ខ្លឹមសារការប្រកាស
2⃣2⃣2⃣ • Islambek Rustambekov TTJda yashovchi talabalar bilan uchrashdi Toshkent davlat yuridik universiteti rektori v.b., yuridik fanlar doktori, professor Islambek Rustambekov universitetning Talabalar turar joylarida yashovchi talabalar bilan uchrashdi. Talabalar bilan bevosita muloqot qilish, ularning taklif va muammolarini eshitish, shuningdek, yoshlarga motivatsiya va ruhiy ko‘mak berish maqsadida tashkil etilgan ochiq va samimiy muloqot davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar, taklif va tashabbuslari bilan rektorga murojaat qildi. Islambek Rustambekov ularning har bir savoliga atroflicha javob qaytarib, ta’lim sifati, yashash sharoitlari, dars jarayonlarini takomillashtirish, talabalar bandligini ta’minlash va ularning ijtimoiy faolligini qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida to‘xtaldi. Shuningdek, I.Rustambekov o‘zining ilmiy faoliyati, hayot yo‘li va kasbiy tajribasi davomida duch kelgan qiziqarli voqealar bilan o‘rtoqlashib, mehnatsevarlik, intilish va vatanparvarlik insonni muvaffaqiyat sari olib chiqadigan eng asosiy fazilatlar ekanini ta’kidladi. Uchrashuv davomida osh tayyorlanib, dasturxonga tortildi. Gulxan atrofida davom etgan suhbat, musiqiy chiqishlar va bayramona dastur esa barchaga iliq kayfiyat, jamoaviy birlik va samimiylik ruhini baxsh etdi. Ushbu uchrashuv TDYUda yo‘lga qo‘yilgan “talabaga yaqin boshqaruv” tamoyilining amaliy ifodasi bo‘lib, universitet rahbariyati va talaba-yoshlar o‘rtasidagi ochiq muloqot o‘zaro ishonch va do‘stona aloqalarni yanada mustahkamladi. @tsulbox