Inhalt
#bayram Bugun yurtimiz tarixidagi eng muhim kunlardan biri – O’zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligiga 33 yil to’ldi. Ushbu bayram bilan barchani chin dildan tabriklayman. Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabida direktor bo’lib ishlagan vaqtimda, o’quvchilarimiz nafaqat badiiy ijodda, balki turli sohalarda iste’dodlarini sayqallashlariga guvoh bo’lgandim. Yuqoridagi rasm ham ana shunday iste’dodli o’quvchilarimizdan biri Qahramonova Amina qalamiga mansub. Rasmni ilk bora ko’rganimda, xayolimga kelgan ma’no – shaxs mustaqilligi bo’lgan. Odamlarining huquqi, fikrlash tarzi, hayoti mustaqil bo’lgan davlat ham o’z-o’zidan ozod va obod bo’ladi. Aminaning rasmi esa kuni kecha bayram tantanalarida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning: "Men hurmatli ota-onalarga qarata aytmoqchiman: qizlaringizni o‘qiting, orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarishlarida ularga ko‘makchi bo‘ling! Ulug‘larimiz aytganlaridek, o‘g‘il bolani o‘qitsak, bir kishi savodli bo‘ladi. Qiz bolani o‘qitsak, butun oila, butun jamiyat bilimli bo‘ladi!”, degan so’zlarining yaqqol tasviridek tuyuldi. Men ushbu fikrlarga qo’shimcha qilmoqchimanki, shaxsiy hayot tajribamga ko’ra qizlarni o’qitish nafaqat ularning ota-onasiga, balki ikkinchi oila muhiti – qaynota-qaynona, turmush o’rtog’ining qo’llab-quvvatloviga ham bog’liq. Parij – 2024 Yozgi olimpiadasi chempioni Diyora Keldiyorovaning hayotiy hikoyasi ham bunga dalil bo’la oladi. Yonib kelayotgan, o’qib-o’rganishga chanqoq qizlarning ko’pchiligi turmush qurganidan keyin so’lib qoladi. Agar qizlarimiz mustaqil fikrli, mas’uliyatni his qiladigan, o’z orzulari ortidan qadamma-qadam yuradigan bo’lsa, ularni hech bir kuch to’xtatib qolmaydi. Qizlarimizning o’qishi uchun yaratib berilayotgan shart-sharoit juda kamdan-kam davlatda uchraydi. Keyingi masala bo’lib ularni ichki tarafdan, ya’ni oila muhitidan turib qo’llash, motivatsiya berish qolmoqda xolos. Bobolarimizning azaliy orzusi mustaqil O’zbekistonni ko’rish, unda yashash bo’lgan va bu orzu uchun kurashdan, harakatdan to’xtashmagan. Fikrimcha, asl mustaqillik – orzuyingdan voz kechmay unga tomon matonat bilan intilish va erishishdir! @Uzbekxonim