ខ្លឹមសារការប្រកាស
⚖👨💻👩💻💬 • Biznes huquqi rivojida yangi bosqich: ta’lim, tadqiqot va amaliyot integratsiyasi muhokama qilindi Toshkent davlat yuridik universitetida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va ilm-fanni yanada isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonida belgilangan vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan “Biznes huquqi: ta’lim-tadqiqot-amaliyot integratsiyasi” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Biznes huquqi kafedrasi tashabbusi bilan tashkil etilgan anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari tadqiqotlari markazi, “Raqamli transformatsiya va autsorsing markazi” davlat muassasasi, Savdo-sanoat palatasi, “Yingke law firm Tashkent” LLC (Xitoy), O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot Assambleyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ayollar assotsiatsiyasi, JINGSH yuridik firmasi (Xitoy), Tojikiston davlat huquq, biznes va siyosat universiteti, “OʻzGashkliti” ilmiy-tadqiqot instituti qoshidagi Xalqaro ilmiy xizmat koʻrsatish markazi, Kichik biznes uyushmasi vakillari, xalqaro ekspertlar, professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar ishtirok etdi. Konferensiyaning dastlabki qismida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va ilm-fanni yanada isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonidan kelib chiqqan holda yuridik ta’lim va huquqni qo‘llash amaliyoti uyg‘unligini ta’minlashga qaratilgan masalalar muhokama qilindi. Muhokama davomida konferensiyada biznes huquqi yo‘nalishida amaliy ko‘nikmalarni kuchaytirish maqsadida Biznes klinika faoliyatini yo‘lga qo‘yish, sayyor (outreach) kafedralar va amaliyot bazalarini kengaytirish, talaba va yosh tadqiqotchilarni real loyihalarga jalb etish tashabbuslari ilgari surildi. Bundan tashqari biznes huquqi bo‘yicha amaliy va ilmiy grantlar (tadqiqot, metodika, legal-tech, norma ijodkorligi, tahliliy hisobotlar)ni yo‘lga qo‘yish hamda sohada yaratilayotgan ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish (konsalting, model hujjatlar, komplayens yechimlari, raqamli platformalar, trening paketlari va boshqa huquqiy mahsulotlar) bo‘yicha mexanizmlarni rivojlantirish zarurligi alohida qayd etildi. Anjumanning ikkinchi qismida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, yuridik fanlar doktori, fan arbobi Hojiakbar Rahmonqulov tavalludining yuz yilligiga bag‘ishlandi va unda biznes huquqi fani oldida turgan zamonaviy masalalarga doir mavzularda ma’ruzalar qilindi. Xalqaro va milliy ekspertlar tomonidan yuridik ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar yangi bosqichga qadam qo‘yayotgani, asosiy maqsad nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlagan holda huquqni qo‘llash amaliyoti uchun tayyor, zamonaviy fikrlovchi, qadriyatlarni hurmat qiluvchi, xorijiy tillarni biladigan malakali yurist kadrlarni yetishtirish ekani e’tirof etildi. Tadbir doirasida Prezident farmonida belgilangan vazifalar yuzasidan zamonaviy yuridik ta’lim oldida turgan vazifalar, ta’lim-tadqiqot-amaliyot uyg‘unligini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlar yuzasidan fikr almashildi. Ishtirokchilar mavzu yuzasidan xulosalari va takliflari bilan o‘rtoqlashdi. @tsulbox