Inhalt
"Ayol. Tarix. Tamaddun" — o’tmish va kelajak o‘rtasidagi ko‘prik 4-noyabr kuni Samarqand shahrida YUNESKOning 43-sessiyasi doirasida “Ko‘p tomonlama hamkorlik orqali gender tengligini rivojlantirish” nomli seminari bo’lib o’tdi. Ushbu seminarda "Ayol. Tarix. Tamaddun" nomli kitob-albomning taqdimoti o’tkazildi. Bu loyiha O‘zbekiston tarixidagi 100 mashhur ayollarning jamiyat, davlatchilik va madaniyat rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini yoritishga qaratilgan. O‘zbekiston Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan nashr etilgan ushbu kitobni Bosh vazir o‘rinbosari, Qo‘mita raisi Zulayho Mahkamova YUNESKOning gender tengligi bo‘yicha kun tartibi doirasida taqdim etdi. "Ayol. Tarix. Tamaddun" shunchaki kitob emas — u o‘tmish donishmandligini bugungi kun intilishlari bilan bog‘laydigan, sivilizatsiyamizni shakllantirgan ayollarning aqliy va ma’naviy qudratini namoyon etadigan madaniy ko‘prikdir. 🇺🇿 Albomda miloddan avvalgi VII asrdan milodiy XIX asrlarda yashagan 37 nafar tarixiy ayolning hikoyalari, shuningdek, 5 ta ramziy turkiy ayol timsoli va O‘zbekiston bo‘ylab ayollar nomi va merosi bilan bog‘liq 19 ta muqaddas ziyoratgoh haqida ma’lumotlar jamlangan. Har bir hikoya tarixchilar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan bo‘lib, haqiqiy arxiv manbalari asosida yaratilgan. Bu asar tariximizning unutilgan qahramon ayollarini — jasorati, aql-u zakovati va yetakchiligi bilan avlodlarni ilhomlantirib kelayotgan ayollarni qayta kashf etishga qaratilgan. Ushbu kitobning mualliflaridan biri ekanimdan mamnunman. Shuningdek, Gulnoz Mo‘minova, Feruza Jumaniyozova, Nodirabegim Nurilloh, Tillaniso Nuryo‘g‘di, Mukarram Nurmatova va ayniqsa Guljamol Asqarova kabi jamiyatimizning faol ayollari ushbu kitob ustida ter to’kishdi. ✨ Umid qilamanki, bu kitob ayolning ta’siri oilasidan-da kengroq ekanini — u sivilizatsiya, donolik va taraqqiyot kuchi ekanligini eslatib turadi. Fotolar: Husniddin Ato @Uzbekxonim