ខ្លឹមសារការប្រកាស
👨💻👩💻🧠 • Toshkent davlat yuridik universitetida ekohuquqiy trening o‘tkazildi TDYU Yuridik klinikasi tashabbusi bilan “Huquqdan mas’uliyat sari: Yuridik klinikaning ekohuquqiy tashabbuslari” dasturi doirasida, Global Greengrants Fund ko‘magida o‘tkazilgan trening davomida 8 ta sessiya tashkil etildi. Talabalarda ekologik-huquqiy bilim va amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlash, ekologik muammolarga huquqiy yondashuvni shakllantirish, yoshlarning ekologik mas’uliyatini oshirish va ularni ekologik tashabbuslarga faol jalb etish maqsadida o‘tkazilgan mashg‘ulotlarda TDYU Yuridik klinikasining 60 nafarga yaqin volontyori ishtirok etdi. Sessiyalarda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining o‘rinbosari Iskandar Kutbeddinov, ekolog, “Ekolog NNT” ta’sischisi, Yoshlar Parlamenti a’zosi, Ekologiya vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zosi, ekojurnalist Feruzbek Sayfullayev, TDYU professor-o‘qituvchilari Olim Narzullayev, Nishonov Abdulloh, ekofaol, ekologik targ‘ibotchi, “Urikguli” loyihasi muallifi Mo‘tabar Xushvaqtova hamda boshqalar ekologik nazorat va ekologik ekspertiza yo‘nalishlari bo‘yicha ma’ruza qildi. Shuningdek, turli ekologik-huquqiy masalalar, xususan, ekologik muammolar va ularning huquqiy yechimlari, ekologiyaga zarar yetkazuvchi tashkilotlar ustidan murojaat va nazorat tartibi, AESlar (atom elektr stansiyalari) faoliyatining ijobiy va salbiy jihatlari, ekologik nazorat va ekspertiza tartibi, jamoatchilik nazoratining o‘rni va ahamiyati, bioxilma-xillikni saqlash bo‘yicha loyihalar natijalari, ekologik qonunlarni fuqarolarga tushunarli tilda yetkazish zarurligi, ekologik targ‘ibotni inklyuziv va interfaol shaklda olib borishning samarali usullari bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Dastur doirasida “Termos Challenge” va eko-videoroliklar tanlovi ham tashkil etildi. Trening yakunida tashkil etilgan ochiq muloqotda ekologik huquqbuzarliklarga oid murojaatlar tartibi, yangi ekoloyihalar, yoshlarning ekologik tashabbuslarda ishtiroki va fuqarolik jamiyati faolligini oshirish masalalari muhokama qilindi. @tsulbox