TGTGInsightintelligentia telegramLIVE / telegram public index
← Teacher Azam
Teacher Azam avatar

TGINSIGHT POST

Post #3345

@TeacherAzam

Teacher Azam

Visiones12,900Numerus visionum
EditumFeb 1802/18/2026, 02:05 PM
Contentum scripti

Contentum

🇺🇸 2012-yilda AQShda pensiya olayotgan nafaqadagilar soni pensiya jamg‘armasiga pul to‘layotgan faol davlat xodimlari sonidan ko‘payib ketdi. Eng qizig‘i, oradan o‘n yildan ko‘p vaqt o‘tsa ham bu holat o‘zgargani yo‘q. Odamlar ko‘proq yashayotgani uchun ular pensiyani uzoqroq yillar davomida oladi, davlat sektorida ishlaydiganlar soni esa tez o‘sayotgani yo‘q. Shuning uchun pensiya tizimiga pul to‘laydiganlar bazasi katta tezlikda kengaymayapti, lekin pensiya oluvchilar ko‘payishda davom etyapti. 2001-yilda 12,7 million faol xodim 7,6 million nafaqadagi odamni pensiya bilan ta’minlagan. 2012-yilga kelib nafaqadagilar 13,3 million bo‘lib, faol xodimlar 13,2 million bo‘lib qolgan. Shundan keyin farq kattalashib borgan. 2023-yilda 19,5 million nafaqadagi odam bo‘lgan, ishchilar esa 13,7 million atrofida qolgan. 2024-yilda faol xodimlar biroz ko‘payib 14,5 millionga chiqqan bo‘lsa ham, nafaqadagilar baribir ancha ko‘p. 👨‍🦳 Pensiya jamg‘armasi odatda uch xil manbadan pul topadi: xodimlarning badallari, ish beruvchi (ya’ni davlat) badallari va jamg‘arma pullarini investitsiya qilib topiladigan daromad. Muammo shundaki, soliq to‘laydigan ishchilar nafaqadagilarga nisbatan kamayib borsa, badal sifatida kirib keladigan pul kamayadi, pensiya sifatida chiqib ketadigan pul esa ortadi. Shu payt pensiya to‘lovlari badallardan ko‘p bo‘lib qoladi. Bu farqni yopish uchun jamg‘arma ko‘proq investitsiyadan tushadigan daromadga suyanishga majbur bo‘ladi. Bu esa xavfni oshiradi, chunki investitsiya bozorlarga bog‘liq. Bozor yaxshi bo‘lsa, daromad ham yaxshi bo‘ladi; bozor yomon bo‘lsa, daromad tushib ketadi. Demak, pensiya tizimi bozordagi tebranishlarga ko‘proq bog‘lanib qoladi. 👥 Odamlar uzoqroq yashagani sayin har bir nafaqaxo‘rga ko‘proq yil pensiya to‘lanadi, davlat sektorida ishchi kuchi sekin o‘sgani uchun esa bu to‘lovlarni “ko‘tarib turadigan” yangi to‘lovchilar soni yetarli tezlikda ko‘paymaydi. Shuning uchun hatto investitsiya juda zo‘r ketgan yillar ham bu katta demografik o‘zgarishni har doim ham to‘liq qoplab bera olmasligi mumkin. Shu vaziyatda siyosatchilar uchun muammo shundaki, tizimni barqaror qilish kerak, lekin odamlarning pensiyasi ham xavfsiz bo‘lib qolishi kerak. Buning uchun odatda badallar miqdorini o‘zgartirish, pensiya qoidalarini qayta ko‘rib chiqish yoki investitsiya strategiyasini o‘zgartirish kabi yo‘llar muhokama qilinadi. Nafaqadagi aholi ko‘payib borayotgani esa faqat pensiya tizimining muammosi emas, bu AQShda aholi qarib borayotgani bilan bog‘liq katta trend bo‘lib, u davlat moliyasiga ham shtat, ham mahalliy darajada bosimni kuchaytirayapti. Manba @teacherazam