Kandungan siaran
Bir kuni bir kishi meni yo‘qlab kelibdi. Salom-alikdan so‘ng muddaoga o‘tdi. "Domla, 5000 dollar beraman, dissertatsiyani yozib bering, himoyadan keyin yana beraman, xullas, rozi qilaman" dedi. "Farzandlardan nechta?" so‘radim. "Ikkita..." "Ularning aybi nima?" deb so‘radim. Dovdiradi. "Tushunmadim, domla..." dedi. "Shunday qilib dissertatsiya yoqlasangiz hukmi halolmi yoki harom?" deb so‘radim. "Bilmadim..." "Siz menga halolligini isbotlab bering, sizga shart yozib beray, bir oy o‘tirsam bitta dissertatsiya tayyor bo‘ladi. Endi teskarisi bo‘lsachi? Ya’ni, harom. Fan nomzodi bo‘lasiz, fan nomzodiga yarasha oylik olasiz. Bu oyligingiz halolmi yoki harom? Agar harom bo‘lsa, bolalaringizga shuni yedirasizmi? Bolalaringizning aybi nima? Ularni halol yedirish o‘rniga bunday qilsangiz kelajagi nima bo‘ladi? Ozgina qiynalasiz, tan-joningiz sog‘, nima qilasiz go‘daklaringizning kelajagini barbod qilib? Bu gapni siz aytmadingiz, men eshitmadim, borib ishingizni qilavering!" "Uzr, domla..." "Bir gap esingizda tursin, ota-ona, ayniqsa, erkak kishi yetti pushtiga mas’uldir. Siz kim bo‘lsangiz yetti avlodingiz ham shu bo‘ladi. Buni genetika deydi, allaqachon isbotlab qo‘ygan! Mavzu beraylik, o‘rganing, ishlang!" "Ming bor, uzr, domla..." Keyin u kishini ko‘rmadim. Boshqa kelmadi. Baxtiyor Abdug’afur