Gönderi içeriği
Kunlardan bir kuni Tomas Edison ismli bolakay maktabdan kelib onasiga ustoz berib yuborgan maktubni tutqazdi va “Buni o‘qituvchimiz sizga berib yubordi”, dedi. Ona maktubni o‘qir ekan, ko‘zlaridan yoshlar oqdi. Bundan xijolat yosh Tomas xavotirga tushib yig‘ining sababini so‘radi. Onasi mehribonlik ila javob berdi: “Sening kuchli qobiliyating bor ekan. Mana eshit: “O‘g‘lingiz o‘ta iqtidorli. Bizning maktab juda kichik va bunday aqlli bolani o‘qitish uchun o‘qituvchilarimiz yo‘q. Shuning uchun o‘g‘lingiz uyida ta’lim ola qolsin!”. Shunday qilib, Edison o‘z uyida onasidan ta’lim-tarbiya ola boshladi. Oradan yillar o‘tdi. Vaqti-soati yetib onasi vafot etdi. Onasining vafotidan keyin Edison (asrning eng buyuk ixtirochilardan biriga aylangan paytlarda) onasining narsalari turadigan javondan maktub topib oldi. Ancha yil o‘tgan bo‘lsa-da, maktubni darrov tanidi. Bu – o‘sha, maktabdagi ustozi yozib bergan maktub edi. Bir zum tarix og‘ushida qolgan Edison xatni o‘z ko‘zi bilan o‘qiy boshladi. Unda bunday deb yozilgan edi: “Sizning o‘g‘lingiz aqliy zaif. Boshqa bolalar bilan birgalikda uni o‘qita olmaymiz. Shuning uchun unga uyingizda ta’lim berishingizni tavsiya etamiz. Ertadan boshlab maktabga kelmasin!”. Edison ancha vaqtgacha yig‘isini to‘xtata olmadi. So‘ng xotiralar daftariga quyidagi so‘zlarni bitib quydi: “Tomas Alva Edison aqli zaif bolakay bo‘lgan. Faqatgina onasi sababli o‘z asrining buyuk daholaridan biriga aylangan.” Shu voqea oxirida albatta onalarga sharaflar deb yozish o‘rinli. Haqiqatdan ham, faqat onalarimiz bizni borimizcha qabul qiladilar, mehrini ayamaydilar va hamma narsani uddalashimizga ishonadilar. Lekin biz ham qanday ulug‘ kasb egasi ekanligizni unutmaylik, aziz ustozlar. O‘quvchimizning noyob, unikal tomonini ko‘rmay qolishimiz ham mumkin ekan. Bu bizning kamchilik hisoblanadi. Mayli husnixati go‘zal emasdir, harflarni bo‘g‘inlay olmas, balki e’tibor talab o‘quvchimiz boshqa qobiliyat egasidir. Balki chizgan rasmlari ajoyibdir, yoki mantiqiy va matematik masalalarni boshqa usullar yordamida ishlar yoki oddiy plastilin yordamida noyob haykallar yasay olar. E’tibor ila qarang! Quloq tuting! Bunday o‘quvchidan tezroq qutulay deb o‘ylamang! O‘quvchingiz o‘z vaqtining buyuk dahosiga aylanmasa ham, bugun uning qobiliyatini kerakli joyga yo‘naltirish uchun sizda imkoniyat bor. Ⓜ️anba: @muallimlar