TGTGInsighttelegram intelligenceLIVE / telegram public index
Înapoi la canale
Islom Nurmurod | Philosopher avatar

TGINSIGHT CHAT

Islom Nurmurod | Philosopher

@islom_nurmurod

Education

Tarixchi, faylasuf, “Qadriyat school” o’quv bo’limi rahbari - Nurmurodov Islomjonning ijtimoiy-falsafiy fikr-mulohazalari Murojaat uchun: https://Instagram.com/islomnurmurod

Abonați2,060Abonați actuali
Postări urmărite169Număr postări indexate
Reach recent18,935Suma vizualizărilor recente
Postări recente

Postări recente

Pagina 1 din 15 · 169 postări

Publicat acum 19 zile

Rasmda kim o’zini ko’rdi, unga qanday izoh berasiz? ) @islom_nurmurod

534 views

Publicat acum 19 zile

Rasmda kim o’zini ko’rdi, unga qanday izoh berasiz? ) @islom_nurmurod

587 views

Publicat acum 21 de zile

Kecha tunda ichimdagi barcha kompaslar shimolni unutdi. Shundan beri narsalar o‘z joyida turibdi, faqat ma’nolar siljib ketgan. Va endi men o‘z soyamning ichiga sig‘maydigan. Tunlari yuragim ostida noma’lum mexanizm ishlaydi. Uning ovozi yo‘q, lekin devorlar ichkaridan qarsillaydi. Ba’zan ichimdagi barcha qushlar bir vaqtda shiftga uriladi. Shunda sukunatning oynalari sinadi. (Men esa tonggacha xotiralar ustidan yalangoyoq yuraman iz qoldirmaslik uchun.) Qizig‘i, ayrim hodisalar tugagandan keyin ham borliq ularni darrov qabul qilmaydi. Go‘yo voqelikning o‘zi ham inkor bosqichidan o‘tayotgandek Sezilmaydi. Men hozir o‘zimning jimligimni kuzatyapman. U asta-sekin kattalashyapti. Avvaliga u oddiy xona edi. Keyin koridor bo‘ldi. Endi esa butun boshli arxitektura. ••••••••••••••••••••••••• Kecha tunda ichimdagi barcha soatlar bir vaqtda to‘xtadi. Faqat devordagi soya yurishda davom etdi. Lekin men endi bu dunyoda o‘z soyam bilan bir xil tezlikda yurolmaydigan. Go‘yo ichimda kimdir mavsumlarni almashtirib yuborgan. (Soginch nima? Bu - ichki geometriyasi buzilgan makon.) Tunlari yuragimning ichida nomi aytilmaydigan qush uchadi. Uning qanotlari eslanmay qolgan ehtimollardan tikilgan. Ba’zan u shiftga uriladi. Shunda ichimda mayda oynalar sinadi. Va men tonggacha o‘zimni qonatmaslik uchun xotiralar ustidan yalangoyoq yuraman. Go‘yo bizning oramizdagi sukut hali yakuniy shaklini olmagan. Lekin boshqa bir ovoz aytadi: ehtimol u allaqachon men yashamaydigan faslga aylanib ulgurgan. Men esa hozir o‘z jimligimning qorong‘i muzeyida ishlayapman. Bu yerda barcha eksponatlar - yarim qolgan jumlalar. (Ba’zan o‘zimni katta bir okean tubiga cho‘kayotgan shahar kabi his qilaman.) Ehtimol muhabbat - ikki insonning bir-biriga yetib borishi emasdir. Balki u, bir insonning ichida ikkinchi inson uchun abadiy bo‘shliqning hosil bo‘lishidir. ••••••••••••••••••••••••• Kecha tunda yuragimning ichidan bir poyezd o‘tdi. Relslari qovurg‘alarimga qadalgan edi. Vagonlari esa - aytilmay qolgan gaplarga to‘la. Men esa vokzalda emas, o‘zimning ichimda qolib ketdim. Shundan beri ichimda qor yog‘adi. Va uning ko‘zlarini ichida men aytolmagan umr yashaydi. Ba’zan menga shunday tuyuladi: u hamon meni o‘ylayotgandek. Go‘yo tunning eng chuqur joyida u mening ismimni ichida sekin takrorlaydi. Go‘yo u ham hech kimga aytolmaydigan urushning ichida bir to’xtamga kelolmaydi. Lekin keyin tong otadi. (Ehtimol men uning xotirasida bir necha soniyalik soyadan boshqa narsa emasdirman.) Shunda yuragimdagi lift pastga qulaydi. Juda pastga. Hatto Xudo unutib yuborgan qavatlargacha. Men o‘sha yerda singan oynalar ichida o‘tirib, qo‘llarim bilan nafasimni ushlab qolishga urinaman. (Sog’inch nima? Bu - ichimda boshpanasiz qolgan bir fasl.) Tovushingni bahona qilib tunlarni maydalab tashlamayman endi hech. Lekin bilasanmi, inson ba’zan eng katta sevgisini aynan sukut shaklida yashirarkan. Va ehtimol yillar o‘tib, bir kuni boshqa bir shaharda, men uni tasodifan ko‘rib qolsam ichimdagi barcha qushlar birdaniga shiftga urilib o‘ladi. Lekin men baribir jilmayaman. Islom Nurmurod

962 views

Publicat acum 21 de zile

Bugun yakshanba, aslida qiladigan ishlarim juda ko‘p edi. Lekin ertalab nonushta qilayotganimda nimagadir tarixchi, siyosiy faylasuf Baxtiyor aka Alimjanovning “Yoshlar matbuoti nashriyoti” youtube kanaliga bergan intervyusini ko‘rishga qaror qildim. Ko’rib bo’lgach, menda tug’ulgan ayrim fikrlarni yozib boshladim. Podcastda adolat haqida ko’p gapirildi. Mening nazarimda adolat bu - biz talab qiladigan narsa emas, avvalo u biz o’zimiz amalga oshirishimiz kerak bo’lgan narsa. (Bu fikrni avval ham bir postimda yozgandim.) Menimcha bugungi jamiyatning eng katta muammolaridan biri ham shu. Hamma adolat talab qiladi, lekin juda kam inson o‘zidan boshlaydi. Insonlar ko‘pincha adolatni tashqi tizimlardan kutadi, ya’ni davlatdan, jamiyatdan, hukumatdan, hatto taqdirdan va hokazo. Lekin adolat aslida insonning ichki etik holati. Agar insonning ichida adolat bo‘lmasa, eng mukammal tizim ham oxiri yemiriladi. Chunki har qanday jamiyat avval insonning ichida quriladi. Haqiqat masalasiga kelsak, menimcha bugungi davrning eng dahshatli jihatlaridan biri bu - haqiqatning parchalanib ketganidir. Bugun haqiqat yaxlit emas. U bo‘laklarga bo‘lingan. Nisbiylashgan. Oldin insonlar haqiqatni qidirardi. Hozir esa har kim o‘ziga qulay bo‘lgan haqiqatni ishlab chiqyapti. Internet, media va ijtimoiy tarmoqlar axborotni ko‘paytirdi, lekin ayni paytda haqiqatni ham maydalab yubordi. Endi bir voqeaning mingta talqini bor. Har kim o‘z narrativini yaratadi. Har kim o‘z pozitsiyasini mutlaq haqiqatdek himoya qiladi. Va ehtimol eng xavflisi ham shu - inson endi haqiqatni emas, o‘z pozitsiyasini himoya qiladi. Shunda tarixga bo‘lgan munosabat ham boshqacha ko‘rina boshlaydi. Va podcastda tarixchi Baxtiyor Alimjanov “Haqiqatan ham o‘tib ketgan ota-bobolarimiz bilan faxrlanib yashash bizga konkret nima beradi?” degan savolni ham o’rtaga tashladi. Menimcha bu juda noqulay, lekin juda kerakli savol. Chunki ayrim jamiyatlar tarix bilan yashaydi, ayrimlari esa tarix ustiga kelajak quradi. Biz esa ba’zan tarixni identitet emas, psixologik kompensatsiyaga aylantirib yuboramiz. Go‘yo o‘tmishning buyukligi bugungi zaiflikni yopib turadigandek. Professional tarixchilardan ko’p hollarda katta siyosiy tafakkur egalari va yoki kuchli faylasuflar yetishib chiqadi. Chunki tarixchi asosan o‘tmishni interpretatsiya qilish bilan birga, faylasuf va yoki siyosiy tafakkur egalari kabi hali mavjud bo‘lmagan kelajakni tasavvur qilishga ham urinadi. Yana meni hayratlantirgan nuqtalardan biri - Baxtiyor akaning “maktablarda tarix fanini bekor qilish” taklifini bergani bo’ldi. “Germaniya maktablarida tarix fanini o‘qitish kerakmi yoki yo‘q” degan mavzuning ommaviy muhokama qilinayotganidan xabarim bor edi. Men O‘zbekistonda bunaqa narsani tasavvur ham qilolmayman. Eng qiziq joyiga esa keyinroq keldim. “Yozuvchilar aslida o‘z travmalarini yozadi.” Menimcha bu gap juda katta haqiqatning ichiga kiradi. Adabiyot ko‘pincha estetik shaklga solingan ruhiy jarohatdir. Har bir yozuvchi o‘zining ichki vayronalaridan matn quradi. Va har biri o‘z pozitsiyasini, o‘z haqiqatini, o‘z og‘rig‘ini o‘quvchiga sezdirishga urinadi. To‘g‘risi, men ham bundan mustasno emasman. Men ham ko‘pincha o‘z nuqtai nazarimni tiqishtiraman. Doim ham adekvat emasman. Ba’zan fikr emas, ichki og‘riq gapiradi. Va ehtimol bir kun nashr qilinadigan kitobim ham syujet haqida emas, ruhiy travmalarimning arxitekturasi haqida bo‘ladi, kimlar uchundir. @islom_nurmurod

1,520 views

Publicat acum 22 de zile

Hamma narsa o‘zgarishda va harakatda. Va aynan shu harakat - dialektikaning markaziy g‘oyasidir. Fridrix Engels “Anti-Dyuring”asarida borliqni muzlab qolgan hodisa sifatida emas, doimiy ichki qarama-qarshiliklar va o‘zgarishlar jarayoni sifatida tushuntiradi. U metafizik tafakkurni tanqid qiladi. Chunki metafizika narsalarni qotib qolgan, o‘zgarmas holatda ko‘radi. Dialektika esa aksincha hayotdagi har bir hodisa ichki ziddiyatlar orqali rivojlanishini aytadi. Engels bu borada Gegelning dialektikasidan foydalanadi, lekin uni idealistik shakldan chiqarib materialistik asosga olib tushadi. Va bu nuqtada u Geraklitga yaqinlashadi. Chunki Geraklit bundan ming yillar oldin “Bir daryoga ikki marta tushib bo‘lmaydi”deganda, aslida borliqning muttasil o‘zgarishda ekanini nazarda tutgan edi. Bugun esa bu fikrlarni yanada chuqurroq his qilyapman. Inson ham o‘zgaryapti. Jamiyat ham. Qadriyatlar ham. Hatto insonlarning bir-biriga bo‘lgan munosabatlari ham. Bir paytlar mutlaq tuyulgan narsalar, bugun parchalanib ketmoqda. Ishonchlar almashyapti. Insonning ichki dunyosi esa tobora murakkablashyapti. Kecha haqiqat deb qabul qilingan narsa, bugun shubha ostida. Va ehtimol eng og‘ir dialektika ham insonning o‘z ichida kechadi. Umid va umidsizlik, sevgi va sovuqlik, yaqinlik va begonalashuv, g‘urur va ehtiyoj - bularning barchasi bir insonning ichida bir vaqtning o‘zida yashaydi. Shu sabab hayot chiziqli emas. U qarama-qarshiliklar orqali harakatlanadi. Bugun bularni boshqacharoq tushunyapman, inson ayrim yo‘qotishlardan keyin parchalanmaydi. Balki boshqa shaklga o‘tadi. Dialektika aynan shu, ya’ni eski holatning inkori orqali yangi holatning tug‘ilishi. Ba’zan insonning eng katta o‘zgarishi aynan ichidagi bir narsa sinib tushganidan keyin boshlanadi. Shuning uchun hayotni faqat statik holda tushunishga urinadiganlar, inson ruhiyatini ham tushunolmaydi. Chunki inson - tayyor holat emas. U jarayon. Va ehtimol shu sabab bugungi zamon odamlarini tushunish ham tobora qiyinlashmoqda. Hamma narsa oqimda. Hamma narsa harakatda. Hamma narsa o‘zgarishda. Faqat savol bitta - inson shu o‘zgarishlar ichida o‘zligini saqlab qololadimi? @islom_nurmurod

972 views

Publicat acum 24 de zile

Bu postda yozayotgan fikrlarim anchadan beri ongimda aylanib yurardi. Bugun yozishga qaror qildim. Va gap bir-ikkita ijodkor haqida emas, bugungi o‘zbek she’riyatidagi umumiy muammolardan biri haqida. Nahotki bir xil jumlalar, bir xil metaforalar, bir xil qofiyalar sizni zeriktirmagan bo‘lsa? To‘g‘ri, ko‘pchilik yozayotgan she’rlar beg‘ubor. Ularda ma’lum bir ruhiyat, ma’lum bir hissiyot bor. Lekin aksariyat she’rlarni o‘qisangiz, ularda xavfli darajadagi o‘xshashlik seziladi. Go‘yo bir xil ruhiy holat, bir xil muhabbat, bir xil iztirob qayta-qayta boshqa shaklda yozilyapti. Muammo shundaki, bizda hanuz shakl mazmundan ustun qo‘yiladi. Ko‘pchilik uchun she’r - bu chiroyli qofiya, ravon jumla va hammaga tez tushunarli bo‘lishi kerak bo‘lgan bir parcha matn, xolos. Shu sababdan juda ko‘p ijodkorlar ichki kechinmalarini maksimal darajada “bejirim” shaklga solishga urinadi. Natijada esa she’r yashamaydi, faqat chiroyli eshitiladi. Asl san’at esa har doim biroz noqulay bo‘lgan. U insonni o‘ylashga majbur qiladi. Ba’zan chalkashtiradi. Ba’zan esa tushunarsiz tuyuladi. Ba’zida inson o‘zini she’r ichida yo‘qotib qo‘yadi. Menimcha, haqiqiy she’riyatning vazifasi ham shu. Chunki bugungi insonning ichki dunyosi oddiy emas. Hozirgi davr odami parchalanayotgan ong, yolg‘izlik, ichki bo‘shliq, axborot bosimi, sun’iylik, begonalashuv ichida yashayapti. Lekin ko‘pchilik she’rlarda haligacha o‘n yillar oldingi romantik ohang takrorlanadi. Hayot o‘zgargan, inson ruhiyati o‘zgargan, tafakkur o‘zgargan. Ammo she’rlarning katta qismi hanuz bir xil qofiya va ishlatilaverib siyqasi chiqqan metaforalar atrofida aylanadi. Men faqat ayrim ijodkorlarda, masalan Tillaniso she’rlarida o‘sha o‘ziga xoslikni sezaman. Unda mavhumlik bor. Ichki xaos bor. Oldin ishlatilmagan metaforalar bor. Eng muhimi - u she’rni “hamma tushunsin” deb soddalashtirishga urinmaydi. Afsuski bizdagi muammo faqat ijodkorlarda emas. Auditoriyada ham adabiy did bilan bog‘liq jiddiy muammo bor. Chunki ko‘pchilik o‘quvchi murakkabroq matnni ko‘rsa: “Bu nima deyapti?”, “Juda tushunarsiz” deydi. Go‘yo san’atning vazifasi faqat tez va yengil hazm bo‘lishdek. Lekin san’at har doim ham ommaviy bo‘lishi shart emas. Har qanday kuchli asar ham birinchi o‘qishda tushunilavermaydi. Kafka, Kamyu, Joys yoki postmodern adabiyot vakillarini hamma birdan tushunmagan. Bir qadrdon do‘stim malaka oshirish vaqtida yozgan she’rlarimni ayrim adabiyotchilarga tahlil qildirgan ekan. Qizig‘i shundaki, deyarli hech kim she’rlarni to‘liq ochib berolmagan. Va men buni kamchilik deb hisoblamayman. She’r har doim ham hammaga tushunarli, sodda va ravon bo‘lishi kerakmas. Chunki san’atning vazifasi ba’zan tayyor ma’no berish emas, balki insonni ma’no izlashga majbur qilishdir. Ha, o’sha Jontemir aka aytganidek, ishdan charchab kelib yozadigan ijodkorman. Ho’p, bu narsa yuksak saviyali nimadir yozishimga to’sqinlik qilishi kerakmi? O’sha dunyoga mashxur Charlz Bukovskiyni she’r yozishdan boshqa ishi yo’qmidi? Menimcha, bizga bugun eng ko‘p yetishmayotgan narsa - saviya. Chunki did o‘smagan joyda bir xillik ko‘payadi. Bir xillik ko‘paygan joyda esa haqiqiy san’at emas, uning xavfsiz nusxalari paydo bo‘ladi, xolos. @islom_nurmurod

1,330 views

Publicat acum 25 de zile

Ko‘pchilik mendan “Falsafa o‘zi nima?”, “Faylasuf kim?” deb so‘raydi. Men esa savol beruvchining bilim saviyasiga qarab turlicha javob beraman. Ammo umumiy bir qarashim bor: har qanday sohaning haqiqiy ustasi, vaqt o‘tishi bilan o‘z sohasining faylasufiga…

1,500 views

Publicat acum 27 de zile

2015-2016-yillarni yaxshi eslayman. Litseyda o‘qirdim. O‘sha paytlari Samarqandda badiiy kitob topish bugungidek oson emasdi. Men biladigan joy asosan “крытый рынок” atrofidagi 3-4 ta kitob do‘koni bo‘lgan xolos. Ularning ham asosiy qismi test kitoblari, abituriyentlar uchun qo‘llanmalar, o‘quv materiallari bilan to‘la bo‘lardi. Badiiy adabiyot juda kam edi. Eng qizig‘i, bir do‘konga oradan 5-6 oy o‘tib yana kirsang ham o‘sha kitoblar o‘sha joyida turardi. Chunki talab deyarli yo‘q edi. Kamdan-kam yoshlar badiiy kitob o‘qirdi. Kitob o‘qish ommaviy madaniyat emasdi. Bugun esa vaziyat boshqacha. Hozir Samarqandda kitob do‘konlari ko‘paygan. Yangi nashrlar chiqyapti. Odamlarda qiziqish bor. Haftasiga hech bo‘lmasa bir-ikki marta kitob do‘konlariga kirib aylanaman. Va har safar bir narsaga e’tibor beraman: ko‘pincha u yerda o‘g‘il bolalardan ko‘ra qizlar ko‘proq bo‘ladi. Bu esa jamiyat uchun ijobiy holat. Chunki o‘qiydigan qiz - bu shunchaki kitob o‘qiydigan inson emas. Bu mustaqil fikrlaydigan, savol bera oladigan, tanqidiy tafakkurga ega, hayotni chuqurroq tushunishga urinadigan inson degani. Kitob o‘qigan qiz Instagramdagi sayoz kontent bilan real hayot o‘rtasidagi farqni sezadi. Har bir baland gapga, har bir chiroyli montaj qilingan videoga ishonib ketmaydi. Hayotni idealizatsiya qilish kamayadi. Pushti ko‘zoynak asta-sekin yechiladi. Insonlar va munosabatlarni realroq ko‘ra boshlaydi. Va menimcha, bu jamiyat uchun ham juda muhim. Chunki ertaga aynan shu qizlar ona bo‘ladi. Farzand tarbiyalaydi. Bir insonning dunyoqarashi ko‘p hollarda aynan onaning intellektual saviyasidan boshlanadi. O‘tgan safar kitob do‘konida bir holatni ko‘rdim. Ikki qiz kitob tanlayotgandi. Ulardan biri turmushga chiqqan edi shekilli, qo‘lida farzand tarbiyasi, oilaviy munosabatlar, psixologiya haqidagi kitoblar bor edi. Shunda yana bir narsani o‘yladim, ya’ni kitob - bu tayyor tajriba. Siz real hayotda hali boshdan kechirmagan holatlarni ham kitob orqali his qilishingiz mumkin. Insonlarning xatolarini, ruhiy inqirozlarini, muvaffaqiyatlarini, munosabatlarini o‘qib, hayotni tezroq tushunishni boshlaysiz. Tizimli bilim esa 1 minutlik reelslar va yoki motivatsion videolar orqali shakllanmaydi. Algoritm sizga hissiyot beradi, kitob esa tafakkur beradi. Shu sabab bugun jamiyatda qizlar ta’limiga davlat darajasida e’tibor berilayotgani va ayniqsa yosh qizlarning badiiy va ilmiy adabiyotlarga qiziqishi, menga umid beradigan holatlardan biri. Chunki kitob o‘qiydigan jamiyat balki sekin o‘zgarar. Lekin baribir o‘zgaradi. @islom_nurmurod

1,650 views

Publicat acum 28 de zile

Bugun menga nisbatan qilinayotgan ayrim tanqidlarga umumiy javob yozishni lozim topdim. Xullas, Fyodor Dostoyevsky va Frans Kafka ni o‘qib, boringki Fridrix Nitsshe ning “Zardo’sht tavallosi” asarini varaqlab chiqib, birdan o‘zidan “faylasuf” yasab olgan ayrim kitobxonlarning postlarimdagi fikrlarni primitiv ravishda tanqid qilayotgani haqida gap ketmoqda. Muammo shundaki, sizlarning falsafa haqidagi tasavvuringiz nihoyatda tor. Siz uchun falsafa - bu hayot haqida chuqurroq gapirish, melanholik status yozish yoki bir nechta mashhur yozuvchilardan iqtibos keltirish xolos. Aslida esa falsafa bundan ancha murakkab qatlamli soha. Falsafa bu - ontologiya, epistemologiya, gnoseologiya, mantiq, til falsafasi, siyosiy falsafa, etik nazariyalar, metafizika, germenevtika, fenomenologiya kabi butun boshli intellektual tizimlardan tashkil topgan ulkan maydon. Siz esa hamon ijtimoiy falsafa va ekzistensial kayfiyat atrofida aylanib yuribsiz. Eng qizig‘i, yuqorida nomi tilga olingan yozuvchilarning aksariyati akademik falsafaning markazida emas. Fyodor Dostoyevsky va Frans Kafka birinchi navbatda buyuk adiblar. Ularning asarlari falsafiy motivlarga boy, lekin bu ularni avtomatik tarzda professional faylasufga aylantirmaydi. Faqat Fridrix Nitsshe bu yerda to‘laqonli falsafiy sistema yaratgan mutafakkir sifatida ajralib turadi. Lekin Nitssheni tushunish ham 2 ta aforizm yoki “Zardo’sht tavallosi”dagi balandparvoz jumlalarni repost qilish bilan tugamaydi. Agar haqiqatan falsafaga qiziqsangiz: ilmiy matnlar o‘qing, birlamchi manbalarni o‘rganing, terminologiyani tushuning, falsafiy metodologiyani biling. Ingliz yoki rus tilida matnlarni o’qib tushuna oladigan darajaga chiqing. Chunki ko’plab faylasuflarning asarlari o’zbek tiliga tarjima qilinmagan. (Qilinganlari ham qisqartirish va g’aliz tarjimalarga uchragan.) Aks holda bu qiziqish emas, intellektual estetika bo‘lib qoladi xolos. Shu kunga qadar doim band bo‘lgan bo‘lsam ham, imkon topib mingga yaqin kitob o‘qigan inson sifatida men ham o‘zimga sizlardek bino qo‘ymayman. Yozganlarimni tanqid qilsangiz, albatta qabul qilaman. Lekin tanqid - bilim talab qiladi. Ayniqsa falsafada. 3-4 ta mashhur kitobni o‘qib, birdan hammaga yuqoridan qarashni boshlagan zo‘raki “kitobxonlar”ning emas, haqiqiy ilmiy tayyorgarligi bor insonlarning fikri qiziq men uchun. Ba’zi tanqidlarni o‘qib esa kulgim keladi. Bu xuddi endi soch olishni o‘rganayotgan sartaroshning professional barber ishidan kamchilik qidirishiga o‘xshaydi. Eng achinarlisi esa shundaki, bugun ko‘pchilik uchun falsafa - bilim emas, obrazga aylanib qolgan. Qora fon, kofe, Kafka va depressiv sitatalar bilan o‘zini “chuqur odam” qilib ko‘rsatish juda oson. Lekin haqiqiy falsafa insonning egosini kattalashtirmaydi. Aksincha, unga o‘z bilimsizligi chegarasini ko‘rsatadi. @islom_nurmurod

1,920 views

Publicat acum 29 de zile

Baribir ne qilsa ham ekzistensializm meni o‘ziga tortadi. “Anti-Dyuring” ni tugatgach, balki yana Albert Kamyu ni boshlavorishim mumkin. To‘g‘ri, absurdizm. Lekin bugungi zamonning o‘zi ham absurdlarga to‘lib ketgan. Ayniqsa bir paytlar masxarabozlik qilib ommani yig‘ib olgan odamlarning - “aslida men doim aqlli edim”, “bu faqat strategiya edi” deb, endi intellektuallikka da’vo qilayotganini ko‘rsam kulgili tuyuladi. Axir ular hozir aytayotgan gaplarni ham o‘zi yozmaydi. Hatto o’sha ma’noli treklarigacha kim yozib berishini bilaman. Bir paytlar ommani ushlab qolish uchun qanday rol o‘ynagan bo‘lsa, bugun ham shunchaki boshqa rol o‘ynayapti xolos. Faqat dekoratsiya o‘zgargan. Xullas, qo‘lidan faqat masxarabozlik keladigan odamlarning intellektual ko‘rinishga urinishini ko‘rish ham, uni jiddiy qabul qilayotgan auditoriyani kuzatish ham o‘ziga xos absurd teatrga o‘xshaydi. Balki Kamyu haq bo‘lgandir: inson ba’zan ma’no izlaydi, lekin dunyo unga faqat navbatdagi spektaklni ko‘rsatadi. @islom_nurmurod

2,700 views

Publicat 12 mai

Tana og‘rig‘i ko‘p hollarda har qanday ruhiy og‘riqdan kuchliroq ekanligi haqida bir postda o‘qib qolgandim. O‘sha payt uncha ishonmagandim. Lekin tanang haqiqatan qattiq og‘riganida, miyangning deyarli barcha resursi aynan o‘sha og‘riqqa yo‘nalar ekan. Hattoki har kuni sog‘inadigan insoning ham bir muddat xayolingdan chiqib ketadi. Nevrologiyada bunga oddiyroq qilib aytganda organizmning “tirik qolish rejimi” desa ham bo‘ladi. Kuchli jismoniy og‘riq paytida miya romantika, nostalgiyalar yoki ekzistensial o‘ylar bilan emas, avvalo og‘riqni nazorat qilish bilan band bo‘ladi. Shu sababli inson vaqtincha hissiy jihatdan sovuqlashib qoladi. Qiziq tomoni, odam baribir yashashda davom etadi. Ishga boradi, majburiyatlarini bajaradi, hatto atrofdagilar uning ichida nima bo‘layotganini sezmasligi ham mumkin. Chidamlilik ba’zan aynan shunday ko‘rinadi. Lekin ichkarida boshqa jarayon ketayotgan bo‘ladi: deyarli hech narsa qiziqtirmaydi. Ayniqsa qarshingda faqat o‘zi haqida gapirib o‘tirgan insonlar yanada charchatadi. Chunki organizm allaqachon ortiqcha stimuldan himoyalanishga o‘tgan bo‘ladi. Uzoq davom etadigan og‘riq esa inson xarakteriga ham ta’sir qiladi. Bir nuqtadan keyin unga qarshi kurashmaysan, u bilan yashashni o‘rganasan. Va ehtimol eng g‘alati holat ham shu yerda boshlanadi: ichingda go‘yo ikki xil odam paydo bo‘ladi. Og‘riq pasaygan payt yana his qilasan, o‘ylaysan, sog‘inasan, reja tuzasan. Kuchaygan payt esa yana sovuqqon, hissizroq versiyang ishga tushadi. Go‘yo organizm ruhiyatni vaqtincha “o‘chirib”, energiyani faqat chidash uchun qoldirayotgandek. Shu sababli menimcha, uzoq davom etgan jismoniy og‘riq insonni faqat tanaviy emas, psixologik jihatdan ham o‘zgartirib yuboradi. @islom_nurmurod

2,940 views

Publicat 11 mai

XIX asrning ikkinchi yarmi Germaniyada falsafa, siyosiy iqtisod va madaniy tafakkur portlagan davr edi. Aynan shu davrda Karl Marks, Fridrix Engels va Fridrix Nitsshe kabi mutafakkirlar yashab ijod qildi. Lekin bugun aynan o‘sha gigantlar soyasida qolib ketgan yana bir faylasuf haqida yozmoqchiman - Yevgeniy Dyuring. Bugun uning ismini ko‘pchilik faqat Engelsning “Anti-Dyuring” asari orqali eslaydi. Aslida esa o‘sha davrda Dyuring Germaniyadagi juda mashhur professorlardan biri bo‘lgan. U Berlin universitetida dars bergan, iqtisod, falsafa, sotsializm va ilm-fan haqida ma’ruzalar o‘qigan. Hatto bir paytlar yosh sotsialistlar orasida Marksdan ham ko‘proq ommalashayotgan edi. 1870-yillarda “Kapital” ning birinchi tomi chop etilgach, Dyuring Marksning iqtisodiy nazariyasini keskin tanqid qila boshlaydi. U ketma-ket maqolalar yozadi, ma’ruzalarida marksizmni ilmiy emas deb ataydi. Ayniqsa, sinfiy kurash, tarixiy materializm, kapitalizmning qulash nazariyasi unga juda bahsli tuyulardi. Bu holat Fridrix Engelsni jiddiy xavotirga soladi. Chunki Dyuringning ta’siri Germaniya sotsial-demokratlari orasida kuchayib borayotgan edi. Natijada Engels unga qarshi tarixdagi eng mashhur falsafiy asarlardan birini yozadi, ya’ni “Anti-Dyuring” ni. Qizig‘i shundaki, bu kitob oddiy javob emas edi. Engels Dyuringni tanqid qilish orqali marksistik falsafa, dialektika, siyosiy iqtisod, ilmiy sotsializm haqidagi butun boshli tizimni ishlab chiqadi. Keyinchalik ko‘pchilik aynan shu kitob orqali marksizm bilan tanishgan. Dyuring esa asta-sekin mag‘lub bo‘la boshlaydi. Uning obro‘si tushadi. Talabalar soni kamayadi. Universitet bilan munosabatlari yomonlashadi. Oxir-oqibat u akademik hayotdan deyarli siqib chiqariladi. Shunday qilib tarix har doim g‘olib tomonida qolib kelgan. Bugun ko‘pchilik Dyuringning o‘zini emas, unga qarshi yozilgan kitobni biladi. Eng qiziq joyi esa boshqa tomonda. Xuddi o‘sha paytda Germaniyaning boshqa bir nuqtasida Fridrix Nitsshe butunlay boshqa qarama-qarshilikni boshdan kechirayotgan edi. Nitsshening falsafasi Marksnikidan deyarli barcha nuqtalarda farq qiladi. Marks uchun tarixni iqtisod, sinfiy kurash, moddiy munosabatlar harakatga keltiradi. Nitsshe uchun esa insonning asosiy harakatlantiruvchi kuchi - “hokimiyat irodasi” edi. Marks kollektiv ozodlik haqida o‘ylagan bo‘lsa, Nitsshe kuchli individ haqida yozadi. Marks tenglikni muhim desa, Nitsshe aksincha sotsializmni ham, ommaviy demokratiyani ham tanqid qilgan. Lekin tashqi tomondan qanchalik kuchli ko‘rinmasin, Nitsshening shaxsiy hayoti ancha og‘ir kechgan. U sog‘lig‘i bilan uzoq qiynalgan, kuchli migren xurujlari va asabiy tushkunliklar bilan yashagan. Yoshligida Bazel universitetida professor bo‘lganiga qaramay, sog‘ligi sabab akademik faoliyatini tark etishga majbur bo‘ladi. Keyin esa uning hayotida rossiyalik psixoterapevt Lou Salome paydo bo‘ladi. Nitsshe unga oshiq bo‘ladi, hatto turmush qurishni ham taklif qilgan. Lekin Salome rad javobini bergani, bu voqea Nitsshe ruhiyatiga juda qattiq ta’sir qilgani haqida bundan ancha avval bir postimda yozgandim . Aynan shundan keyingi davr uning eng yolg‘iz, lekin eng mahsuldor davriga aylanadi. U Shveytsariya va Italiya shaharlari bo‘ylab deyarli darbadar kun kechirardi. Va aynan shu davrda “Zardusht tavallosi” asarini yozadi. Qiziq paradoks, ya’ni bir tomonda Marks va Engels butun boshli siyosiy harakatni qurayotgan edi. Ikkinchi tomonda esa Nitsshe yolg‘izlik ichida yangi qadriyatlar yaratishga urinayotgan edi. Bir tomonda kollektiv kelajak haqidagi orzu, ikkinchi tomonda esa “insonni qayta yaratish” g‘oyasi. XIX asr Germaniyasi faqat falsafa markazi emasdi. U yerda bir vaqtning o‘zida sotsializm, nigilizm, modernizm, millatchilik, ateizm, ilmiy tafakkur bir-biri bilan to‘qnashayotgan edi. Va ehtimol bugungi zamonaviy dunyo ham hamon o‘sha davrda boshlangan bahslar ichida yashayotgandek. @islom_nurmurod

2,320 views
123•••10•••1415
AnteriorPagina 1 din 15Următor