Inhalt
#kitobxonlik Kecha “O’zbekiston tavalludi”, “Turkistonda Jadidchilik” kitoblari muallifi, tarixchi olim Adib Xolid bilan uchrashuv bo’lib o’tdi. Olim bilan ilk uchrashuvimiz 2017-yil martida bo’lgandi. U vaqtlar uchrashuvda qatnashishning o’zi ham sanoqli kitobxonlarga nasib etardi. Esimda, Milliy kutubxonada bo’lgan uchrashuvga kira olmay Kitob olami do’konidagi tadbirda qatnashgandik. Oradan 8 yil o’tgan ekan, nimalar o’zgargan? Men birinchi sezgan farq – kitobxonlar auditoriyasining dadilligi va dunyoqarashi kutganimdan-da kengligi. Yig’ilishga aynan tarixchi olim asarlari bilan tanishgan, o’qigan, izlangan auditoriya yig’ilibdi. Biz jadidlarni faqatgina adabiyot vakili yo ma’rifatparvar sifatida emas, balki mustabid tuzumiga qarshi kurashgan, o’zbek xalqi shakllanishida asosiy qahramonlar sifatida bilamiz. Biroq shu bilan birga ularni ilohiylashtirmasdan, jadidlarning ham xato-kamchiliklari bo’lganini, Turkistondagi jadidchilik oqimini faqat bir hudud doirasida emas, balki mintaqa, musulmon hamda global davlatlar miqyosida o’rganishimiz lozimligini Adib Xolid ham ta’kidlab o’tdi. Shuningdek, bugungi zamonaga jadidlar kerakmi, degan savolga, jadidlar aynan mustabidga qarshi turuvchi ziyolilar hisoblangani, ya’ni ziyoli, ma’rifatparvar bo’lishning o’zi kishini jadid ekanligini anglatmasligini, bugungi kontekst esa umuman boshqa muhit ekanini muallif ta’kidlab o’tib, javob berdi. “Turkistonda jadidchilik” kitobi ilk bor 1998-yil nashr etilgan. Dastlab asar muallifning PhD tadqiqoti bo’lgan, shuning uchun ham balki alohida e’tibor bilan ishlangandir. Mana oradan 27 yil o’tib o’zbek tiliga tarjima qilindi. Adib Xolidning ta’kidlashicha, agar asar yozilgan vaqtidayoq o’zbek tiliga tarjima qilinganda bugungi kunga kelib katta o’zgarishlar bo’lmagan bo’lardi. Sababi kitob yozilishida manbalar bilan takror-takror ishlangan, akademik ishonchliligi ta’minlangan. Bugungi uchrashuvdan so’ng xayolimga kelgan ilk xulosam — rivojlanish, Renessans qachon sodir bo’ladi, qachonki erkinlik, aynan ilmga mustaqillik va rag’bat bo’lsa, yuz beradi. Agar biz haqiqatan ham akademik erkinlik ta’minlangan jamiyatni qurishni xohlasak, kitob mualliflari, tarjimonlari bilan ochiq suhbatlar tashkil etishni ko’paytirishimiz kerakligiga yana bir bor amin bo’ldim. Ana shunday uchrashuvni tashkil etgan “1000 Kitob” jamoasi va taklif uchun Yoshlar ishlari agentligi direktorining davlat tili bo’yicha maslahatchisi Saida Rashidovaga o’z minnatdorchiligimni bildiraman. *suratda Adib Xolid, tarixchi olim Jamshid Adilov va kamina 8 yillik farq bilan @Uzbekxonim