-daqiqada Muzaffar Axadjоnov individual mahorati evaziga birinchi javob golini urdi — 1:2. Oradan to‘rt daqiqa o‘tib, Shahram Faxriddinov qanotdan uzatilgan to‘pni darvoza to‘riga joyladi va hisob tenglashdi — 2:2. Uchrashuvning so‘nggi soniyalarida esa Akbar Usmonov Rossiya jamoasining “sun’iy ko‘pchilik bo‘lib hujumga o‘tish” taktikasini jazolab, g‘alaba golini kiritdi — 3:2! Bu O‘zbekiston terma jamoasining qisqa vaqt ichida jahonning TOP-10 taligidagi ikkinchi raqib ustidan qo‘lga kiritgan g‘alabasi bo‘ldi. Yodingizda bo‘lsa, Islom Birdamligi o‘yinlari arafasida Toshkentda Qozog‘iston terma jamoasi 2:1 hisobida mag‘lub etilgan edi. Endi esa Rossiya terma jamoasi Buxoroda mag‘lubiyatni tan oldi. Bosh murabbiy Nodir Eliboyev va uning jamoasi Osiyo kubogi–2026 musobaqasiga tayyorgarlikni to‘g‘ri yo‘nalishda olib borayotganini yana bir bor isbotladi. Biroq bu bilan cheklanib qolmaslik kerak. Izlanish va mehnatni davom ettirish zarur. Shundagina qit’a chempionatida ham qo‘yilgan maqsadlarga erishish mumkin bo‘ladi. Olg'a, OZBEKISTON!!! G'ALABA muborak bo'lsin!!! 🇺🇿BMB | ⭐️SQB | 🥸Orient Ceramic | 7 saber 👉 📝Telegram | 🎞YouTube | 📝Facebook | 💻Instagram