ខ្លឹមសារការប្រកាស
2⃣2⃣2⃣ • Ma’muriy va moliya huquqi bo‘yicha amaliyotga yo‘naltirilgan yuridik ta’lim masalalari muhokama qilindi Toshkent davlat yuridik universiteti Ma’muriy va moliya huquqi shu’basi tomonidan “Ma’muriy va moliya huquqi: amaliyotga yo‘naltirilgan yuridik ta’lim” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Tadbirda professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar, talabalar, hamkor tashkilotlar vakillari va mavzuga qiziquvchilar ishtirok etdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va ilm-fanni yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan anjumanda yuridik ta’lim jarayonlarining amaliyot bilan uzviy bog‘liqligini ta’minlashga qaratilgan amaliy o‘qitish hamda klinik va dual ta’lim tamoyili asosida ta’lim olish tizimi, yuridik ta’lim tizimida ta’lim — tadqiqot — amaliyot integratsiyasini yoʻlga qoʻyish, boshqaruvda akademik-kollegial yondashuvlarni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, Ma’muriy va moliya huquqi shu’basi tomonidan o‘qitiladigan fan dasturlari doirasidagi darslarning 50 foizini auditoriyalarda, 50 foizini sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa yuridik sohaga oid tashkilotlarda o‘tkazish nisbati va asoslari, soliq huquqi fanini soliq va prokuratura organlarida, ma’muriy huquq va ma’muriy sud ish yurituvi fanlarini ijro hokimiyati hamda ma’muriy sudlarda amaliyotchilar bilan olib borish, klinik seminarlar o‘tkazishning asosiy yo‘nalishlari va hamkorlik masalalari yuzasidan takliflar ishlab chiqish va tatbiq qilish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Bunda ijro hokimiyati, sud va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda sifatli va zamon talablariga javob beradigan, kreativ fikrlaydigan kadrlar tayyorlash, boshqaruv organlarining talabi hamda amaliyotga moslashtirish yuzasidan o‘quv dasturlarni ishlab chiqish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Davra suhbati davomida xorijiy universitetlarning o‘quv dasturlari hamda amaliyot asosida o‘qitish tajribalari haqida ma’lumot berildi. Mazkur davra suhbati yuridik ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning ochiqligi va shaffofligini ta’minlashga, ta’lim jarayonini amaliyot bilan bog‘lashga, hamkorlar bilan muloqotni mustahkamlashga hamda ta’lim — tadqiqot — amaliyot integratsiyasini kuchaytirishga xizmat qiladi. @tsulbox