Gönderi içeriği
2019-yil 15-avgustidan so‘ng, MTRK teledasturlarini raqamli televideniyening DVB-T2 standartida ko‘rish mumkin bo‘ladi. Eski (DVB-T) standartdagi tyuner va televizorlar ishlaydimi? Avvalo aytish kerakki, DVB-T2 standartida uzatilayotgan teledasturlarni eski — DVB-T standartidagi raqamli signallarni qabul qilishga moslashtirilgan televizor va tyuner qurilmalari qabul qila olmaydi. Hozir nodavlat («Mening Yurtim», «Milliy TV», «Uzreport TV», «Zo‘r TV», «Futbol TV», «Sevimli TV») telekanallari dasturlari O‘zbekiston hududlariga DVB-T2 standartida uzatilmoqda. Agarda televizoringiz ushbu nodavlat telekanallarini ko‘rsatayotgan bo‘lsa, bilinki, sizda DVB-T2 standarti ishlayapti. Kelgusida ishga tushiriladigan yangi telekanallar ham DVB-T2 standartida uzatib beriladi. Teletomoshabinlar diqqatiga! Shu sababli, DVB-T standartida uzatilayotgan raqamli teledasturlarni ko‘rib kelayotgan yurtdoshlarimiz DVB-T2 standartini qo‘llovchi qurilmalarni (tyuner yoki zamonaviy rusumdagi televizor) o‘rnatishlari lozim bo‘ladi. Shundan so‘nggina yangidan-yangi ishga tushirilayotgan telekanallarni tomosha qilishingiz mumkin. Eski avlod televizorlari yoki DVB-T standartidagi signallarni qabul qilishga moslashtirilgan televizordan foydalanuvchilar DVB-T2 standartidagi raqamli tyuner qurilmasini ulagan holda qo‘shimcha telekanallarni ko‘rishlari mumkin. Tavsiya: Yangi televizor xarid qilayotganda, ushbu televizorda DVB-T2 standartida ishlaydigan tyuner bor-yo‘qligiga e’tibor qarating! Mahsulotning texnik tavsifida bu haqda batafsil axborot berilgan bo‘ladi. Bunday televizor raqamli televideniyega ulanish uchun ortiqcha qurilmalarni talab qilmaydi. Bugungi kunda mamlakatimiz va xorijda ishlab chiqarilayotgan aksariyat televizorlarda DVB-T2 standartida ishlaydigan tyunerlar mavjud. Eski rusumdagi televizorlardan foydalanuvchilar televizorga DVB-T2 standartidagi raqamli telesignallarni qabul qiluvchi tyuner va standart antennani o‘rnatgan holda raqamli teledasturlarni ko‘rishlari mumkin. Diqqat, yangilik! O‘zbekiston Respublikasi prezidenti qaroriga asosan, 2019-yilning 1-sentyabr kuni O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining yangi «O‘zbekiston tarixi» telekanali dasturlari efirga uzatila boshlanadi. «O‘zbekiston tarixi» telekanali dasturlari yuqori sifatli HD formatida hududlarga DVB-T standarti orqali uzatilishi yo‘lga qo‘yiladi. Keyinchalik ushbu DVB-T standartida ishlovchi teleuzatgichlar modernizatsiya qilinib, bosqichma-bosqich DVB-T2 standartiga o‘tkaziladi.