TGTGInsightintelligentia telegramLIVE / telegram public index
← Teacher Azam
Teacher Azam avatar

TGINSIGHT POST

Post #3411

@TeacherAzam

Teacher Azam

Visiones11,900Numerus visionum
EditumMar 2803/28/2026, 02:04 PM
Contentum scripti

Contentum

Ruminiya fojiasi: Taqiqlangan abortlar qanday qilib o‘n minglab ayollarning yostig‘ini quritgan? 🇷🇴 1965-yildan 1985-yilgacha bo‘lgan davrda butun Yevropa bo‘ylab tibbiyot rivojlanib, onalar o‘limi keskin kamayib borayotgan edi. Faqat bitta davlat — Ruminiyadan tashqari. Bu davlatda tug‘ruq va homiladorlik bilan bog‘liq onalar o‘limi naqd 150 foizga oshib ketdi! Nima uchun bunday bo‘ldi? Asl sabab nima edi? Buni tushunish uchun avval tarixga, kommunistik Ruminiyaning o‘ziga xos sharoitiga nazar tashlashimiz kerak. 1950-yillarda Ruminiyada homiladorlikdan saqlanish vositalari (kontratsepsiya) deyarli yo‘q edi. Shu sababli bolani rejalashtirishning yagona va qonuniy usuli faqat tibbiy abort bo‘lib qolgandi. Ayollar istalmagan homiladan qutulish uchun ommaviy ravishda kasalxonalarga borishardi. 🔼 Biroq 1965-yilda iqtidonga diktator Nikolae Chaushesku keldi. Uning maqsadi Ruminiyani ulkan sanoat va iqtisodiyot gigantiga aylantirish edi. Buning uchun esa unga juda ko‘p ishchi kuchi — zavodlarda ishlaydigan millionlab odamlar kerak edi. 1966-yilda u “770-dekret”ni imzoladi. Unga ko‘ra, mamlakatda abort qilish va homiladorlikning oldini oluvchi har qanday vositalardan foydalanish qat’iyan taqiqlandi. Diktatorning mantig‘i oddiy edi: “Homila — bu butun jamiyatning mulki. Farzand ko‘rishdan bosh tortgan odam millat davomiyligiga xiyonat qilgan qochoqdir”. Abortga faqatgina ayol 45 yoshdan oshgan bo‘lsa yoki 5 ta bolasi bo‘lsagina ruxsat berilardi. 👩‍⚕️ Tarixda iz qoldirgan dahshatli fakt shundaki, davlat ayollarning tanasini to‘liq nazoratga oldi. Korxona va fabrikalarda maxsus tibbiy xodimlar (“hayz politsiyasi” deb atalgan) ayollarni har oy majburiy ginekologik ko‘rikdan o‘tkazar, ularning homilador bo‘lgan-bo‘lmaganini tekshirib borardi. Agar homiladorlik qayd etilsa-yu, keyin bola tug‘ilmasa, ayol jinoiy javobgarlikka tortilardi. Hatto farzandsiz oilalarga maxsus yuqori soliqlar solingan. Boshida qonun ishladi, bir yil ichida tug‘ilish deyarli ikki baravar oshdi. Ammo ayollar istalmagan yoki boqishga qurbi yetmaydigan bolalarni tug‘ishni xohlashmasdi. Qonuniy tibbiy yordam yopilgach, ayollar yashirin, o‘ta xavfli usullarga o‘tishdi. 😷 Uy sharoitida, hech qanday tibbiy ma’lumotga ega bo‘lmagan shaxslar (qassoblar, sartaroshlar) tomonidan, steril bo‘lmagan simlar, zaharli moddalar yordamida qilingan yashirin abortlar ommalashdi. Natijada o‘n minglab ayollar qon ketishi va og‘ir infeksiyalar tufayli jon berdi. Ular qamalishdan qo‘rqib, kasalxonaga eng so‘nggi, o‘lim yoqasida turgan lahzadagina borishardi, shunda ham shifokorlar politsiya kelmaguncha ularga yordam bermasdi. 20 yildan ortiq vaqt ichida taqiq qilingan abortlar oqibatida 10 000 dan ortiq ayol qurbon bo‘ldi. Chausheskuning bu siyosati yana bir mudhish oqibatni keltirib chiqardi: ota-onasi boqishga qiynalgan, istalmay dunyoga kelgan millionlab bolalar davlat mehribonlik uylariga topshirildi. U yerdagi dahshatli, och-nahor sharoitlarda katta bo‘lgan avlod tarixga “Dekret bolalari” nomi bilan kirdi. ⚔️ Tarixning eng katta istehzosi shunda ediki, aynan 1967-yilda tug‘ilgan, butun umri qiyinchilik va nazorat ostida o‘tgan o‘sha “Dekret bolalari” 1989-yildagi inqilobning asosiy harakatlantiruvchi kuchi bo‘lishdi. Ular diktator Chausheskuni taxtdan ag‘darib, uni otishga hukm qilishdi. Diktator o‘lgan kunning ertasigayoq abortga qo‘yilgan taqiq bekor qilindi va onalar o‘limi darhol keskin tushib ketdi. Bugungi kunda dunyo ayollarining 40 foizi abort qisman yoki to‘liq taqiqlangan davlatlarda yashaydi. Ammo Ruminiya tajribasi abortni taqiqlash abortlarni to‘xtatmasligi, u faqatgina xavfsiz abortlarni to‘xtatib, ayollarni o‘limga mahkum qilishini ko‘rsatadi. Hozir ham dunyo bo‘ylab har yili 23 000 ayol xavfsiz bo‘lmagan yashirin abortlar oqibatida vafot etadi. Manba @teacherazam👆