Содержимое
🧏 Stereotiplar, stereotiplar, stereotiplar… Javohir Sindarov haqida yozmagan nashr, yozmagan post qolmadi. Ayni damda butun dunyo nashri Javhirni tilga olmoqda. Men ham qo‘shimcha qilmoqchiman. Do‘stimiz, o‘smirlar o‘rtasida ikki karra jahon chempioni (2004, Malente, Germaniya; 2008, Sant Galen, Shveysariya), shaxmat olimpiadasi g‘olibi (2018, Manchester, Buyuk Britaniya) va ko‘plab xalqaro turnirlar g‘olib va sovrindori Sirojiddin Zaynidinovni ko‘pchilik tanimasa kerak. Sirojiddin “Sport – friendship – victory”♟shaxmat maktabiga asos solgan va ko‘plab nomdor shaxmatchilar ilk qadamni aynan Sirojiddinning maktabida boshlashgan. Shulardan Javohir Bozorov, Ibrohim Jumanazarov, Odina Olimova, Umida Omonova, Xumoyun Bekmurodov va albatta aka-uka Javohir va Islombek Sindarovlarilk qadamini aynan “Sport – friendship – victory” shaxmat maktabida, Sirojiddin va uning singlisi, oliy toifali murabbiy, Saboxat Zaynidinova qo‘l ostida boshlashgan. Xo‘sh, men nega buni tilga olyapman? Sirojiddin Zaynidinov karlar o‘rtasida musobaqalarda g‘olib va sovrindor bo‘lgan, o‘zi eshitmaydi. Ammo maktabida ustozlik qilishda bu unga to‘siqlik qilmaydi. Ayrimlar farzandini ushbu maktabga olib borsa, murabbiyi eshitmasligini bilsa, tamom, xayoliga farzandi qanday bu maktabga boradi, qanday eshitmagan murabbiy bilan muloqot qiladi, degan xayollar o‘tishi tabiiy. Bunday xayol va stereotiplar ko‘pchilikda qolganini bilaman. Bu katta xato. Mana, Sirojiddin Zaynidinov qo‘l ostida ilk qadam qo‘ygan yuqorida tilga olgan sportchilar ayni damda shaxmat olamida yetakchilardan biri. Ayniqsa Javohir Sindarov rekordlari bilan dunyoni larzaga solayotgani quvonarli! Bunda, albatta Sirojiddinning ham hissasi katta. Men Sirojiddin Zaynidinov haqida hamkasbim, ayni damda “Ma’rifat”-“Учитель Узбекистана” gazetalari bosh muharriri Husan aka Nishonovdan bilib olgandim, o‘shanda Husan aka ko‘proq shaxmatga qiziqardi va gazeta sahifalarida shaxmat haqida ko‘proq yoritib borardi. Husan Nishonovni ham o‘zbek shaxmatiga qo‘shgan hissasi katta, 2022-yili nashr qilingan “O‘zbek shaxmatining oltin avlodi” kitobi muallifidir. Husan akadan kontaktini olib, maqola yozish maqsadida Sirojiddinni qidirib borganman. 2013-yili Sergeli tumanida joylashgan “Sport – friendship – victory” shaxmat maktabiga borganimda Javohir va Islombeklar ham Sirojiddin qo‘l ostida shug‘ullanishayotgan edi. Suratda ko‘rib turganingizdek asosiy rasmda ham Sirojiddin ishonchli shogirdi Javohirga shaxmat sirlarini o‘rgatyapti, men o‘shanda kameraga muhrlab qo‘ygandim. Ayni damda O‘zbekiston karlar terma jamoasi 6–15-may kunlari Ispaniyada bo‘lib o‘tadigan karlar o‘rtasida jahon chempionatiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqda. Kecha nomzodlar turniri g‘olibi Javohir Sindarov vaqti tig‘iz bo‘lishiga qaramay ustozi bilan ko‘rishib, jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rayotgan jamiyatimiz sportchilari bilan uchrashdi va muhim tavsiyalar berdi. Stereotiplardan xalos bo‘ling, farzandlaringizga “0”dan boshlab shaxmat sirlarini o‘rgatmoqchi bo‘lsangiz, aynan “Sport – friendship – victory” shaxmat maktabiga berishni tavsiya qilaman! Sirojiddin nafaqat mehribon ustoz, shu bilan qattiqqo‘l murabbiy hamdir. Подписывайте/Obuna bo‘ling: @uzsduz