ខ្លឹមសារការប្រកាស
⚖️👨💻👩💻💬 • Yurislingvistika, yuridik texnika va terminologiya muammolari muhokama qilindi Toshkent davlat yuridik universitetida “Davlat tilida qonun ijodkorligi: yurislingvistika, yuridik texnika va terminologiya muammolari” mavzusida V xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. TDYU O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi hamda Ahmad Yassaviy nomidagi qozoq-turk xalqaro universiteti Qozoq filologiyasi kafedrasi hamkorligida tashkil etilgan anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, milliy va xorijiy ekspertlar, olimlar, professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar va talabalar ishtirok etdi. Xalqaro konferensiyada milliy qonunchilik tili va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini lingvistik ekspertizadan o‘tkazish muammolari, davlat tilida ish yuritish, huquq sohasida terminologik va izohli lug‘atlarni tuzish, yangi huquqiy terminlar va ularni qonun tilida qo‘llash, yuridik terminologiya va uni yuridik texnikada qo‘llash hamda yurislingvistika va yuridik texnika ta’limi masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, til va ta’limdagi innovatsion yondashuvlar, bu boradagi muammolar va ularning yechimlari yuzasidan fikr almashildi. Anjuman davomida “O‘zbekistonda davlat tilini yanada rivojlantirishning muhim masalalari”, “Қазақ тіліндегі заң терминдерінің жасалу жолдары”, “Normativ-huquqiy hujjatlar samaradorligini taʼminlashda til masalasi: ayrim nazariy-huquqiy jihatlar”, “Tezaurus — soha terminlari manbayi”, “Davlat tili va uning huquqiy mavqeyi: Tojikiston Jumhuriyati Konstitutsiyasi misolida”, “Qonun tiliga kirib kelayotgan yangi terminlar: huquqiy ehtiyoj va lingvistik me’yor”, “Язык национального законодательства: юридико-технические проблемы”, “Qonun tilida xorijiy so‘zlar: ularni qanday tartibga solish kerak?”, “Yuridik til leksik birliklarining ma’no munosabatlari”, “Ilmiy ekspertiza: huquqiy asos va tahlil” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi. Konferensiya yakunlariga ko‘ra materiallar to‘plamini e’lon qilish rejalashtirilmoqda. @tsulbox