ខ្លឹមសារការប្រកាស
2⃣2⃣2⃣ • TDYU Antikorrupsiya monitoring guruhining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi Xabaringiz bor, Toshkent davlat yuridik universiteti rektorining buyrug‘i bilan universitetda korrupsiyaning oldini olish, mazkur illatga qarshi toqatsiz muhitni yaratish maqsadida xodim, talaba, nodavlat hamda notijorat tashkilotlari vakillaridan iborat doimiy asosda faoliyat yurituvchi jamoatchilik guruhi — Antikorrupsiya monitoring guruhi tuzilgan. Joriy yilda TDYU rektorining buyrug‘iga muvofiq, jamoatchilik guruhining yangi tarkibi tasdiqlandi. Shu munosabat bilan Antikorrupsiya monitoring guruhining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi. Yig‘ilish davomida guruh faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, universitetda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan tashkiliy va huquqiy chora-tadbirlar, shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, ta’lim jarayonida halollik tamoyillarini mustahkamlash, xodimlar va talabalar o‘rtasida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot berildi. Yig‘ilishda so‘z olganlar, korrupsiyaga qarshi kurashishda faqat an’anaviy yondashuvlar bilan cheklanib qolmasdan, ochiqlik, raqamlashtirish, jamoatchilik nazorati va talabalar faolligini oshirish asosiy ustuvor vazifa bo‘lishi zarurligini qayd etdi. Bundan tashqari, Antikorrupsiya monitoring guruhi ishini zamonaviy yondashuvlar asosida qayta tashkil etish va uning vazifalarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish zarurati mavjudligi, guruh faoliyati ochiqlik, shaffoflik, hisobdorlik va raqamli texnologiyalar tamoyillari asosida yo‘lga qo‘yilishi lozimligi hamda guruh faoliyatini faqat nazorat qiluvchi tuzilma sifatida emas, balki tahlil qiluvchi, oldini oluvchi va maslahat beruvchi platforma sifatida shakllantirish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi. Tadbirda Antikorrupsiya monitoring guruhining jamoatchilik nazoratini kuchaytirishdagi o‘rni, murojaatlar bilan ishlash, xavf-xatarlarni aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha takliflar bildirildi. Kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan chora-tadbirlar, jumladan, targ‘ibot-tushuntirish ishlari, monitoring va tahliliy faoliyatni tizimli yo‘lga qo‘yish masalalari yuzasidan fikr almashildi. @tsulbox