TGTGInsighttelegram-intelligenzLIVE / telegram public index
← Kuchsizlar kuchi
Kuchsizlar kuchi avatar

TGINSIGHT POST

Post #133

@kuchsizlarningkuchi

Kuchsizlar kuchi

Ansichten434Anzahl der Ansichten
Gepostet20. Juli20.07.2025, 00:36
Beitragsinhalt

Inhalt

“Adolatga ishonch yo‘q” degan jamiyat: materialistik manizm qanchalik xavfli mafkura? Bugungi jamiyatda sud, prokuratura, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va umuman davlatning adolatni ta’minlovchi institutlariga ishonch yo‘qligi — real fakt. Bu oddiy norozilik emas. Bu — ong darajasidagi sindrom. Fuqarolar qonunga ishonmaydi. Qonunning ishlashiga emas, uning kim qo‘llashiga qaraydi. Sud qaroridan adolat emas, “aloqa” yoki “buyruq” izlaydi. Shuning uchun jamiyatda quyidagi xavfli qarash keng tarqaldi: “Qonun degani yo‘q. Adolat — kuch kimda bo‘lsa, o‘shaniki.” “Huquq — siyosiy niqob. Qonun — kuchli tarafini oqlaydigan hujjat.” “To‘g‘ri gapdan foyda yo‘q. Advokatdan ko‘ra tanish kerak.” Bu fikrlar shunchaki norozilik emas — bu dunyoqarashga aylanmoqda. Yana eng xavflisi — bu dunyoqarash o‘zini “realizm” deb oqlaydi. Nega bu holat yuzaga keldi? Materialistik manizmga ko‘ra — ong tug‘ma emas, tajriba orqali shakllanadi. Jon Lok: “Inson ongi tug‘ilganda bo‘sh. Faqat hayotdagi kuzatuv va hissiyotlar bilan to‘ladi.” Aynan shuning uchun bugun fuqarolar ongida quyidagi “bilim” shakllanmoqda: “Qonun ishlamaydi. Sudlar sotiladi. Adolat kuchga qaraydi.” Sababi? Chunki ular amalda boshqa tajriba ko‘rmagan. Sudda haq topmagan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlarda himoya emas, bosim sezgan. Demak, materialistik manizm asosidagi tajriba — faqat adolatsizlik bo‘lsa, natijada ongda adolat tushunchasi emas, adolatga befarqlik shakllanadi. Ammo bu xavfli. Juda xavfli. Chunki adolat — tajriba emas, ichki talab bo‘lishi kerak. Odamlar qonunni faqat ishlagani uchun emas, ishlashiga ishonch bilan amal qilishi kerak. Qonun — odamlar ongida tug‘ilgan “haqiqat” emas. U — ongni yo‘naltiradigan norma bo‘lishi kerak. Aks holda, har kim o‘z tajribasi asosida o‘z “haqiqatini” yaratadi. Natijada, jamiyatda ming xil adolat, ming xil qonun talqini, ming xil muomala o‘lchovi paydo bo‘ladi. Bu — huquqiy arxitektura emas. Bu — axloqiy anarxiya. Adolat — faqat tajribaga asoslansa, unda kuchlilar adolatni o‘z foydasiga quradi. Qashshoqlar, oddiy fuqarolar esa uni faqat orzu qiladi. Shu sabab, biz materialistik manizmni rad etishimiz kerak. Tajriba — haqiqat mezoni emas. Aksincha, haqiqat — noto‘g‘ri tajribalarni yo‘q qilish uchun mavjud bo‘lishi kerak. Qonun — faqat tajriba orqali isbotlangan instrument emas. Qonun — sodir bo‘lishi lozim bo‘lgan haqiqatning ramzi. Adolat — mavjud tajribadan emas, yuksak tamoyillardan kuch olishi kerak. Aks holda, fuqarolar ongida adolat emas, ochiq ko‘rinmas kinoya yashaydi: “Adolat degan narsa bor. Faqat menga emas.” Bunday jamiyatda qonun yo‘qolmaydi — u faqat masxara bo‘ladi. Ishonch yo‘qolganda, qonunning mavjudligi hech narsani anglatmaydi. Bugungi vazifa — qonun ishlashini emas, unga ishonch shakllanishini ta’minlash. Tajriba asosida shakllangan befarqlikni, adolatsizlikni, norozilikni — ongda yengish mumkin. Ammo buning uchun huquqning o‘zi emas, uning mazmuni, ko‘rinishi, tutumi o‘zgarishi kerak. Qonun ishlamagan jamiyatda ong o‘zini himoyalaydi — u ishonmay qo‘yadi.Shuning uchun qonunni kuchaytirishdan avval — ongni qutqarish kerak. Huquqshunos Javon­sher Rusta­mov @u_generalissimus