ខ្លឹមសារការប្រកាស
✅0⃣0⃣0⃣ • Toshkent davlat yuridik universiteti Professorlar kengashi a’zoligiga nomzod Muhitdinova Firyuza — yuridik fanlar doktori, professor, 2-darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni sohibasi, 3-darajali adliya maslahatchisi. F.Muhitdinova Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan, mutaxassisligi — huquqshunos. U davlat va huquq tarixi, siyosiy va huquqiy ta’limotlar tarixi fanlari bo‘yicha yetuk olimalardan biridir. F.Muhitdinova 7 ta monografiya, 9 ta darslik (shundan 1 tasi hammualliflikda), 15 ga yaqin o‘quv qo‘llanma, 20 dan ortiq risola, 300 dan ortiq ilmiy maqola va boshqa ilmiy ishlanmalar muallifidir. Shuningdek, olimaning 25 ta ilmiy maqolasi (hammualliflikda) “Scopus” bazasiga kiruvchi nufuzli xorijiy ilmiy jurnallarda chop etilgan. Olimaning ilmiy-pedagogik faoliyati davlat va huquq nazariyasi, davlat hokimiyati tizimi, huquqiy tafakkur, huquqiy islohotlar, huquqiy madaniyat va huquqiy ta’lim masalalarini qamrab oladi. U yuridik ta’lim va fan rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan yetuk olim va tajribali ustozdir. F.Muhitdinova 2024–2025-yillarda Al-Farobiy nomidagi Qozogʻiston Milliy universitetida o‘tkazilgan xalqaro ilmiy konferensiyalarda, shuningdek, boshqa o‘nlab nufuzli xalqaro anjumanlarda ma’ruzalar bilan ishtirok etgan. U Muxtor Auezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston davlat universitetida ham ilmiy tashriflar doirasida ma’ruza va mahorat darslarini o‘tkazib kelmoqda. Shuningdek, Al-Farobiy nomidagi Qozogʻiston Milliy universiteti professori A.Ibraeva bilan hammualliflikda ilmiy monografiya ham chop etgan. F.Muhitdinova Toshkent davlat yuridik universiteti hamda Qoraqalpog‘iston davlat universiteti huzuridagi “12.00.01 — Davlat va huquq nazariyasi va tarixi, huquqiy ta’limotlar tarixi” ixtisosligi bo‘yicha ilmiy kengash va ilmiy seminar a’zosi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Shu bilan birga, u Al-Farobiy nomidagi Qozogʻiston Milliy universitetida ikki nafar ilmiy tadqiqotchiga ilmiy maslahatchi sifatida rahbarlik qilmoqda. Shu bilan birga, F.Muhitdinova Xalq deputatlari Mirobod tuman Kengashi deputati, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi a’zosi, Respublika oila-ayollar harakati a’zosi, Respublika ma’rifat targ‘ibotchilari jamiyati a’zosidir. Olimaning yuksak mehnati va jamiyat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi davlat tomonidan munosib e’tirof etilib, 2023-yilda 2-darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan taqdirlangan. Shuningdek, F.Muhitdinova mustaqilligimiz hamda Konstitutsiyamizning yirik sanalariga bag‘ishlangan esdalik nishonlari, “Ma’rifat fidoyisi”, “Ibratli oila”, “Mo‘tabar ayol” kabi ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan. F.Muhitdinovaning mehnat faoliyati 1981-yildan boshlangan bo‘lib, u ishlab chiqarish, ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim tizimida izchil kasbiy yo‘lni bosib o‘tgan. Bugungi kunda u yuridik fan va ta’lim sohasida yetuk mutaxassis, malakali pedagog hamda jamoat arbobi sifatida faoliyat yuritmoqda. @tsulbox