ខ្លឹមសារការប្រកាស
⚖👨💻👩💻💬 • Jahongir Yuldashev xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada ma’ruza qildi O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes ombudsman), Osiyo taraqqiyot banki hamda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda “Davlat organlarining tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuviga yo‘l qo‘ymaslik” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Anjumanda mamlakatimiz va xorijiy davlatlardan kelgan yetakchi ekspertlar, xalqaro tashkilotlar vakillari, amaliyotchilar va olimlar ishtirok etdi. Tadbir davomida tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishdagi zamonaviy yondashuvlar, ma’muriy yuklamalarni kamaytirish, raqobat muhitini yaxshilash, davlat nazorati va tekshiruvlarining samaradorligini oshirish, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishda xususiy sektor manfaatlarini hisobga olish masalalari muhokama qilindi. Xalqaro konferensiyada Toshkent davlat yuridik universiteti Tadbirkorlik va korporativ huquq shu’basi mudiri, yuridik fanlar doktori, professor Jahongir Yuldashev ham ishtirok etib, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishning ilmiy-huquqiy masalalari bo‘yicha ma’ruza qildi. Ma’ruzada yashirin iqtisodiyotning mamlakat iqtisodiy rivojiga salbiy ta’siri va uning sabablaridan biri sifatida ma’muriy bosimlar, bunga huquqni qo‘llash amaliyotida bir xil yondashuvning yo‘qligi asos bo‘lishi ilmiy asoslab berildi. Ilmiy muammo sifatida ma’muriy bosim ko‘p hollarda qonunbuzarlik emas, balki “qonuniylik” niqobidagi noqonuniy amaliyot” sifatida namoyon bo‘layotgani tanqid qilinib, yechimi sifatida huquqiy aniqlikni ta’minlash, subyektiv qarorga qarshi raqamlashtirish, davlat va tadbirkor o‘rtasida institutsional ishonchni kuchaytirish bilan birga rag‘batlantiruvchi huquqiy model taklif etildi. Konferensiya yakunida bildirilgan taklif va tavsiyalar tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash, huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish hamda davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi samarali hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi. @tsulbox