ខ្លឹមសារការប្រកាស
0⃣0⃣0⃣ • TDYUda Huquqiy tadqiqotlar oliy maktabi tashkil etildi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va ilm-fanni yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonidan belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida Toshkent davlat yuridik universitetida ilmiy-innovatsion faoliyatni boshqarishning yangi institutsional tuzilmasi joriy etildi. Yangi tuzilmaga muvofiq, universitetda ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar va xalqaro reytinglar bilan ishlash jarayonlari Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor rahbarligida markazlashtiriladi. Farmon asosida ilmiy-innovatsion sohada quyidagi yangi va yangilangan tuzilmalar shakllantirildi: Huquqiy tadqiqotlar oliy maktabi — huquq sohasida fundamental va amaliy ilmiy izlanishlarni rivojlantirish, zamonaviy ilmiy maktablarni shakllantirish hamda ilmiy kadrlar salohiyatini oshirish bilan shug‘ullanadi. Huquqiy innovatsiyalar va sun’iy intellekt markazi — huquqiy sohada raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, legal tech yechimlarini joriy etish, innovatsion loyihalar va startaplarni qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanadi. Strategik rivojlanish va xalqaro reytinglarga kirish bo‘limi — universitetning uzoq muddatli strategik rivojlanishini ta’minlash, xalqaro reytinglar (QS, THE va boshqalar) talablariga muvofiq tizimli ishlarni tashkil etish hamda global akademik maydondagi nufuzini oshirish bilan shug‘ullanadi. Tahririy-nashriyot markazi — ilmiy maqolalar, monografiyalar, darslik va o‘quv qo‘llanmalarni tayyorlash, universitet nashrlarining xalqaro ilmiy bazalarga integratsiyasini ta’minlash bilan shug‘ullanadi. Mazkur tashkiliy o‘zgarishlar ilmiy faoliyat samaradorligini oshirish, innovatsion yondashuvlarni kengaytirish hamda Toshkent davlat yuridik universitetining milliy va xalqaro miqyosdagi raqobatbardoshligini mustahkamlashga qaratilgan. Amalga oshirilayotgan mazkur chora-tadbirlar universitetda ilmiy faoliyatni tizimli rejalashtirish, muvofiqlashtirish va natijadorlikni oshirishga xizmat qiladi. @tsulbox