Contentum
Adham yaxshi mavzuni ko'tarayapti, bugun juda ko'pchilik tayyor SI modellarga API orqali ulanish bilan loyhalar qilayapti va o'zini AI muhandis yoki AI dasturchi deb e'lon qilayapti. Bunday yo'llar bilan butun boshli startuplar ko'tarilayapti va ommaga taqdim etilayapti. Bu yomon emas, lekin uzoq muddatda barqaror (sustainable) yechim emas. Tayyor AI modellar sizni o'ziga bo'glab qo'yadi, siz o'zingizning imkoniyatlaringiz emas, modelning imkoniyatlari bilan chegaralanib qolasiz. Buning o'ziga yarasha afzalliklari ko'p, lekin kamchiliklari ham kam emas. Eng avvalo bu narx. Vaqt o'tib, foydalanuvchilar soni oshganda siz o'zingiz emas 3-tomon uchun (google, openai, anthropic) ishlayotganingizni bilib qolasiz. Siz hali foydaga kirmagan bo'lishingiz mumkin, lekin 3-tomon o'z pullarini har oy talab qilib turadi. To'lov kechiksa, millionlab mijozlarni yo'qotasiz. Ikkinchi muammo - mijozlarga yangi taklif berishingiz modelning imkoniyatlari bilan chegaralanadi. Mijoz esa o'zi uchun xos yechimlar talab qilishi mumkin. Bu esa hech bo'lmaganda tayyor open-source (ochiq kodli) modelni qayta o'qitish yoki butunlay 0 dan qurishni ham talab qilishi mumkin. Bizda tajribada bu ko'p bo'ladi, ayniqsa davlat tashkilotlari SI "o'ziniki bo'lishini", shaxsiy, mahfiy yoki ichki ma'lumotlar tashqi SI tizimlariga yuborilishini xohlashmaydi. Bu esa sizdan mutlaqo boshqa bilim va ko'nikmalarni talab qiladi. Xulosa qilib aytganda, SI integrator bo'lish albatta yaxshi, hech bo'lmaganda SI imkoniyatlarini sinab ko'rish, g'oyani tezda MVP (minimal dastur) ko'rinishiga olib kelish uchun juda qulay. Lekin SI bilan jiddiy shug'ullanaman deganlar uchun albatta SI muhandis bo'lishni tavsiya qilgan bo'lar edim. Adham tez kunlarda muhandis bo'lish uchun roadmap e'lon qilar ekan, demak kanalga ulanib roadmapni kutamiz.