Inhalt
#ijtimoiy Kecha 28-avgust kuni “Milliy tiklanish” partiyasi Markaziy kengashida “Qadriyatlar va Yangi O’zbekiston orzusi” mavzusida davra suhbati bo’lib o’tdi. Ushbu suhbatda men ham o’z fikrlarim, qarashlarim bilan ishtirok etdim. Asosiy fikrlarim Yangi O’zbekiston fenomeni mavzusida bo’ldi. Bundan tashqari davra suhbatida milliy qadriyatlar va ularning jamiyatdagi o’rni, mustaqil davlatning rivojlanish yo’lida milliy o’zlikni anglash va mustahkamlash masalalari yuzasidan fikr almashildi. Suhbatda yoshlardan biri Xitoyda yashab kelgani, u yerda davlatni rivojlantirishga kattadan tortib kichikka qadar barcha chin dildan harakat qilishi, Xitoy 2049-yilgacha o’zining rivojlanish strategiyasida har sohada dunyoning 1-raqamli davlati bo’lish maqsadi yotishini aytdi. Bizda buni qanday amalga oshirsa bo’ladi, deya savolini yakunladi. Xayolimga kelgan birinchi so’z vatanparvarlik bo’ldi. Qaysiki xalqda vatanparvarlik hissi kuchli, chuqur bo’lsa, uning yuksalishi ham tez bo’ladi, nazarimda. Oddiy yo’l xavfsizligini olaylik. Haydovchilar radar bo’lgani uchun tezlikni kamaytirishadi, inspektor turgani uchun xavfsizlik kamarini taqishadi. Yo’l ta’miri ham oxiriga kelganda chala yakunlanadi-qoladi. Buni oxiriga yetmagan asfalt, yo’l ajratuvchi chiziqlarda ko’rish mumkin. Nega haydovchilar aynan qo’rquv ortidan, jarimaga tushmaslik sababi ortidan qoidaga rioya etishadi? Avvalo o’z jonining xavfsizligi birinchi o’rinda bo’lishi kerakmasmi? Agar shahar markazidamas, chekka manzillarda ulov haydashsa, kuzatuv kameralari yo’qligi ularning bemalol istalgan tezligida yurishiga sabab bo’ladimi? Vatanparvarlik ham aslida shunday. Biron taqiqdan qo’rqqaningiz, yo noningiz shuning ortidan kelayotgani uchunmas, aynan o’zingiz uchun kuyinishingiz, harakat qilishingizdir. O’zingizdan boshlangan harakat bevosita Vatan taraqqiyotiga ham hissa qo’shadi. Buning uchun yurak yonib tursa bas. Uchrashuv haqida batafsil partiya ijtimoiy tarmoqlaridan bilishingiz mumkin. @Uzbekxonim