ខ្លឹមសារការប្រកាស
2⃣2⃣2⃣ • O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-1-son qarori ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha TDYU rektori, Yashnobod tuman hokimligi, tumandagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari hamda mahallalar yettiligi vakillari ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-yanvardagi “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-1-son qarori bilan mahallalarda jinoyatchilikning oldini olish, ijtimoiy profilaktikani kuchaytirish, jinoyatchilikka olib keluvchi sabab va shart-sharoitlarni barvaqt aniqlash hamda ularni bartaraf etishga qaratilgan manzilli va kompleks ishlash tizimi joriy etildi. Qarorda davlat organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar bilan bir qatorda ilmiy va ta’lim tashkilotlarining ishtirokini ta’minlash, profilaktika ishlarini ilmiy tahlillar va amaliy tavsiyalar asosida tashkil etish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan. Shuningdek, qaror bilan har bir hudud kesimida mas’ul organlar aniq belgilab berilgan bo‘lib, Yashnobod tumani uchun mas’ul organ sifatida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi belgilangan. Prezident qarori ijrosi yuzasidan Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida o‘tkazilgan tahliliy yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Yashnobod tuman hokimligi, tumandagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari hamda mavjud barcha mahallalar yettiligi vakillari ishtirok etdi. Yig‘ilishda Toshkent davlat yuridik universiteti rektori Baxshillo Xodjayev ma’ruza qilib, ma’ruzasini mahalla jamiyatning eng muhim ijtimoiy qadriyati ekani, mahalladagi barqarorlik va xavfsizlik esa butun jamiyat tinchligiga bevosita ta’sir ko‘rsatishi haqidagi fikrlar bilan boshladi. Rektor o‘z so‘zida Prezidentning PQ-1-son qarorida mahallalarda jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan ishlar tizimli, manzilli va ilmiy asosda tashkil etilishiga alohida e’tibor qaratilganini ta’kidlab o‘tdi. Xususan, qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent davlat yuridik universitetida maxsus ishchi guruhlar tashkil etilgani, tumandagi barcha mahallalar beshligi vakillarini o‘qitishga qaratilgan o‘quv-uslubiy ishlar yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi. Rektor ma’ruzasida ishchi guruh tarkibida professor-o‘qituvchilar, doktorantlar va mustaqil izlanuvchilar ishtirokida Yashnobod tumani mahallalarida jinoyatchilikning kelib chiqish sabablari va shart-sharoitlarini o‘rganish ishlari boshlanishi belgilangani aytildi. Ushbu o‘rganishlar doirasida ilmiy xulosalar va amaliy tavsiyalar ishlab chiqilishi belgilangani ta'kidlandi. Bundan tashqari, ta’lim jarayoni doirasida dual ta’lim tizimi asosida Toshkent davlat yuridik universiteti talabalarini mahallalarga biriktirish, ularni amaliy profilaktika ishlariga jalb etish, joylarda mavjud muammolarni o‘rganish hamda huquqni qo‘llash amaliyoti bilan bevosita tanishtirish ishlari izchil ravishda amalga oshirilishi belgilangani qayd etildi. Yig‘ilish yakunida qaror ijrosini ta’minlash doirasida idoralararo hamkorlikni yanada kuchaytirish, mahallalarda xavfsiz va barqaror ijtimoiy muhitni yaratishda ilmiy asoslangan yondashuvlardan samarali foydalanish ustuvor ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi. @tsulbox