TGTGInsightintelligentia telegramLIVE / telegram public index
← Teacher Azam
Teacher Azam avatar

TGINSIGHT POST

Post #2300

@TeacherAzam

Teacher Azam

Visiones31,300Numerus visionum
EditumOct 2110/21/2024, 03:45 PM
Contentum scripti

Contentum

Uylar narxi qulayotgani haqida illyuziya So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda uylarning narxi keskin tushishi haqida gapirayotgan, arzon uylar haqida videolar e’lon qiladigan rieltorlar, makler-blogerlar ko‘payib qoldi. Ularning aksari prosmotr uchun bu mavzuni qayta-qayta olib chiqishga harakat qilishmoqda. Aslida ham shundaymi? Shu maqsadda real bozorni o‘rganib ko‘rishga qaror qildim. Ha, O‘zbekistondagi tadqiqotchilar keltirgan raqamlarga ishonadigan bo‘lsak, bozordagi oldi-sotdi qisqargan bo‘lishi mumkin. Ya’ni hamma oldingidek, yoppasiga uy sotib olayotgani yo‘q. Ammo bu narx-navoga ta’sir qilgan deb bo‘lmaydi. Qaytanga uylar, ayniqsa yangi qurilgan uylarda narxlar oshishi kuzatilmoqda. Yuqoridagi suratlarda bitta hududda, deyarli bitta joyda joylashgan, bir xil sharoitdagi, bir xil yoki bir-biriga yaqin kvadratdagi, bir xil ta’mirdagi birlamchi va ikkilamchi uylar yil boshidagi va hozirgi kundagi narxlari bilan solishtirilgan. Ulardan ko‘rish mumkinki narxlar tushish o‘rniga aksincha ko‘tarilgan. Nega qimmat segmentdagi uylarni misol qilib keltiryapman? Chunki agar uylar narxi tushadigan bo‘lsa, bu birinchi navbatda katta kvadratli va qimmat uylarda sezilishi kerak. Chunki kichik kvadratli bir yoki ikki xonali uylarga talab doim yuqori bo‘lib kelgan va uy narxlari qulagan taqdirda ham bu kabi uylarga ta’siri kech seziladi (yoki deyarli sezilmaydi). Ammo siz ko‘rayotgan misollarda ham narxlar nisbatan talab kam bo‘lgan segmentda ham o‘sganini ko‘rish mumkin. Xo‘sh, unda narxlar pasayib ketgani haqida illyuziyalar qayerdan paydo bo‘lmoqda? Birinchidan, yuqorida aytganimiz kabi bugun tarmoqlarda hayp, prosmotr uchun yangi gap aytish urfga kirdi. Ikkinchidan, uy bozorida oldi-sotdi kamayishi natijasida zarur bo‘lgan odamlar arzonroqqa bo‘lsada uyini sotishga rozi bo‘lishmoqda. Agar bunday sotuvchilar soni 50-60ta bo‘lsa ham hayp qilish istagida bo‘lganlar uchun yetarli bo‘lishi mumkin. Uchinchidan, arzon, shoshilinch sotiladigan uylar har doim bo‘lgan, lekin ko‘pincha ularni ommaga olib chiqishmagan, shunchaki rieltorlar orasida hozir urfga kirgan usulda sotilgan. Ya’ni rieltor o‘zi yoki investori orqali uyni arzonligi uchun sotib oladi va ta’mirlab qimmatroqqa sotib yuboradi. Bugun narx tushdi deb berilayotgan ayrim uylarni shu toifaga kiritsa bo‘ladi. Yana bir tomoni, o‘sha narx tushgani aytilayotgan uylar qayerda va qanday sharoitdagi ekaniga e’tibor berdingizmi? Aksariyati eski, shahar chetlarida qurilgan, oxirgi qavatlarda joylashgan, yozda issiq, qishda sovuq bo‘ladigan panel (monolit) uylar. Hali birorta e’lonlarda shahar markazida joylashgan 100lab arzonlab ketgan uylarni ko‘rganim yo‘q. Yangi qurilayotgan uylarning narxiku to‘xtovsiz ravishda oshishda davom etmoqda. Shaharda aholi ko‘paymoqda, tabiiyki bunday jarayonda uyga bo‘lgan talab ko‘payib boraveradi. Talab kamaymayotgan, ipoteka kreditlash davom etayotgan bir paytda uylarning narxi keskin pasayib ketishini kutish noto‘g‘ri, menimcha. Agar uy olishni rejalashtirib yurgan bo‘lsangiz, narxlar qulashini kutmang. @lazizhamidov