ខ្លឹមសារការប្រកាស
0⃣0⃣0⃣ • Botir Xidoyatov Toshkent davlat yuridik universiteti “Faxriy professori” faxriy unvoni bilan taqdirlandi Xabaringiz bor, Toshkent davlat yuridik universitetida huquqshunoslik rivojiga hissa qo‘shgan taniqli olimlar, professor-o‘qituvchilarning yubileylarini o‘tkazish, shu munosabat bilan turli ilmiy anjumanlarni tashkil etish an’anasi yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yilda ham ushbu an’ana davom ettirilib, taniqli olim, o‘zining ilmiy izlanishlari, fidoyiligi va pedagogik faoliyati bilan yurtimiz ilm-fani taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shgan dotsent Botir Xidoyatov tavalludining 90 yilligi munosabati bilan ustoz-yuristning hayoti va ilmiy merosiga bag‘ishlangan anjuman tashkil etilgan edi. Bugun o‘zining ilmiy merosi, izlanishlari bilan yurtimizda kriminalistika fani va sohasi rivoji hamda sud ekspertizasi metodikasini takomillashtirishga ulkan hissa qo‘shgan olim, ko‘plab shogirdlarning ustozi, marhum Botir Xidoyatov Toshkent davlat yuridik universiteti rektorining buyrug‘i bilan “Faxriy professor” faxriy unvoni bilan taqdirlandi. Qayd etish joiz, ayni damga qadar TDYUda “Faxriy professor” unvoni xorijlik mutaxassislarga berilgan bo‘lsa, ilk marotaba mazkur unvon huquqshunoslik sohasi rivojiga hissa qo‘shgan marhum huquqshunosga berildi. Endilikda Toshkent davlat yuridik universitetida bu an’ana doimiy davom ettiriladi. Faxriy unvon Toshkent davlat yuridik universiteti rektori tomonidan olimning farzandi Toshkent davlat yuridik universiteti professori Baxtiyor Hidoyatovga topshirildi. Ma’lumot uchun: Botir Xidoyatov 1935-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U Sud ekspertizasi ilmiy-tadqiqot institutining trassalogik va ballistik ekspertizalari bo‘limida ilmiy xodim, ekspert-kriminalist, laboratoriya mudiri, Toshkent davlat yuridik universiteti Huquqshunoslik fakulteti Kriminalistika kafedrasida dotsent, Toshkent davlat yuridik instituti Kriminalistika kafedrasida dotsent, O‘zbekiston Milliy universiteti Huquqshunoslik fakultetida professor lavozimlarida faoliyat yuritgan. Botir Xidoyatov bir qator ilmiy maqolalar hamda “Kriminalistik ekspertizani tayinlash va uni o‘tkazish tartibi”, “Тактические особенности проведения следственных действий с участием специалиста”, “Осмотр трупа. Прововые и криминалистические основы”, “Участие специалиста в проведении следственных действий”, “Назначение и проведение криминалистической экспертизы”, “Современные возможности различных видов судебных экспертиз”, “Тактические особенности назначения судебных экспертиз” kabi o‘quv va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar muallifidir. Shu bilan birga olim 1976-yilda birinchi marta o‘zbek tilida nashr etilgan kriminalistika darsligining hammuallifi hisoblanadi. @tsulbox