ខ្លឹមសារការប្រកាស
🤝🌏👨🏫👩🏫🇺🇿🤝🇯🇵 • Nagoya universiteti Osiyo satellit kampuslari instituti delegatsiyasi TDYUga tashrif buyurdi Yaponiyaning Nagoya universiteti Osiyo satellit kampuslari instituti rahbari o‘rinbosari Kavakita Kazuxito, institutning xalqaro hamkorlik boshqarmasi xodimi Odake Yuko, Nagoya universiteti Huquqshunoslik oliy maktabi professori Alisher Umirdinov va universitetning O‘zbekistondagi vakolatxonasi xodimi Jahongir Hakimovdan iborat delegatsiya Toshkent davlat yuridik universitetiga tashrif buyurdi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan uchrashuvda TDYU rektori v.b., yuridik fanlar doktori, professor Islambek Rustambekov, universitet rahbariyati va Yapon huquqini tadqiq qilish markazi vakillari ishtirok etdi. Suhbat davomida Nagoya universiteti va Toshkent davlat yuridik universiteti o‘rtasida 2005-yilda tashkil etilgan hamda ayni paytga qadar samarali ishlab kelayotgan Yapon huquqini tadqiq etish markazi faoliyati, hozirda Nagoya universitetida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalarning yutuqlari va bunda markazning o‘rni xususida fikr almashildi. Professor Islambek Rustambekov o‘z nutqida O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi ilmiy-huquqiy aloqalar tobora mustahkamlanib borayotganini, markaz faoliyati esa ikki davlat o‘rtasida huquqiy ta’lim, ilmiy tadqiqot va akademik almashinuv sohalarida muhim ko‘prik vazifasini bajarayotganini ta’kidladi. O‘z navbatida, Kavakita Kazuxito hamkorlikdan mamnunligini bildirar ekan, Nagoya universiteti huzuridagi ASCI faoliyati doirasida o‘zbekistonlik talabalar muvaffaqiyatli natijalarga erishayotganini qayd etdi. U yapon huquqi yo‘nalishida ta’lim olayotgan yoshlarning soni va sifat ko‘rsatkichlari yildan yilga ortib borayotganini alohida e’tirof etdi. Uchrashuvda tomonlar markaz faoliyatini yanada takomillashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Ushbu yo‘nalishda Toshkent davlat yuridik universiteti va Nagoya universiteti o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Yapon huquqini tadqiq etish markazini qo‘shma fakultet sifatida reformatsiya qilish taklifi ilgari surildi. Mazkur tashabbus orqali yapon huquqi bo‘yicha qo‘shma o‘quv dasturlarini joriy etish, ikki tomonlama diplom berish tizimini yo‘lga qo‘yish, professor-o‘qituvchilar almashinuvini kengaytirish hamda O‘zbekiston talabalari uchun Yaponiyada amaliyot va tadqiqot imkoniyatlarini oshirish rejalashtirilgan. Tadbirda ushbu taklifning afzalliklari va uni amalga oshirish mexanizmlari muhokama qilinib, zarur huquqiy va tashkiliy choralarni ishlab chiqish bo‘yicha kelishib olindi. Ma’lumot uchun, Nagoya universiteti va Toshkent davlat yuridik universiteti hamkorligida tashkil etilgan Yapon huquqini tadqiq etish markazi 2005-yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Mazkur markazga har yili 40 nafardan ortiq birinchi bosqich talabalari qabul qilinmoqda va bugungi kunga qadar 110 nafar talaba markazni tamomladi. @tsulbox