TGTGInsighttelegram intelligenceLIVE / telegram public index
← TSULbox ORIGINAL | Photo, Video, Media, Files
TSULbox ORIGINAL | Photo, Video, Media, Files avatar

TGINSIGHT POST

Post #660

@tsulbox

TSULbox ORIGINAL | Photo, Video, Media, Files

ការមើល1,140ចំនួនការមើល
បានផ្សព្វផ្សាយ29 មករា29/01/2026, 12:08 PM
ខ្លឹមសារ

ខ្លឹមសារការប្រកាស

⚖👨‍💻👩‍💻💬 • Oilani mustahkamlash va uni milliy qadriyat sifatida mahalladagi o‘rnini oshirish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar muhokama qilindi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 26-dekabrdagi Murojaatnomasida oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish masalalari alohida ta’kidlangan edi. Davlatimiz rahbari xotin-qizlarning qadr-qimmatini joyiga qo‘yish, farzandlarimizni himoya qilish — qadim-qadimdan erkaklar uchun sha’n va g‘urur masalasi bo‘lib kelgani, lekin jamiyatimizda ayollar va bolalarning turli zo‘ravonliklarga uchrayotgani buyuk tarix, yuksak ma’naviyat va ma’rifatga ega bo‘lgan, oilani muqaddas deb biladigan xalqimizga aslo yarashmasligini alohida qayd etgan edi. Prezidentimiz, shuningdek, oilaviy zo‘ravonlik nafaqat oilaning ichki muammosi, balki butun jamiyatga tegishli masala ekanini ta’kidlab, so‘nggi ikki yilda ayollar va bolalarga nisbatan 2 mingdan ziyod jinoiy holat qayd etilganini eslatgan edi. 2026-yil 27-yanvarda bo‘lib o‘tgan huquq-tartibot idoralarining faoliyatini tanqidiy ko‘rib chiqish yig‘ilishida ham jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida yangi vazifalar belgilandi. Jumladan, mahallalarda va oilalarda yuzaga kelayotgan nizolar, oilaviy zo‘ravonlikning sabab va shart-sharoitlarini ilmiy jihatdan o‘rganish hamda bu borada asoslangan yechimlar ishlab chiqishda olimlarning rolini oshirish alohida qayd etildi. Aynan shu topshiriqlar hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-martdagi “Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-103-son qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 9-dekabrdagi 71-sonli bayoni ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent davlat yuridik universitetida “Oilani mustahkamlashning huquqiy asoslarini takomillashtirishning ilmiy-amaliy masalalari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Toshkent davlat yuridik universiteti Biznes huquqi va sud himoyasi fakulteti Fuqarolik huquqi shu’basi hamda “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti hamkorligida tashkil etilgan konferensiyada yetakchi olimlar, sudyalar, davlat organlari vakillari, amaliyotchi yuristlar, ekspertlar va mustaqil tadqiqotchilar ishtirok etdi. Anjumanda mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash, ajrimlar sonining ortib borishiga ta’sir etayotgan huquqiy, ijtimoiy va institutsional omillarni chuqur tahlil qilish hamda amaldagi qonunchilikni takomillashtirish, “Raqamli ota-onalik” (Digital Parenting) konsepsiyasini huquqiy jihatdan mustahkamlash, bolalarning raqamli muhitdagi xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan normativ-huquqiy asoslarni yaratish masalalari muhokama qilindi. Anjuman ishtirokchilari oila institutini mustahkamlashga qaratilgan zamonaviy yondashuvlar yuzasidan fikr almashdi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda respublika bo‘yicha 37 544 ta nikoh bekor qilingan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2024-yildagi holat (32 217 ta)ga nisbatan sezilarli darajada oshgani qayd etildi. Muhokamalar davomida oilaviy munosabatlarni huquqiy tartibga solishda mavjud muammolar, sud amaliyotida uchrayotgan kamchiliklar, nizolarni sudgacha hal etish mexanizmlarini kengaytirish hamda mahalla institutining bu boradagi rolini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar tomonidan ajrimlarning oldini olishda professional mediatorlar institutidan samarali foydalanish zarurligi ta’kidlandi. Konferensiyada “Oilaviy mediatorlar kursi”ni joriy etish, oilaviy tadbirkorlikni huquqiy tartibga solish, Oila kodeksiga oilaviy tadbirkorlikka oid maxsus normalarni kiritish takliflari bildirildi. Yakunda ishtirokchilar tomonidan oila institutini mustahkamlash, ajrimlar profilaktikasini kuchaytirish hamda mahallalarning bu boradagi rolini oshirishga qaratilgan ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqish va kelgusida ushbu yo‘nalishda mahallalar kesimida amaliy uchrashuvlar, seminarlar va targ‘ibot tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha aniq rejalar tasdiqlandi.