Contentum
🇨🇳 Xitoyda bolalar o‘limi darajasi 1950-yildagi 20 foizdan bugungi kunda 1 foizdan ham past darajaga tushdi. Bu tibbiyot va turmush tarzi borasida erishilgan eng katta yutuqlardan biri hisoblanadi. Grafikda besh yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi ko‘rsatkichlari solishtirilgan. Dunyo bo‘yicha bu ko‘rsatkich bir tekisda sekin-asta pasayib borgan bo‘lsa, Xitoyning grafigida yanada tez pasaygan. 🔼 Grafikka e’tibor bersangiz, 1950-yillarning oxiriga kelib Xitoyda bolalar o‘limi birdan ko‘tarilgan va 1960-yilda o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga — 33,15 foizga yetgan. Bu degani, o‘sha paytda tug‘ilgan har uch boladan biri besh yoshga to‘lmasdan vafot etgan. Xo‘sh nega bunday bo‘lgan? Bunga sabab kasallik emas, balki Xitoy hukumatining "Katta sakrash" (Great Leap Forward) deb nomlangan o‘ta xato milliy siyosati edi. O‘sha paytdagi rahbar Mao Szedun mamlakatni qisqa vaqt ichida oddiy qishloq xo‘jaligi davlatidan qudratli sanoat imperiyasiga aylantirmoqchi bo‘ladi. 🌽 Sanoatni zudlik bilan ko‘tarish maqsadida millionlab dehqonlar majburiy tarzda o‘z dalalarini tashlab, hovlilarida qo‘lbola pechlar qurib, temir eritishga jalb qilinadi. Natijada dalalarda ekinlarni yig‘ishtirib oladigan odam qolmaydi, butun boshli hosil o‘ladi. Buning ustiga, hukumat bor oziq-ovqat zaxiralarini ham davlat omborlariga tortib olib, noto‘g‘ri taqsimlaydi. Oqibatda butun mamlakat bo‘ylab misli ko‘rilmagan ommaviy ocharchilik va dahshatli iqtisodiy inqiroz boshlanadi. Ochlik va azob-uqubatlar davrida esa eng ko‘p jabr ko‘rganlar har doimgidek eng zaif qatlam — yosh bolalar bo‘ldi. 🤤 Grafigimizdagi o‘sha fojeali o‘sishning asl sababi mana shu sun’iy ochlik edi. Bu fojia shu qadar halokatli ediki, hatto umumiy dunyo statistikasida ham o‘zining sezilarli izini qoldirgan. Xitoyda bu yillari o‘n millionlab odamlar ochlikdan qirilib ketadi. Yaxshiyamki, hukumat bu siyosatning qanchalik aqlsizlik ekanini tushunib yetib, undan voz kechgach, vaziyat o‘nglana boshladi. Grafikda ko‘rinib turganidek, 1962-yildan boshlab bolalar o‘limi darajasi yana kamaygan. ‼️ Bu tarixiy dars bizga shuni ko‘rsatadiki, davlat miqyosida o‘ylamasdan qilingan shoshqaloq iqtisodiy qarorlarning to‘lovi har doim oddiy insonlar, ayniqsa, begunoh bolalar hayoti bilan o‘lchanadi. Manba Yaqinlaringizga jo‘natib qo‘ying @teacherazam