ខ្លឹមសារការប្រកាស
📢🎉🎓 • TDYUda “Yoshlar hayotida 5 muhim tashabbus” shiori ostida navbatdagi “Talabalar festivali”ga start berildi Joriy yilgi festival klub va loyihalar yarmarkasi bilan boshlandi. Yarmarkada universitetda faoliyat yuritayotgan 48 ta klub va loyiha o‘z taqdimoti bilan ishtirok etdi. Oliy ta’lim muassasalari orasida Toshkent davlat yuridik universitetida birinchilardan bo‘lib tashkil etilayotgan yarmarka davomida talabalar loyiha va klublar, ularga a’zo bo‘lish tartibi haqida koordinatorlardan to‘liq ma’lumot olish imkoniga ega bo‘ldi. Festival doirasida o‘tkazilgan “Kelajak o‘yinlari” sport musobaqalari barchada katta qiziqish uyg‘otdi. Chunki ham kibersport, ham mini-futbolni o‘zida birlashtirgan musobaqa talabalar ham aqliy, ham jismoniy tayyorgarligini namoyish etdi. Unda jamoalar dastlab “Playstation” orqali bahslashgan bo‘lsa, ushbu hisob bilan mini-futbolda kuch sinashdi. Musobaqada har bir fakultetdan 2 tadan jamoa ishtirok etdi. Shuningdek, kun davomida “Men chizgan surat” tanlovi ham o‘tkazildi. “TDYU — mening universitetim” mavzusida tashkil etilgan tanlovda ishtirokchilar mavzu yuzasidan o‘z ijod namunalarini yaratdi. Shu bilan birga tanlov doirasida iqtidorli talabalarning asarlari ko‘rgazmasi ham tashkil etildi. Ishtirokchilarning ijodiy ishlari mutaxassislar tomonidan baholandi. Kun yakunida “Yoshlar hayotida 5 muhim tashabbus” shiori ostidagi “Talabalar festivali”ning rasmiy ochilish marosimi hamda “17-noyabr — Xalqaro talabalar kuni” munosabati bilan bayram tadbir o‘tkazildi. Tadbir davomida 20 nafar faol va iqtidorli talabaga universitetning “Faxriy yorlig‘i” va “Ko‘krak nishoni” topshirildi. “Talabalar festivali” davom etmoqda. Festivalning ikkinchi kunida “Quest Step by Step” sarguzashtli-intellektual va huquqiy tanlovi, “Qonun ustuvor bo‘lgan yurtning bayrog‘i ham doimo baland hilpiraydi!” mavzusida “Eng yaxshi targ‘ibotchi” va “Eng yaxshi maqola” hamda “Zukko kitobxon” tanlovlari o‘tkaziladi. @tsulbox