Contentum
Ijtimoiy tarmoqlarini video segmentida bir qiziq "ibratli videolar" janri bor, uni umumlashtirib - "kibr qilma" deb atasak bo‘ladi. Yuzlab shunday videolar ko'rganman. Videoda odatda bir "boy ko‘rinadigan" erkak yoki ayol, usti boshi, avtomobili, yurish turishi "kambag‘al ko‘rinadigan" odamga nisbatan qo‘pol va umuman asossiz va mantiqan tushunarsiz darajada yomon munosabatda bo‘ladi. Videoni kulminatsion qismiga kelib esa o‘sha “kambag‘al” ko‘rinadigan odam, qo‘pollik qilgan insondan ancha boyroq, qudratliroq bo‘lib chiqadi va o‘sha “boy” kibr qilgani uchun pushaymon yegandek yoki hech qolsa afsuslanganidek bo‘ladi. Videodan asosiy saboq shuki, go‘yoki "agar qaysidir bechora ko‘ringan odamga kibring sabab qo‘pol muomala qilsang - u aslida boy bo‘lishi mumkin va sen uyalib yoki afsuslanib qolasan". Xuddi shunaqa mantiq bilan, nega rost gapirish kerak, nega birovni haqqiga halol bo‘lish kerakligi haqida videolar bor, masalan qandaydir qudratli odam sinayotgan bo‘ladi. Yoki bir odam boshqasini mensimaydi-da, 20 yil o'tib u boyib ketadi va mensimaganiga achinadi vhkz. Menga shu mantiq juda qiziq ko‘rindi. Videolardagi asosiy messej - axborot assimetriyasidek ko'rsatiladi, ya'ni kambag'al odamlarga ham yaxshi munosabat qilishning sababi u odam aslida boy bo'lib chiqishi mumkinligi riski borligi bilan qo'rqitiladi. Agar mantiqni davom ettirsak va deylik u odam boy bo'lib chiqmasachi degan tabiiy savol bersak, videodagi mantiq g'alati xulosaga olib keladi. Menimcha, kibr qilmaslik kerak degan gap - to'g'ri gap. Odamni usti boshiga qarab kamsitmaslik kerak degan gap ham to'g'ri gap. Lekin odamlarga nisbatan yaxshi munosabatni mukofoti - bu odam aslida qandaydir sizni sinayotgan boyvochcha bo'lib qolsa, unda nima qilasan emas, aynan bo'lmasa, aynan hayotingizga hech qanday ta'sir o'tkaza olmagani uchun ham yaxshi munosabatda bo'lish kerakligi haqida bo'lishi kerak emasmi "ibratli video"? Axir, yaxshilikni mukofoti bu faqatgina yaxshilik emasmi? O'ylaymanki, mantiq sal o'zgarsa, hozir ham, kelajakda ham sizga hech qanday foydasi tegmaydigan insonlarga bo'lgan munosabat orqali odamni bilish mumkin. Ya'ni yuqoriroq turgan odamga takalluf qilish eng tabiiy va oson narsa, bu emasku o'lchov.