Įrašo turinys
Psixolog va sotsiolog olim, doktor Irving Teylor insoniy ijodiyotni beshta darajaga ajratadi: 1. Ekspressiv daraja - bunda, masalan, bolalar chizgan suratlardagidek, mahorat birinchi darajali ahamiyatga ega emas. Rassom o’zining tasavvuriga erk berib, uni hech narsa bilan chegaralamaydi. 2. Samarali daraja, bunda rassom mahoratga faqat «yuksak realizm» doirasidagina erishadi. 3. Izlanish darajasi, bunda rassom ixtirochi kabi eski g’oyalardan yangi yechimlar uchun foydalanadi. Yangi g’oyalar hozircha yo’q, aql faqat bor vositalardan foydalanishda namoyon bo’ladi. 4. Novatorlik darajasi, bunda rassom g’oyalar sohasida o’zini namoyon qiladi. U biron ijodiy maktab izdoshiga aylanadi. 5. Yangi daraja, bunda rassom yangi tamoyillar asosida ishlaydi. Bunday rassom yuksak mahoratga ega bo’lib, yangi ijodiy maktab asoschisi bo’lishi mumkin. Dizayner xomaki ish yoki improvizatsiya qilayotganida, ekspressiv ijod bilan band bo’ladi. U o’zining xomaki ishlarini boshqalarga tushuntirayotganida samarali ijodga o’tadi. Bu bosqichda ko’pchilik rassomlarning ijodi turg’un holda kechadi. Faqat ayrimlar, eng iste'dodlilarigina o’z ijodini novatorlik va yangi darajaga ko’tara oladilar. Reklama dizayni ustida ishlayotgan rassom o’z ijodi qaysi darajaga taalluqligidan qat'iy nazar, nazariy jihatdan to’rtta bosqichdan o’tadi: Birinchisi, u mijozni, uning mahsulotini, axborot vositalarini, iste'molchilarni, qo’yilgan vazifani mukammal tarzda bajarish uchun o’zini tayyorlash bilan bog’lik boshqa muammolarni o’rganib chiqadi. Bu bosqichni ma'rifat bosqichi deb ham ataydilar. Ikkinchisi, u materialni tafakkur etish uchun butun vujudi bilan ish olib borib, birmuncha vaqt qo’yilgan vazifadan chalg’iydi. Bu bosqichni tug’ilish bosqichi deb ham atash mumkin. Uchinchisi, rassom yechimni tasodifan topishi mumkin. Bu bosqich ilhom bosqichi deb ataladi. To’rtinchisi, rassom ongida pishgan ishni qo’llari orqali biron buyumga o’tkazayotganida biron foydali g’oyani yo’qotmagan holda ishga kirishadi. Uni ijro etish yoki samarali bosqich deb ham atash mumkin. Lekin sharoit rassomga bu to’rtta bosqichdan ketma-ket o’tishga imkon bermasligi ham mumkin. Ijod quvvat oladigan manbani uzluksiz ravishda o’qish, kuzatish, tadqiq etish va amaliyot bilan to’ldirib borish lozim. Ijodiy tafakkur chuqur bilimlarga tayanadi, shuning uchun mutolaa juda zarurdir. Ijod, asosan yangi aloqalarni idrok qilishga asoslanadi va masalalar bilan kengroq tanishganlar, g’oyalarni yaratishga yaxshiroq tayyorlangan bo’ladi. O’qish amaliyot bilan birgalikda ijod uchun kuchli asos yaratadi. Dizayner hamisha ishlardan habardor bo’lishi, modani, tendensiyalarni, so’nggi voqealarni bilishi lozim. Reklamaga o’z vaqtida tuzatishlar kiritish va mijozning mablag’ini behuda sarflamaslik uchun uni ommalashtirish oldidan tekshirish lozim. Reklamani tekshirish uchun mo’ljallangan iste'molchilar guruhini bu ishga jalb etish va ularning fikrlarini eshitib ko’rish mumkin. Dizayner o’z g’oyalarini ifoda etish uchun hamma vaqt eng yaxshi vositalarni izlashi kerak. Ko’pchilik mutaxassislarning fikriga ko’ra, san'atda yangilik va betakrorlikni topish juda mushkul. Har bir rassom boshqalardan nimalarnidir o’zlashtiradi va bu jarayon zanjiri cheksiz davom etadi. Lekin har bir ijodkor uz ishiga qandaydir yangilik kiritadi va bu ijod deb ataladi. Yangilik eski poydevor asosida yuzaga chiqadi. Boshqacha bo’lishi ham mumkin emas. ma'lumot jo'natdi#dilshodIsmoilovdio 🎓Design academy