Maudhui
Karim Bahriyevning nadomati Bugun taniqli jurnalist, tarjimon, shoir va publitsist Karim Bahriyev olamdan o‘tdi. Marhum 64 yoshda edi. Yaratgan bu insonning oxiratlarini obod qilsin, yaqinlariga sabr-u jamil ato etsin. Ustoz jurnalistni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib borganlar yoki uning vafoti haqida endigina eshitib, internetdan ma’lumot qidira boshlaganlar, albatta, Karim Bahriyevning Facebook sahifasida insultga uchragan kuni — 25-mart tongida joylashtirilgan eng oxirgi postiga duch kelishadi. Unda “O‘sha zamon hali umidlar bor edi” degan afsus ohangi sezilib turuvchi qisqa jumla va bir surat ilova qilingan. Suratda marhumning o‘zi, uning yonida huquq himoyachisi Abdurahmon Tashanov, jurnalist Anora Sodiqova va men aks etganmiz. Ko‘pchilik bu post va suratning asl mazmunini to‘liq anglamasligi tabiiy. Axir unda aks etgan insonlar kim, surat qachon olingan, o‘sha paytda qanday umidlar bo‘lgan, nima uchun aynan o‘sha damlar “umidli davr” sifatida eslangan — bularning barchasi keng jamoatchilik uchun noma’lum. Gap shundaki, bu surat 2023-yil 23-fevral kuni yozib olingan intervyu bilan bog‘liq. O‘sha suhbatda O‘zbekistonda so‘z erkinligining o‘sha davrdagi holati muhokama qilinib, uning rivoji uchun umidlar bildirilgan edi. Biroq turli sabablar, aniqrog‘i, ayrim kuchlarning aralashuvi tufayli bu intervyu efirga uzatilmay qolib ketdi. Bugun esa o‘sha intervyuda qatnashib, so‘z erkinligi kelajagidan umid bildirgan Karim Bahriyev oramizda yo‘q. Shu bois men ushbu intervyuni ayrim kamchiliklariga qaramay, montajsiz holda bo’lsa-da, e’lon qilishga qaror qildim. Umid qilamanki, Kun.uz tahririyati a’zolari va rahbariyati bu qarorimni to‘g‘ri tushunadi. Har holda, dastur e’lon qilinmay qolishida ularning zarracha aybi yo‘q. Bundan tashqari, qilayotgan ishimdan yagona maqsad — ustoz hayotlik chog‘larida efirga chiqmay qolganidan bir necha bor afsus bildirgan (hatto keyinchalik mediaga chiqmagani sababini shu voqea bilan bog’lagandilar) ayni suhbatni ommaga yetkazishdir. Bu intervyu orqali nafaqat uning fikrlarini, balki mamlakat uchun so‘z erkinligining naqadar muhim ekanini ham yana bir bor eslatishni istadim. Qolgani — O’ziga tavakkal. Marhum xalq taqdiri, hurriyati va so’z erkinligiga erishishidek buyuk orzusiga umrining so’nggi kunlariga qadar sodiq qoldi. Inna lillahi va inna ilayhi rojiun. @haqiqatdailyos