ខ្លឹមសារការប្រកាស
👨💻👩💻🧠 • TDYUda professor Syoren A. Kroll ishtirokida seminar-treninglar va mahorat darsi tashkil etildi Toshkent davlat yuridik universiteti Ingliz huquqi va Yevropa Ittifoqi huquqi kafedrasi tashabbusi bilan bakalavriat talabalari va magistrantlar uchun “Basics of EU Law” (“Yevropa Ittifoqi huquqi asoslari”) va “Methods & Interpretation of Law” (“Huquq metodlari va talqini”) maxsus kurslari doirasida seminar-treninglar hamda universitet professor-o‘qituvchilari va xodimlari uchun “Teaching methods for law professors” mavzusida mahorat darsi tashkil etildi. Maxsus kurs mashg‘ulotlari va mahorat darsini “Jura One” huquqshunoslik kompaniyasi rahbari, amaliyotchi huquqshunos Syoren A. Kroll olib bordi. Seminar-treninglarda mavzular yuzasidan foydali ma’lumotlar berilib, talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassisdan javob oldi. Yuridik fanlarni o‘qitish sohasidagi ilg‘or tajribalarni almashish, ta’lim sifatini va professor-o‘qituvchilarning pedagogik samaradorligini oshirish maqsadida tashkil etilgan mahorat darsida huquqni samarali o‘qitishning asosiy tamoyillari, Germaniyadagi yuridik ta’limning muhim jihatlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Darsda o‘qitish sifati va tezkorligi, ya’ni talabalarga imkon qadar samarali ta’lim berish, chuqur bilimlarni amaliy yo‘naltirilganlik bilan uyg‘unlashtirish zarurati, o‘qitishning majburiyligi va tizimliligi (majburiy o‘rganish), ya’ni asosiy bilimlar majmuasini shakllantirish, test topshiriqlari va takrorlash modullarini ishlab chiqish hamda amaliyotga yo‘naltirilganlik va amaliy ko‘nikmalar (operativlik), ya’ni talabalarda huquqiy masalalarni hal qilishda nazariy bilimlarni qo‘llash qobiliyatini rivojlantirish, yuridik hujjatlar tayyorlash va ishlarni tahlil qilish ko‘nikmalarini shakllantirish xususida fikr almashildi. Mahorat darsining interfaol qismida professor Kroll nazariyani amaliyot bilan bog‘lagan holda keys-stadi usullaridan samarali foydalanish yo‘llarini namoyish etdi, shuningdek, huquqshunos talabalarning tanqidiy fikrlashini rivojlantirishga yordam beradigan o‘quv keyslarini ishlab chiqish bo‘yicha misollar keltirdi. Mashg‘ulot yakunida TDYU o‘qituvchilari yuridik ta’limning o‘ziga xos xususiyatlari va taqdim etilgan yondashuvlarni O‘zbekiston ta’lim tizimiga moslashtirish imkoniyatlari haqida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga professordan javob oldi. @tsulbox