ខ្លឹមសារការប្រកាស
🤝🌏👨🏫👩🏫🇺🇿🤝🇯🇵 • TDYU Yaponiyaning yetakchi universitetlari bilan hamkorlikni kengaytirmoqda Toshkent davlat yuridik universiteti Xalqaro hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i Fitrat Umirov Yaponiyaning yetakchi universitetlariga tashrif buyurib, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, yangi ta’lim dasturlarini joriy etish va ilmiy-akademik aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan muhim kelishuvlarga erishdi. Xususan, kunchiqar yurtga tashrif doirasida F.Umirov Nagoya iqtisodiyot universiteti rektori, professor Saburi Harua, prorektor, professor Tomioka Masashi, huquqshunoslik fakulteti dekani, professor Hagihara Akihisa, fakultet dotsenti Davron Ubaydullayev, Xalqaro aloqalar markazi direktori Sakakura Noriji bilan uchrashdi. Uchrashuvda Nagoya iqtisodiyot universiteti vakillari tomonidan joriy yilda ikki universitet o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan 2+2 qo‘shma bakalavriat dasturi alohida e’tirof etildi. Muzokaralar davomida TDYU bitiruvchilari uchun kelgusi yildan boshlab Nagoya iqtisodiyot universiteti magistraturasiga imtiyozli kirish imkoniyatini taqdim etuvchi “progression-dasturlar”ni ishga tushirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, tashrif doirasida Nagoya universiteti CALE markazi direktori, professor Murakami Masako, direktor o‘rinbosari, dotsent Makino Emi, Yapon huquqi markazlari direktori, professor Matsuo Yoh bilan uchrashuv tashkil etildi. Tadbirda Toshkent davlat yuridik universitetida faoliyat yuritayotgan Yapon huquqini tadqiq qilish markazini “Advanced Japanese Law Program” doirasida qayta tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Nagoya universiteti TDYUga yapon huquqi va tili o‘qituvchilarini yuborish, talabalar uchun Yaponiyada qisqa va uzoq muddatli amaliyotlarni tashkil etishga tayyorligini bildirdi. Shu bilan birga TDYU va Nagoya universiteti o‘rtasida magistratura bosqichi uchun qo‘shma ta’lim dasturini tashkil etish (2+2) bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bundan tashqari, Fitrat Umirov Nagoya universitetida tahsil olayotgan talabalar bilan uchrashib, ularga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va ilm-fanni yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni mazmun-mohiyati, hujjatda belgilangan vazifalar haqida ma’lumot berdi. Uchrashuvda TDYUda ish bilan ta’minlash imkoniyatlari xususida so‘z yuritilib, talabalarning ilmiy tadqiqot mavzulari borasida fikr almashildi. Tashrif davomida F.Umirov CALE markazi tomonidan tashkil etilgan “Annual Conference 2025”da ishtirok etib, “Xorijiy davlatlar konstitutsiyaviy kafolat tizimlarining funksional ekvivalentlari” mavzusida ma’ruza qildi. TDYU Xalqaro hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i Fitrat Umirov Yaponiyaga tashrifi doirasida Yokohama milliy universiteti xalqaro ishlar bo‘yicha prorektori, professor Matonari Tanobu, Xalqaro va biznes huquqi bo‘limi boshlig‘I, professor Vatanabe Taku, Xalqaro va biznes huquqi bo‘limi professori Sekine Takemasa bilan uchrashdi. Uchrashuvda Yokohama milliy universiteti va TDYU o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi hamda hamkorlikning birinchi qadami sifatida hamkor univesitet bilan Adliya vazirligi tizimi xodimlari, TDYU professor-o‘qituvchilari va xodimlari uchun masofaviy doktorantura dasturini ishga tushirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bundan tashqari, Yokohama milliy universiteti bilan “WTO LAW (Jahon savdo tashkiloti huquqi)” tadqiqot markazini ochish bo‘yicha kelishib olindi. @tsulbox