ខ្លឹមសារការប្រកាស
👨💻👩💻🧠 •TDYUda huquqiy etika bo‘yicha xalqaro o‘quv dasturi o‘tkazilmoqda Toshkent davlat yuridik universitetida yuridik sohaning eng muhim yo‘nalishlaridan biri — kasbiy axloq va professional mas’uliyat masalalariga bag‘ishlangan xalqaro intensiv trening tashkil etildi. PILnet, TDYU va “White & Case” xalqaro yuridik firma hamkorligida o‘tkazilayotgan loyihaning asosiy maqsadi xalqaro standartlarga mos yosh huquqshunoslarni tayyorlash, talabalarni huquqiy etikaning amaliy jihatlari, professional mas’uliyat va axloqiy me’yorlarni real ish jarayonida qo‘llash bo‘yicha chuqur bilim va ko‘nikmalar bilan ta’minlashdir. To‘rt kunlik o‘quv dasturida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Gruziyadan kelgan talabalar ishtirok etmoqda. Bu esa mintaqaviy tajriba almashish, huquqiy madaniyatlar o‘rtasidagi farq va o‘xshashliklarni muhokama qilish uchun qulay muhit yaratmoqda. Mashg‘ulotlarni Markaziy Osiyo va xorijda faoliyat yuritayotgan taniqli huquqshunoslar, xususan, xalqaro yuridik firmalar hamkorlari, hukumat vakillari, akademik doira yetakchilari va professorlar olib bormoqda. Trening davomida huquqiy etika masalalari turli nuqtayi nazardan ko‘rib chiqilmoqda. Ta’kidlanganidek, bugungi global huquqiy makonda malaka va bilim bilan bir qatorda, axloqiy tamoyillarga rioya etish, manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etish va mijozlar bilan to‘g‘ri munosabat o‘rnatish har bir huquqshunosning kasbiy muvaffaqiyatida hal qiluvchi ahamiyatga ega. 👉 O‘quv dasturida quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha mashg‘ulotlar olib borilmoqda: — advokatlik faoliyatini tartibga solish va huquqiy kasbga oid asosiy qoidalar; — advokat-mijoz munosabatlari hamda mijozlarni tanlash va jalb qilish tartibi; — manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish mexanizmlari; — maxfiylik va ma’lumotlarni oshkor etish qoidalari; — korrupsiyaga qarshi kurashish va halollik tamoyillari; — biznes va inson huquqlari o‘rtasidagi bog‘liqlik; — mas’uliyatli tadbirkorlik va bepul yuridik yordam amaliyoti. Mazkur yo‘nalishlarning barchasi nazariy emas, balki bevosita amaliy misollar, real huquqiy holatlar va xalqaro tajribaga asoslangan holda talabalarga yetkazilmoqda. Trening jarayonida talabalar faqat tinglovchi sifatida emas, balki faol ishtirokchi sifatida ishtirok etdi. Amaliy mashg‘ulotlar davomida ular mutaxassislar bilan yuzma-yuz muloqot qilish, xalqaro va mintaqaviy huquqiy amaliyotdan olingan vaziyatlarni tahlil qilish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. @tsulbox