Contentum
Dunyodagi eng baxtli odamlar qayerda yashaydi? (2026-yil reytingi) 🇫🇮 “Jahon baxt hisoboti”ning 2026-yilgi natijalari e’lon qilindi. Har doimgidek, Finlyandiya yana birinchi o‘rinda! Lekin bu yilgi ro‘yxatda juda qiziq va kutilmagan o‘zgarishlar bor. Masalan, Kosta-Rika butun dunyo bo‘yicha 4-o‘ringa chiqib oldi. Meksika (12-o‘rin) esa o‘zidan ancha boy va qudratli davlatlarni ortda qoldirdi. Bu nima degani? Demak, insonning baxtli bo‘lishi uchun faqatgina pul muhim emas. Odamlar orasidagi ishonch, mehr-oqibat va xotirjam hayot ham xuddi daromad kabi ahamiyatli. Finlyandiya siri nimada? Finlar maksimal 10 balldan 7,8 ball to‘plab, uzoq yillik “chempionlikni” hech kimga bermay kelmoqda. Aslida, bu Shimoliy Yevropa davlatlariga xos holat. Ular nima hisobiga baxtli? — Ularda davlat tizimi kuchli va xalq unga ishonadi. — Ijtimoiy himoya (tibbiyot, ta’lim) zo‘r ishlangan va hamma uchun ochiq. — Eng asosiysi — boylar va kambag‘allar o‘rtasidagi farq juda kichik. Odamlar bir-biriga oqibatli. Katta pul doim ham baxt keltirmaydi Bunga Kosta-Rika va Meksika yaqqol misol bo‘la oladi. Bu davlatlar Irlandiya, Avstraliya yoki Germaniya kabi o‘ta boy mamlakatlardan ancha yuqorida turibdi. Sababi oddiy — ularda odamlar bir-biriga yaqin, qarindoshlik va do‘stlik aloqalari kuchli. Buni esa quruq iqtisodiyot (YaIM) bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Reyting o‘zi qanday tuziladi? Mutaxassislar 147 ta davlatdagi 100 000 dan ortiq odamdan so‘rovnoma o‘tkazgan. Xatoga yo‘l qo‘ymaslik uchun so‘nggi uch yillik (2023–2025) natijalari o‘rtacha hisoblab chiqilgan. Qiziq tomoni shundaki, AQSh, Kanada, Angliya kabi dunyoning eng boy davlatlarida ballar bir joyda qotib qolgan (6,7 – 6,9 ball atrofida). Ya’ni, ularning iqtisodiyoti o‘sayotgan bo‘lsa-da, odamlarning baxtiyorlik hissi o‘smay qolgan. Shu bilan birga, Sharqiy Yevropada (masalan, Polsha va Estoniyada) hayot darajasi yaxshilanib, ular reytingda tez ko‘tarilib bormoqda. 🇹🇼 Osiyoda eng baxtli xalq — Tayvan (26-o‘rin). Ular iqtisodiy gigantlar bo‘lgan Yaponiya (61) va Xitoyni (65) ortda qoldirgan. 🇲🇺 Afrikada esa Mavrikiy davlati birinchi o‘rinda. Sababi u yerda korrupsiya darajasi ancha past va odamlar uzoq umr ko‘radi. 🇺🇿 O‘zbekistonning ko‘rsatkichi esa rivojlangan mamlakatlarnng ko‘rsatkichiga juda yaqin. @teacherazam