ខ្លឹមសារការប្រកាស
2⃣2⃣2⃣ • Toshkent davlat yuridik universitetida rektorlar ishtirokida Prezident Farmoni loyihasi muhokamasi o‘tkazildi Toshkent davlat yuridik universitetida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ““Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmoni loyihasi bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Anjumanda davlat va nodavlat tashkilotlar vakillari, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari rektorlari, soha mutaxassislari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Farmon loyihasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar, islohotlar dasturlarining mazmun-mohiyati hamda ularning huquqiy, ijtimoiy va amaliy jihatlarini keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish maqsadida tashkil etilgan tadbirda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida amalga oshirilishi rejalashtirilgan asosiy tashabbuslar, 5 ta ustuvor yo‘nalish doirasidagi islohotlar dasturlari, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan maqsad va vazifalarning huquqiy ta’minoti muhokama qilindi. Avvalo, mahalla institutini rivojlantirish masalalari muhokama markazida bo‘ldi. Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini oshirish, infratuzilmani yaxshilash, aholining kundalik ehtiyojlariga yaqin bo‘lgan davlat xizmatlarini samarali tashkil etish mexanizmlari yuzasidan fikrlar bildirildi. Mahallaning jamiyatdagi o‘rni nafaqat ijtimoiy yordam markazi, balki tashabbus va rivojlanish tayanchi sifatida mustahkamlanishi lozimligi ta’kidlandi. Shuningdek, Farmon loyihasida belgilangan 5 ta ustuvor yo‘nalish doirasidagi islohotlar dasturlari muhokama qilindi. Ular orqali davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, hududlarni kompleks rivojlantirish, aholining turmush sifatini yaxshilash hamda inson manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan tizimli choralar amalga oshirilishi qayd etildi. Bundan tashqari, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan uzoq muddatli maqsad va vazifalarning huquqiy asoslarini mustahkamlash xususida fikr almashildi. Strategik hujjatlarning ijrosini ta’minlashda qonunchilikni takomillashtirish, normativ-huquqiy hujjatlarning o‘zaro uyg‘unligi va ularning real hayotdagi samarasi alohida ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Muhokamada ishtirok etganlar islohotlar dasturlarini amalga oshirish jarayonida nazorat, monitoring va baholash mexanizmlarini kuchaytirish zarurligini qayd etdi. Shu bilan birga, mas’ul ijrochilarning aniq belgilanishi, ko‘rsatkichlar asosida baholash tizimini joriy etish hamda jamoatchilik nazoratini kengaytirish takliflari ilgari surildi. Mazkur jamoatchilik muhokamasi mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda fuqarolik jamiyati va ilmiy-huquqiy hamjamiyatning faol ishtirokini ta’minlash, shuningdek, qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning sifatini oshirish, davlat boshqaruvida ilmiy-huquqiy yondashuvni kuchaytirish, fuqarolik jamiyati institutlari va akademik hamjamiyatning islohotlar jarayonidagi faol ishtirokini ta’minlashga xizmat qiladi. @tsulbox