ខ្លឹមសារការប្រកាស
2️⃣2️⃣2️⃣ • TDYUda “Biznes huquqi – tadbirkorlik faoliyatining barqarorligi va huquqiy himoyasi kafolati” mavzusida xalqaro davra suhbati o‘tkazildi Toshkent davlat yuridik universiteti Biznes huquqi kafedrasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan V ochiq muloqotida belgilangan vazifalar muhokamasiga bag‘ishlab tashkil etilgan tadbirda Sharqiy Yevropa huquqi ilmiy-tadqiqot instituti (Gеrmaniya), Rеgеnsburg univеrsitеti, Tojikiston davlat universiteti hamda TDYU professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilar, xalqaro ekspertlar ishtirok etdi. Xalqaro ilmiy-amaliy davra suhbati dastlabki qismida yosh olimlarning “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan V ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni ijrosi yuzasidan kelib chiqadigan huquqiy-doktrinal masalalar yuzasidan fikr-mulohazalari tinglandi. Bunda tadbirkorlik subyektlariga xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, kichik tadbirkorlik subyektlarini huquqiy qo‘llab-quvvatlashni takomillashtirish, startap loyihalarini huquqiy qo‘llab-quvvatlash, ulushli ishtirok loyihalari orqali investitsiya jalb etishning korporativ qonunchilikka ta’siri masalalari muhokama qilindi. Davra suhbatining ikkinchi qismida Toshkent davlat yuridik institutida uzoq yillar xizmat qilgan, atoqli huquqshunos olim, yuridik fanlar nomzodi, dotsent Saydaxmedov Muxitdin Saidazimovich ilmiy-ijodiy faoliyati, tadbirkorlik huquqi fanini rivojlantirishdagi ilmiy merosi, uning bugungi kun biznes huquqi nazariyasi va qonunchiligida tutgan ahamiyati xususida so‘z yuritildi. Anjumanda, xalqaro va milliy ekspertlar tomonidan biznes huquqiga doir islohotlar yanada keng ko‘lamli tus olayotgani, mazkur jarayonda amaldagi qonunlar va huquqni qo‘llash amaliyoti tahlili zarurligi, xalqaro tajriba natijalari asosida takliflar berish kerakligi qayd etildi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ochiq muloqotdagi ma’ruzasi mohiyatidan kelib chiqib, yangi o‘quv kurslari (shu jumladan, investitsiya huquqi), tadqiqotchilar uchun yangi ilmiy mavzularni shakllantirish, ommabop maqolalar tayyorlash va chop etishga kelishib olindi. @tsulbox