ខ្លឹមសារការប្រកាស
👨💻👩💻🧠 • Huquqiy etika bo‘yicha xalqaro o‘quv dasturining uchinchi kunida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va mijozlar bilan ishlash masalalari muhokama qilindi Toshkent davlat yuridik universitetida PILnet va “White & Case” xalqaro yuridik firmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan huquqiy etika bo‘yicha xalqaro o‘quv dasturining uchinchi kuni yakunlandi. Uchinchi kun doirasidagi sessiya va amaliy mashg‘ulotlar huquqshunoslik sohasida uchraydigan murakkab masalalar manfaatlar to‘qnashuvi, uning oldini olish, mijozlar bilan ishlash masalalariga bag‘ishlandi. Kunning birinchi asosiy sessiyasi “Avoidance of conflicts of interest” mavzusida o‘tkazildi. Mashg‘ulotda “White & Case” hamkori va bosh konsulti Jennifer Paradise, Toshkent Xalqaro arbitraj markazi direktori Diana Bayzakova, Qirg‘iziston Advokatlar palatasi huzuridagi Trening markazi direktor o‘rinbosari Nazira Raimjanova va “Habib Al Mulla and Partners” konsuli Daria Selivanova tomonidan advokatlik va yuridik amaliyotda uchraydigan manfaatlar to‘qnashuvining turlari, ularni aniqlash usullari hamda oldini olish strategiyalari haqida ma’lumot berildi. Mavzu yuzasidan xalqaro tajribadan misollar keltirilib, muammolar real keyslar asosida muhokama qilindi. Uchinchi kun doirasidagi ikkinchi sessiya “Knowing & engaging clients” mavzusiga bag‘ishlandi. Sessiyada mijozlar bilan ishonchli aloqalarni yo‘lga qo‘yish, ularni tanlashda etik va huquqiy mezonlarga amal qilish, hamkorlik jarayonida kommunikatsiya madaniyatini saqlash masalalari muhokama qilindi. Mashg‘ulotda “White & Case” hamkori va bosh konsulti Jennifer Paradise, “Asari Legal” hamkori Igor Ostapets va “KY & Partners” yetakchi advokati Salimjon Yusupov bu borada o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Shuningdek, kun davomida ishtirokchilar uchun amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilib, unda talabalar guruhlarga bo‘lingan holda haqiqiy huquqiy vaziyatlarga asoslangan keyslarga yechim izladi. Mashg‘ulotlar ishtirokchilarga mantiqiy fikrlash, huquqiy tahlil qilish va jamoada ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirish imkonini berdi. Bir so‘z bilan aytganda, o‘quv dasturining uchinchi kuni nafaqat yangi bilimlar, balki xalqaro ekspertlar bilan jonli muloqot, tajriba almashish va professional tarmoqni kengaytirish imkoniyatini ham berdi. @tsulbox