Inhalt
Nega O'zbekiston 200 yildan beri Periferiya holatida? Jahon tizimlari tahlili. Mashhur iqtisodchi-sotsiolog Valershteyn nazariyasiga ko'ra, dunyodagi barcha mamlakatlarni siyosiy va iqtisodiy qudrati bo'yicha uchga bo'lish mumkin. Bular: Yadro (Markaziy), Yarim-periferiya va Periferiya (Chekka) davlatlari. Yadro davlatlari – dominant iqtisodiyot va madaniy ta'sirga ega bo'lib, o'z g'oyalarini ilgari sura oladi, texnologiya va ishlab chiqarishga asoslangan xo'jalikka ega. Misol: AQSh, Buyuk Britaniya va Yaponiya davlatlarini keltirish mumkin. Yarim-periferiya – so‘nggi yillarda katta iqtisodiy o‘sishni ko‘rsatgan, katta aholi va potensialga ega, lekin hali ham xomashyo yoki tabiiy resurslar eksportiga bog‘liq va erkinlik darajasi nisbatan past bo‘lgan davlatlar. Misol: Xitoy, Rossiya, Turkiya. Periferiya – asosan tabiiy resurslar eksport qiluvchi, dunyo bozoriga ta'siri juda kam, boshqa yadro yoki yarim-periferiya davlatlarining ta'sirida qolgan va erkinlik darajasi juda past bo'lgan davlatlar. Misol: O'zbekiston va boshqa Markaziy Osiyo davlatlari. Periferiya holatidagi davlatlarning aksariyati totalitar tizimga qurilgan. Shu sababli iqtisodiyotda sun'iy monopoliyalar va oligopoliyalar shakllanadi. Iqtisodiy sektorlar hukumatga aloqasi bor shaxslar yoki hukumatning o'zi tomonidan nazorat qilinadi, proteksionizm va boshqa erkin bozor tamoyillarini bo'g'uvchi mexanizmlar faol ishlaydi. Bu tizimdagi davlatlar dunyo bozorida hech kim bilan raqobat qila olmaydi. Ba'zi avtoritar davlatlar, masalan, Xitoy, tez rivojlansa ham, yarim-periferiya darajasida qolib ketadi, chunki yadroga (markazga) to‘liq o'tish uchun albatta erkin institutlar kerak. Xulosa shuki, O'zbekistonning texnologik yetuk va iqtisodiy rivojlangan davlat bo‘lishi uchun erkin bozor va demokratik institutlar zarur. @req404