TGTGInsighttelegram intelligenceLIVE / telegram public index
Nazaj na kanale
Hayot zavqi avatar

TGINSIGHT CHAT

Hayot zavqi

@my_minds_1

Blogs

Ushbu firklar koʻchirilmagan, butunlay shaxsiy. Barchasi subʼektiv qarashlar

Naročniki47Trenutni naročniki
Sledene objave105Število indeksiranih objav
Nedavni doseg1,508Vsota nedavnih ogledov
Nedavne objave

Nedavne objave

Stran 1 od 9 · 105 objav

Objavljeno 10. apr.

Guljamol Asqarova ijodidan. Chuqur falsafa. Eshitishni maslahat beraman. Oʻzim... Inson ichki dunyosidagi chuqur kechinmlari.

63 views

Objavljeno 10. apr.

63 views

Objavljeno 9. apr.

Бугун янги офис ва шоурумимизни бориб кўрдим. Узоқ вақтлик меҳнат, асаб ва сабр натижаси — ниҳоят битиш арафасида. Лекин бу пост бинолар ҳақида эмас. Бу — қўшни ҳақида. Кўп эшитганмиз: “Уй олма, қўшни ол”. Лекин тан олиш керак — кўпчилигимиз бу гапга етарлича аҳамият бермаймиз. Мен ҳам шу мақолга вақтида эътибор бермаганман. 2023 йилда бир ер сотиб олдим. Жой зўр, локация идеал. Ҳаммаси яхши. Фақат битта нарсани чуқур ўйламабман — қўшнини. 2024 йилда қурилиш бошланиши билан муаммолар ҳам бошланди. Оддий девор масаласи катта баҳсга айланди. Келишув қилишга бордик — ҳурмат билан, одоб билан. Мен ҳатто ўзим зарар кўришга ҳам тайёр эдим: — Деворни ўз томонимиздан тортиб берамиз дедим. — Оралиқда қолган ерни даъво қилмайман дедим. — Улар томонни ҳам тартибга келтириб берамиз дедим. Лекин йўқ. Охири пул масаласига келиб тақалди. 16 миллионга келишдик. Шу билан гўё масала ёпилгандек бўлди. Аммо ҳаётда энг қийини — девор эмас, инсонлар орасидаги девор экан. Ўша қўшнилар — ака-ука ва опа. Бир ҳовлида яшайди. Жами 34 нафар инсон 5 сотих жойда истиқомат қилади. Кўпининг моддий ҳолати яхши, лекин уйдан умид борлиги учун чиқиб кетишмас экан. Катта акасининг ёши 65–70 атрофида, синглисиники 60–65, укасининг ёши эса 55–65 атрофида. Лекин йиллардан бери бир-бири билан гаплашмайди. Шунда тушундим: Агар бир ҳовлида яшаб, қон-қардошлар бир-бири билан гаплашмаса — қўшни билан тинч яшаш қанчалик қийин эканини тасаввур қилиш қийин эмас. Ҳатто уларни яраштирмоқчи бўлдим. Бир ош қилиб, бирлаштирай дедим. Жавоб қаттиқ бўлди: “Бу гапни яна айтманг. Акс ҳолда келишолмаймиз.” Ҳозирча муносабатимиз яхши. Аллоҳ доимо шундай яхши қилсин. Шунинг учун ҳозир ўзимга қоида қўйганман: Ҳар қандай кўчмас мулк олишда биринчи навбатда қўшнига қарайман. Чунки деворни қуриш осон. 10–20 м² ер қўшнига ўтса ўтар, лекин муносабатлар яхши бўлиши керак. Hayot zavqi kanali — hayotga bir nigoh, lekin yagona haqiqat emas

67 views

Objavljeno 9. apr.

Urush haqida gap ketganda, ko‘pchilik tarixni eslaydi — g‘alabalar, yutqazishlar, strategiyalar. Lekin asl haqiqat shundaki, urush — bu xaritalardagi chiziqlar emas, bu oddiy insonlarning taqdiri. “Urush nazariyasi” degan tushuncha bor. Uni turli olimlar, siyosatchilar va strateglar o‘rganishgan. Ammo nazariyalar qanchalik mukammal bo‘lmasin, ularning natijasi ko‘pincha bir xil: minglab, hatto millionlab insonlarning umriga nuqta qo‘yiladi. Eng og‘ir tomoni — urushda jon berganlarning aksariyati tarix sahifalarida qolmaydi. Ularning nomi yozilmaydi, hikoyalari aytilmaydi. Ammo qaror qabul qilganlar, urushni boshlaganlar — ular tarixda qoladi, muhokama qilinadi. Aslida esa har bir askar uchun urush — bu nazariya emas. Bu hayot va mamot o‘rtasidagi tanlov. Kimdir o‘z vatanini himoya qilish uchun jang qiladi. Kimdir esa nima uchun jang qilayotganini o‘zi ham to‘liq anglamaydi. Tasavvur qiling: urushda bir askar halok bo‘ldi. Uning ortida ota-onasi, ayoli, farzandlari qoldi. Birgina insonning yo‘qolishi — bu butun bir oilaning ichidan nimadir uzilib ketgani degani. Bu og‘riqni pul bilan o‘lchab bo‘ladimi? Balki kimdir kompensatsiya haqida gapirar. Lekin hech qanday summa ota mehrini, farzandning sog‘inchini, ayolning suyanchig‘ini qaytarib bera olmaydi. Bu — son bilan emas, yurak bilan seziladigan yo‘qotish. Eng achinarlisi shundaki, bunday qarorlar ko‘pincha frontdan uzoqda, issiq va sokin xonalarda qabul qilinadi. U yerda raqamlar muhokama qilinadi — yo‘qotishlar, strategiyalar, natijalar. Ammo o‘sha raqamlarning ortida tirik insonlar, ularning hayoti va orzulari borligi ko‘pincha unutiladi. Chunki urushni boshqarayotganlar ko‘pincha hech narsa yo‘qotmaydi. Ammo oddiy insonlar hammasini yo‘qotishi mumkin. Bugungi dunyoda ham buni ko‘rish qiyin emas. Frontdagi oddiy askar uchun bu siyosat emas — bu omon qolish masalasi. Ammo yuqorida turganlar uchun bu ko‘pincha manfaatlar, ta’sir doiralari va kuchlar o‘yini. Ba’zida urushlar iqtisodiy manfaatlar ortidan keladi. Ba’zida esa jamiyatni boshqa muammolardan chalg‘itish vositasiga aylanadi. Shuning uchun savol boshqacha bo‘lishi kerak: urush kimga foyda, va kimlar evaziga? Chunki tarixni yozayotganlar boshqa, uning narxini to‘layotganlar esa butunlay boshqa insonlar… Hayot zavqi kanali — hayotga bir nigoh, lekin yagona haqiqat emas

59 views

Objavljeno 25. mar.

Ba’zida eshitib qolaman. Ota aliment to‘lashdan qochib muzlatgich ichidan, gaz plita ichidan yoki yana allaqanday joylardan chiqib keladi. Tarozini qanday qo‘yishni bilmayman, sababi men u holatda bo‘lmaganman. Lekin o‘zimni o‘sha inson o‘rniga hech qachon qo‘ya olmayman. O‘zim bo‘lib savol beraman: Inson o‘z zurriyodidan voz kechib, uni ta’minlamaslik uchun qanchalik darajada manfur yoki ziqna bo‘lishi kerak? Ajrimlarni, ajrashayotgan insonlarni ko‘rib turgan odam bor-ki, ularning farzandlarini ko‘rib yuragi ezilib ketadi. Chunki ajrashish — er-xotinning ishi, lekin uning og‘irligi ko‘pincha bolalarga tushadi. Fransuz qo‘shiqlarini juda yaxshi ko‘rib eshitaman. Maktabda ham, universitetda ham birinchi xorijiy tilim fransuz tili bo‘lgan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, ba’zi qo‘shiqlar yurakka boshqacha ta’sir qiladi. Masalan, Papaoutai qo‘shig‘i. Uni Stromae kuylagan. Asli belgiyalik. Qo‘shiq aslida otasiz o‘sgan bola dardi, otaning yo‘qligi, erkakning mas’uliyati haqida. Uning mazmuni esa alohida bir dunyo. “Ayting, u qayerda? Shunda men ham qayerga ketayotganimni bilardim. Onam aytadi, agar chin dildan izlasang, Bir kun kelib baribir topasan. U yana aytadi, otang uzoqda emas, Faqat u doim ish bilan band. Onam deydi, ishlash yaxshi, Yomon odamlar bilan yurishdan ko‘ra. Lekin rostmi bu? Otam qayerda? Ayting, u qayerda? U bilan gaplashmasam ham, U meni tushunadigan odam edi. Ey, mening g‘alati otam, Qayerga yashirinding? Men seni kutib juda ko‘p bor Barmoqlarimni sanab chiqdim. Bir kun keladi — Biz ham ota bo‘lamiz, Keyin esa vaqt o‘tib Birdan g‘oyib bo‘lamiz. Biz qanday ota bo‘lamiz? Yomonmi yoki yaxshi? Oddiy odammi yoki dono? Aytingchi, Mas’uliyatsiz odamlarni kim tarbiyalaydi? Hamma bola qanday tug‘ilishini biladi, Lekin hech kim qanday qilib ota bo‘lishni bilmaydi. Hamma bilag‘onlik qiladi, Lekin haqiqat qayerdaligini hech kim aytmaydi. Otam qayerda? Ayting, qayerda u? Men uni juda ko‘p kutdim… Juda ko‘p sog‘indim…” Ba’zi qo‘shiqlar shunchaki musiqa emas. Ular savol beradi. Va ba’zi savollarga javob berish juda og‘ir. Hayot zavqi kanali — hayotga bir nigoh, lekin yagona haqiqat emas.

104 views

Objavljeno 24. mar.

Baliq tutib sotib pul topish qiyin. Lekin baliq tutishni “o‘rgatib” pul topish — ancha oson. Bugun qarang: hamma “trener”, “mentor”, “psixolog”, “treyder”...hamma — DONO. Eng qizig‘i nima bilasizmi? Ularning kurslari — osmonda. To‘lashga pul yo‘qmi? Muammo emas. Uzum, bank, kredit — hammasi tayyor. Natija-chi? Odam kursni oladi… qarzga botadi… va oxirida bitta haqiqatni tushunadi: Pulni bilimdan emas, bilimni sotishdan topishayapti. Men shaxsan “top” deb yuritiladigan bir biznes trenerni bilaman. Uning o‘z biznesi bor… lekin andozadagi emas. Faqat gapda bor. Trading-chi? Yillar davomida barqaror daromad qilayotgan “trederchilar” qani? Ko‘pi — faqat dars sotadi. Xulosa juda oddiy: Chorvador bo‘lsang — mol boqma. Mol boqishni o‘rgat. Shunda daromad ham tez, ham “oson” keladi. Lekin savol bor: Sen haqiqatan o‘rganmoqchimisan… yoki shunchaki navbatdagi “kurs qurboni” bo‘lasanmi? Hayot zavqi kanali — hayotga bir nigoh, lekin yagona haqiqat emas

87 views

Objavljeno 20. mar.

Ramazon oyi ham nihoyasiga yetdi. Barchangiz tutgan roʻzalaringiz Alloh dargohida qabul boʻlsin, qalblaringizga sokinlik, xonadonlaringizga baraka ato etsin. Har yili Ramazon kelganda bir jihat emas, ikki jihat dilni biroz xira qiladi. Birinchisi — ogʻiz ochish vaqti yaqinlashganda koʻchadagi shoshqaloqlik. Haydovchilar ham odatdagidan tezroq yuradi, yoʻl berish, hurmat, sabr — goʻyo bir-ikki pogʻona pastlab ketgandek tuyuladi. Roʻza — faqat och qolish emas, sabrni, odobni, bir-birimizga mehrni ham oʻrgatadi. Ikkinchi jihat esa — dabdababozlik. Baʼzi insonlarni eshitib qolaman, kim qanday ogʻiz ochdi, qayerdan qanday qimmat taom buyurtma berdi, uyida nechta tur ovqat tayyorlandi — shular muhokama qilinadi. Goʻyo Ramazonning qadr-qimmati dasturxonning qanchalik boy boʻlgani bilan oʻlchanadigandek. Men esa eng muhimi dabdaba emas, isrofgarchilik qilmaslik va boriga shukr qilib ogʻiz ochib-yopish deb hisoblayman. Bu yil ukam bilan Hindistonda roʻza tutdik. Musulmon bo‘lmagan mamlakatda halol ovqat topish oson emasligi uchun o‘zimiz bilan halol mahsulotlardan ham olib borgandik. Biroz vaqt oʻtgach, bir xil ovqat jonga tegadi, charchoq ham bilinadi. Ukam baʼzan “koʻchadan zakaz qilamiz” deb turardi, baʼzida ochiqchasiga ham aytardi. Lekin men doim bir gapni aytganman: isrofgarchilik qilmaymiz, nima bo‘lsa shu boriga shukr qilib ogʻiz ochamiz, shu bilan yopamiz. Aslida Ramazonning goʻzalligi ham shunda — dasturxonning kattaligida emas, qalbning pokligida. Shukr bor joyda baraka bo‘ladi, sabr bor joyda xotirjamlik bo‘ladi. Alloh nasib qilsa, kelasi Ramazonlarga ham tinchlikda, sogʻlikda yetaylik. Ramazon bizga oʻrgatgan sabr, hurmat va shukr tuygʻusi yil davomida ham biz bilan qolsin. Hayot zavqi kanali — hayotga bir nigoh, lekin yagona haqiqat emas

102 views

Objavljeno 20. mar.

98 views

Objavljeno 17. mar.

Tekinning shoʻrvasi tatimas degan gapni ko‘p eshitganmiz. Avval oddiy maqoldek tuyuladi, lekin ichida juda chuqur ma’no bor ekan. Tekin bo‘lgan narsa — xoh buyum bo‘lsin, xoh maslahat, xoh xizmat — baribir odamga kamroq qadrlidek tuyuladi. Pul to‘lab olingan narsa esa ongimizda boshqacha o‘rnashadi. Yaqinda Hindistonga kelib qoldim va o‘zim uchun odat bo‘lgan yillik tibbiy ko‘rikdan o‘tishga qaror qildim. Hammasi bo‘lib 670$ sarfladim. Alhamdulillah, tekshiruv natijalari yaxshi chiqdi. Lekin shifokor aytgan bitta gap meni ancha o‘ylantirib qo‘ydi. U dedi: siz kam suyuqlik ichar ekansiz, kuniga kamida 2–3 litr suv ichish kerak. Bu gapni avval ham ko‘p eshitganman. Yaqinlarim ham aytgan, do‘stlar ham aytgan, hatto internetda ham ming marta ko‘rganman. Lekin tekin maslahat bo‘lgani uchunmi, unchalik e’tibor bermagan ekanman. Endi esa shu gap uchun 670$ to‘laganimdan keyin, xuddi juda muhim sirni bilgandek bo‘ldim. Xulosa oddiy, lekin juda muhim: sog‘lom bo‘lishning eng katta sirlaridan biri — kun davomida tez-tez, oz-ozdan suv ichib yurish ekan. Bir martada ko‘p ichish emas, balki kun davomida tanani suvsiz qoldirmaslik kerak. Ba’zan hayotdagi eng to‘g‘ri maslahatlar bepul bo‘ladi. Faqat biz ularni qimmatga tushgandan keyingina tushunamiz. Hayot zavqi kanali — hayotga bir nigoh, lekin yagona haqiqat emas.

124 views

Objavljeno 10. mar.

Qaror qabul qlish - men va ichimdagi menlar bilan mulohaza Men uzoq vaqtdan buyon inson hayotida qaror qabul qilishning qanchalik muhimligi haqida o‘ylab kelaman. Shu sababli bu mavzuda yozilgan maqolalar, psixologlar va olimlarning tadqiqotlarini ham o‘rganishga harakat qildim. Qanchalik chuqurroq qarasangiz, shunchalik bir haqiqat aniq bo‘lib boradi: inson hayotining yo‘nalishini ko‘pincha aynan qabul qilgan qarorlari belgilaydi. Tadqiqotchilarning ayrim hisob-kitoblariga ko‘ra, inson bir kunda o‘rtacha 30–35 mingga yaqin qaror qabul qiladi. Ularning ko‘pchiligi juda mayda bo‘ladi va biz buni sezmaymiz ham: qachon turish, nima yeyish, qaysi yo‘ldan yurish, qaysi xabarga javob berish. Lekin shu kichik qarorlarning yig‘indisi inson hayotining umumiy yo‘lini shakllantirib boradi. Mashhur psixologlardan biri, Nobel mukofoti sovrindori Daniel Kahneman inson qarorlarini o‘rganib, miyada ikki xil fikrlash tizimi borligini aytadi. Birinchisi — tez, intuitiv va avtomatik qarorlar tizimi. Ikkinchisi esa sekin, tahliliy va chuqur o‘ylab qaror qabul qilish tizimi. Hayotda ikkalasi ham kerak. Ba’zi vaziyatlarda tez qaror hayotni saqlab qoladi, ba’zi vaziyatlarda esa sekin o‘ylash eng to‘g‘ri yo‘lni topishga yordam beradi. Qarorlarni shartli ravishda uch turga bo‘lish mumkin: qisqa muddatli, o‘rta muddatli va uzoq muddatli qarorlar. Qisqa muddatli qarorlar tez qabul qilinadi va natijasi ham tez ko‘rinadi. O‘rta muddatli qarorlar esa bir necha oy yoki yil davomida ta’sir qiladi. Uzoq muddatli qarorlar esa inson hayotining butun yo‘nalishini belgilab qo‘yishi mumkin. Hayotdagi qarorlarni avtomobil boshqarishga o‘xshatish mumkin. Mashinada gaz pedali ham bor, tormoz pedali ham bor. Tajribali haydovchi qaysi paytda gaz bosish yoki to‘xtash kerakligini ko‘pincha ongli ravishda o‘ylab ham o‘tirmaydi — bu uning miyasiga avtomatik ko‘nikma sifatida yozilib qolgan bo‘ladi. Lekin favqulodda holatda, masalan avariya xavfi tug‘ilganda, soniyaning juda kichik qismida qabul qilingan qaror hayotni saqlab qolishi mumkin. Psixologlar yana bir muhim holatni ta’kidlaydi: inson juda ko‘p o‘ylasa, miya charchab qoladi. Bu holat ilmiy adabiyotlarda “decision fatigue” — qaror charchoqligi deb ataladi. Bunday paytda miya eng oson yo‘lni tanlaydi: ya’ni qarorni umuman qabul qilmaslik. Shu sababli hayotda ko‘p imkoniyatlar haddan tashqari mukammal qaror izlash tufayli amalga oshmay qoladi. Qaror qabul qilishda yana bir qiziq savol bor: faqat miyada o‘ylash yaxshimi yoki yozib chiqish yaxshimi? Ko‘plab mutaxassislar muhim qarorlarni yozib ko‘rishni tavsiya qiladi. Yozish fikrlarni tartibga soladi, variantlarni aniqroq ko‘rsatadi va hissiyotlarning ta’sirini kamaytiradi. Biroq ba’zi insonlar intuitiv fikrlashga moyil bo‘ladi va ular tez qaror qabul qilganda ham yaxshi natijaga erishishi mumkin. Demak, qaror qabul qilishning yagona universal formulasi yo‘q. Lekin bitta haqiqat bor: inson hayoti ko‘pincha uning qabul qilgan qarorlariga bog‘liq. Ba’zan tez qaror kerak bo‘ladi, ba’zan esa chuqur o‘ylash. Eng muhimi — qaror qabul qilishdan qo‘rqmaslik. Ps: Siz nima qilsangiz ham yoki qilmasangiz ham aslida mana shu qarorlaringizga bog'liq. Men u hayotimda uzoq muddatli qarorlarni yozishga harakat qilaman. Kerakli paytda ochib tahlil qilaman. Hayot zavqi kanali — hayotga bir nigoh, lekin yagona haqiqat emas

144 views

Objavljeno 6. mar.

Yaqinda Hindistonga safar qilib qaytdim. Ko‘pchilik bu davlat haqida turli fikr bildiradi: kimdir uni qashshoqlik bilan bog‘laydi, kimdir esa tozalik masalalarini tanqid qiladi. Rostdan ham, yashash darajasi hamma joyda yuqori emas, ayrim hududlarda tozalikka e’tibor biz o‘rganib qolgan darajada emas. Lekin shu bilan birga, bu mamlakatning o‘ziga xos va juda qiziqarli yutuqlari ham bor ekan. Birinchi e’tiborimni tortgan jihat — bozorlarda Xitoy mahsulotlari deyarli yo‘qligi. Do‘konlarda asosan o‘zlarining ishlab chiqarilgan mahsulotlari sotiladi. Buning sababi shundaki, Hindiston ko‘p yillardan beri mahalliy ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash siyosatini olib boradi. Ko‘plab mahsulotlarga yuqori bojlar qo‘yilgan yoki ayrim importlarga cheklovlar mavjud. Natijada ichki bozorni ko‘proq o‘z ishlab chiqaruvchilari to‘ldiradi. Bu esa mamlakat iqtisodiyotining muhim qismi o‘z kuchiga tayanishini ta’minlaydi. Ikkinchi jihat — ishlab chiqarish ancha rivojlangan. Ayniqsa elektronika, farmatsevtika, to‘qimachilik va turli texnika ehtiyot qismlarini ishlab chiqarish keng yo‘lga qo‘yilgan. Buning bir necha sabablari bor. Birinchidan, aholi soni juda katta — bu katta mehnat bozori degani. Ikkinchidan, ishchi kuchi nisbatan arzon, shu sabab ko‘plab kompaniyalar ishlab chiqarishni shu yerda yo‘lga qo‘yadi. Uchinchidan, hukumat sanoat zonalari va investorlarga turli imtiyozlar yaratib bergan. Shu sababli ko‘plab xalqaro kompaniyalar ham aynan shu yerda ishlab chiqarish ochgan. Uchinchi kuzatgan jihatim — dollarning qadri balandligi. Ya’ni dollar mahalliy valyutaga nisbatan ancha qimmat turadi. Buning sababi shundaki, mamlakat iqtisodiyoti juda katta va tashqi savdo hajmi ham yuqori. Import qilinadigan mahsulotlar ko‘p bo‘lgani uchun dollarga talab ham katta bo‘ladi. Bu esa uning kursini balandroq saqlab turadi. To‘rtinchi va men uchun eng qiziq jihat — odamlarning fe’l-atvori. To‘g‘ri, ko‘pchilik juda boy emas, hayot sharoiti ham hamma joyda bir xil emas. Lekin odamlar orasida bir turdagi ko‘ngil to‘qlik va xotirjamlik seziladi. Ko‘chalarda shoshilib, asabiylashib, baqir-chaqir qilib yurgan odamlarni deyarli ko‘rmadim. Ko‘pchilik vaziyatni sokin qabul qiladi. Balki bunga ularning qadimiy madaniyati, diniy qarashlari va hayotga falsafiy munosabati sabab bo‘lsa kerak. Xulosa qilib aytganda, har bir davlatni faqat tashqi ko‘rinishi bilan baholab bo‘lmaydi. Hindiston ham o‘z muammolariga ega, lekin shu bilan birga iqtisodiy va madaniy jihatdan juda qiziqarli va kuchli tomonlari ham bor ekan. Safar davomida shuni angladimki, ba’zan boylikdan ham muhimroq narsa — insonning ichki xotirjamligi va hayotga bo‘lgan munosabati ekan. PS: Nega borganim hozircha sir. Kezi kelganda aytaman. Barchasi yaxshilikka. Hayot zavqi kanali — hayotga bir nigoh, lekin yagona haqiqat emas

178 views

Objavljeno 31. jan.

Bir voqeylikdan olgan katta xulosam. “Xalq uchun xizmat qilaman, adolat uchun yashayman” deb bong uradigan bloger va jurnalistlarni ko‘rib, ko‘pincha ularni ikki toifaga ajrataman: o‘ta sodda va o‘ta mug‘ombir. O‘ta soddasi chin dildan ishonadi. Kamera oldiga chiqib, olomonning hissiyotini qo‘zg‘atadigan balandparvoz gaplar aytadi. O‘zini hammadan aqlli, hammadan dono, qonunni hammadan yaxshi biladigandek tutadi. Tanqidni me’yoridan oshiradi, chegarani sezmaydi. Oxir-oqibat panjara ortiga tushadi. Eng achinarlisi — kecha uni “qahramon” qilgan olomon bir haftadan keyin boshqa mavzu bilan yashay boshlaydi. U esa yolg‘iz qoladi. O‘ta mug‘ombiri esa juda yaxshi hisob-kitob qiladi. Biladi: xalq hissiyoti — eng tez yonadigan, lekin eng tez so‘nadigan olov. Shu olovdan foydalanib, o‘rtacha tanqid qiladi, muxlis to‘playdi, o‘ziga “qahramon” obrazi yasaydi. Qadamini ehtiyot bosadi. Chunki u bitta xatolik bo‘lsa, olomon baribir ko‘pi bilan bir hafta eslashini juda yaxshi biladi. Bu xulosaga men kitobdan emas, hayotdan kelganman. Talabalik paytim. Qo‘limda bir oylik avtobus chiptasi. Kechki payt, soat 21:45 lar atrofida. Toshkentda avtobusda yarim manzilga yetganda konduktor: “Proezdnoy o‘tmaydi”, dedi. Hamma jim. Men esa “nega o‘tmaydi?” deb e’tiroz bildirdim. Shunda bir yo‘lovchi opa: “O‘tmaydi bo‘ldida, shunaqa gapni qo‘ysangiz bo‘lmaydimi?” dedi. Aslida men faqat o‘zim uchun emas, hamma uchun gapirgandim. Lekin odamlar nohaqlikni emas, tinchlikni tanlashdi. O‘sha payt tushundim: yolg‘iz odamning haqligi yetarli emas ekan. Agar o‘sha avtobusda kamida o‘n kishi “to‘g‘ri aytyapti” deganda, proezdnoy bemalol o‘tardi. Bu voqea men uchun juda katta maktab bo‘ldi. Shundan keyin bitta muhim xulosani hayot qoidasiga aylantirdim: olomonsiz qahramonlik — qahramonlik emas, o‘zini qurbon qilish xolos. Shu xulosa meni yuqoridagi “nodon qahramon” obraziga tushib qolishdan saqladi. Ba’zan sukut ham dono qaror bo‘ladi. Ba’zan esa to‘g‘ri gapni aytishdan oldin, yoningda nechta odam borligini hisoblash kerak bo‘ladi. Hayot shuni o‘rgatdi: adolat yolg‘iz baqiriq bilan emas, ongli ko‘pchilik bilan keladi. Hayot zavqi kanali — hayotga bir nigoh, lekin yagona haqiqat emas

419 views
123•••89
PrejšnjaStran 1 od 9Naslednja